Линклар

O‘zbekistonda tanilgan uch nafar yakkaxon ashulachi va ikkita musiqiy guruh litsenziyadan mosuvo qilindi. Shuningdek 7 xonandaga hayfsan berildi.

“O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining 18 iyun kuni qabul qilgan MR-11/1-sonli buyrug‘ida “Mustaqillikning 22 yilligi bayramini o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarorini to‘liq anglab yetmay, bayram tantanalari uchun yangi qo‘shiq tayyorlash borasida jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygan bir qator estrada xonandalari” ning jazolanishi aytilgan.

Mzakur buyruqqa ko‘ra¸ O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, "Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jayev, xonanda Dilshod Rahmonov, "Ummon” va "Mango” guruhlari xonandalari litsenziyadan mahrum qilindi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Izzatilla Ibragimov, Sobirjon Mo‘minov, Alisher Turdiyev, Ravshan Komilov, Toir Qo‘ziyev, "Nihol” mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva va xonanda Farhod Saidovlar esa qattiq ogohlantirildi.

“O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasi nashrida e‘lon qilingan bildirishda¸ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 12 iyun "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 22 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-1984-son Qarorini mensimagan ashulachilarning bundan oldin ham ogohlanirilgani ta‘kidlandi.

“Milliy estrada san‘atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashining 2013 yil 23 mart kuni o‘tkazilgan “O‘zbek estrada san‘atining rivojlanish jarayonlari haqida”gi 2-son yig‘ilishida hozirgi kunda Hukumatimiz tomonidan estrada san‘ati sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lib, ko‘pgina estrada xonandalari bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish o‘rniga uni suiiste‘mol qilishayotganligi, yosh xonandalar va ayniqsa, unvon olgan xonandalarda talabchanlik yo‘qolib, hotirjamlikka, o‘zibo‘larchilikka berilishayotganligi, aksar hollarda xonandalarining repertuaridan o‘rin olgan qo‘shiqlar mazmunan sayozligi, badiiy jihatdan bo‘shligi, musiqasi va ijro mahorati talab darajasida emasligi, xonandalar asosan to‘y-hashamlar bilan band bo‘lib, yangi ijod namunalari yaratishga yetarli e‘tibor qaratmayotganligi, shuningdek, milliy-ma‘naviy qadriyatlarimizga, odob-ahloq me‘yorlariga va mentalitetimizga zid bo‘lgan qo‘shiqlar yaratilib, efirga uzatilayotganligi keskin tanqid qilingan edi¸” deyiladi “O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasi nashrida 18 iyun kuni e‘lon qilingan axborotnomada.


Haddan oshmaslik mujdasi


“O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining o‘z ismini aytmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda ayrim qo‘shiqchilar topgan puli¸ shon-shuhrati va kriminal olamdagi soyabonlariga ishonib¸ davlat tadbirlarini mensimay qo‘yganini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday “mashhur” artistlar bayram tadbirlarini tayyorlayotgan rejisserlarni oshkora haqorat qilishgacha borib yetmoqda:

-Ular bilan tuzilgan litsenziya shartnomasida davlat tadbirlarida ishtirok qilishi borasida band bor. Ular litsenziya shartlarini qo‘pol buzishayapti. Repititsiya va progonlarni ignor qilishyapti. Bunday holatda chora ko‘rmaslik¸ bu sohada xaos va anarxiyaga olib keladi. Haliyam ko‘pchilik hayfsan bilan qutuldi¸ deydi “O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasi mulozimi.

Ozodlik muxbiri litsenziyadan mosuvo qilingan ashulachi va musiqiy guruhlar vakillari bilan ham suhbatlashdi.

Suhbatdoshlarning deyarli hammasi “bu mavzuda yozmasligimizni” iltimos qilib¸ “muammoni mulozimlar bilan tinchgina hal qilish" yo‘lida harakat qilishayotganini” aytishdi.

“Mustaqillik bayramini mensimagani” sabab qilinib litsenziyadan mosuvo qilingan “Ummon” va ”Mango” guruhidagi manbalar Ozodlik bilan suhbatda ba‘zi tafsilotlarni aytib berishdi.


Paxtaga bormagan ashulachilar qora ro‘yxatga kiradi


Suhbatdoshlar bir vaqtning o‘zida bir necha davlat tadbirida qatnashish borasida buyruq kelishi bois¸ hammasini qilishning iloji yo‘qligini aytishdi:

- Bir vaqtning o‘zida turli vazirlik yoki boshqa davlat tadbirlarida ishtirok qilishga buyruq olamiz. Bu orada yana to‘y¸ kinoda suratga tushish¸ fonogramma yozish kabi mashg‘ulotlar bor. Bitta davlat tadbiriga borsak¸ qolganlari bizdan gina qilishadi¸ deydi o‘z ismi aytilmasligini o‘tinib so‘ragan manba.

Suhbat asnosida ashulachilarning yuqori martabali amaldorlar to‘yiga bora olmasligi ham adovatga zamin bo‘lishi haqidagi ma‘lumotlarni oldik.

Litsenziyadan mahrum qilingan ikki guruhdan birining ismini aytmagan vakili “paxtaga bormagan ashulachilar qora ro‘yxatga kiritiladi”¸degan fikrda:

- Oldin bitta narsa bo‘lgan aka. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan "san‘atkorlar paxta terimchilariga borib¸ kontsert qilsin"¸ degan joyi bo‘lgan edi. O‘shanga paxta terimlariga, xullas bir kun bittasi telefon qilib “Aka, xizmat bor” dedi. “Qayerda?” desam, “Chinozda” dedi. “Aka, bizning vaqtimiz yo‘q. Klip syomkamiz bor”. “Yo‘q, borib bermasanglar bo‘lmaydi. Mana shuncha pul berarkan”. “Aniqmi? Sizlar ham bo‘lasizlarmi?” dedim. “Ha” dedi. Keyin 1000 dollar berdi qo‘limga. Ertasi kuni soat 9 da o‘rtoq boshliq hurmatli Azamat Haydarovich xonalariga chaqirtirdilar. “Nimaga davlat tadbiri paxta uchun pul olayapsizlar?”. “Biz paxtaligini bilganimiz yo‘q” deb srazu pulni qaytarib berib, undan tashqari Chinozga, To‘ytepaga, Yuqori Chirchiqqa, Davlat soliq akademiyasi kollejiga borib, xizmatlarni o‘tab, chiroyli qilib keldik. Lekin paxtaligini bilmaganmiz pul olayotganda. Shu tushunmovchilik bo‘lgan o‘rtada. Bundan boshqa ortiq tushunmovchilik bo‘lmagan. Lekin shu davrgacha aytilgan "yoshlar festivali" bormi, davlat tadbirlari bormi viloyatlarda, "Mehribonlik uylari" bormi, birinchi aytishlari bilan srazu borib beramiz¸ deydi suhbatdosh.

Litsenziyadan mosuvo bo‘lgan yana bir guruh vakili esa¸ estetik muammolar bois tushunmovchiliklar kelib chiqqanini bildirdi:

- Hozircha zapret hujjatini olganimiz yo‘g‘u lekin hozir shu nimada tushuntirish ishlari olib borilayapti. Uje yangi qo‘shiqni bugun¸ ertagacha taqdim qiladigan bo‘layapmiz. Imkoniyat berishdi hozir. Rahbariyatni xafa qilganimiz yo‘q, lekin bizlarning yo‘nalishimiz molodejniy. Asosan shoir va bastakorlar bilan o‘zimiz ishlamaymiz. Bizlarda bastakor ham, shoir ham guruh solisti Zohid Risqiyev. Olib borib berdik. Yil boshidan beri davlat tadbirlarida chiqishni o‘zimiz xohlaymiz. Lekin ashula olib borib beramiz, hech chiqish imkoniyati bo‘lmaydi. 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuniga olib borib berdik. 8 mart, keyin Navro‘zga olib borib berdik. Uch kun qolganda ashulamiz olib tashlandi, programmadan chiqarib tashlandi. Undan keyin Buxoro “Umid nihollariga” olib borib berdik. Ochilishida bordik. Undan ham olib tashlashdi. Keyin yopilishiga qo‘yishdi. yopilishida shaharda hurmatli o‘rtoq boshliq o‘zlari aytganlari uchun bu yoqda shaharda galakontsertda qoldik o‘sha kuni. To‘rtta ashula olib borgan bo‘lsak, to‘rttasi ham o‘tmadi. Hozir ikki kun muddat oldik. Ikki kun muddatda mustaqillik bayramiga ashula qilib beramiz¸ deydi ismi aytilmasligini istagan suhbatdosh.


Ashulachilar jilovi “O‘zbeknavo” qo‘lida


“O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining o‘z ismini aytmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda ashulachilar bilan ishlashning “o‘ziga Xos nozik” taraflari borligini aytib berdi:

-Bular bilan qattiq gaplashmasangiz bo‘lmaydi. Sal bo‘sh kelsangiz, kecha paydo bo‘lib uch-to‘rt muxlis orttirgan ashulachi sizni bemalol tortinmasdan haqorat qilaveradi. Bosar-tusarini bilmagan hofizlarni ramkada ushlab turish uchun “O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining litsenziya kelishuvi mavjud. “O‘zbeknavo” dan litsenziyasi bo‘lmagan birorta ashulachining qo‘shiq aytishga haqqi yo‘q, deydi mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra, "O‘zbeknavo" ashulachilarni litsenziyadan mosuvo qilishdan oldin ular bilan tarbiyaviy soatlar o‘tkazadi

Masalan, o‘tgan oyda “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasi o‘tkazgan majlisda ashulachilarning "ochiq-sochiq kiyinishi¸ behayo turmush tarzi" tanqid qilingan edi.

Majlisda o‘zbek militsionerlarini so‘kib Internetdagi Youtube.com portali qaxramoniga aylangan Abdulla Qurbonov taqdiri boshqa ashulachilarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi uqtirilgan.

Abdulla Qurbonovning odob doirasidan chiqqan holda militsiya xodimlarini "poraxo‘r" deb so‘kkani aks etgan videotasvir Internet va qo‘l telefonlarida tarqatilgach, qo‘shiqchi 22 fevral kuni litsenziyadan mosuvo qilingan edi.


“Zapret”dagi mashshoqlar


18 iyun kuni o‘nga yaqin ashulachi litsenziyadan mosuvo qilinib O‘zbekiston shou biznesidagi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shildi.

Bundan oldin O‘zbekistondagi ko‘ngilochar matbuot namunasi bo‘lgan Sayyod.Uz nashri “ZAPRETlar xit-paradi! Shohruhdan Yulduzgacha” degan maqolani e‘lon qildi.

Bu maqolada Farrux Zokirov¸ Sherali Jo‘rayev¸ Yulduz Usmonova ¸ Obid Asomov¸ Sevara Nazarxon¸ Shahzoda Matchonova¸ Shohruh rep¸ Feruza Jumaniyozova¸ Otabek Madrahimov¸ Ozoda Nursaidova¸Farrux Soipov kabi san‘atkorlarga qo‘yilgan taqiq sabablari haqida yozildi.

Nashrning yozishicha¸ aksar hollarda ashulachilarning davlat tadbirlari va mulozimlar to‘ylariga bormagani muammoga sabab bo‘lmoqda.

Ozodlikka ismini aytmaslik sharti bilan suhbat bergan Toshkentdagi “Istqilol” kontsert zalida ishlaydigan ayolning aytishicha, Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova hamda Abdulaziz Karimov kabi qo‘shiqchilar bilan shartnoma tuzmaslik borasida yuqoridan og‘zaki buyruq bor.

Ayni paytda¸ suhbatdosh buyruqning aynan qaysi tashkilotdan tushganini ayta olmadi.

Shov-shuv.uz nashri rahbari Jasur Hamroyevning Ozodlikka aytishicha, Yulduz Usmonova hamda Sherali Jo‘rayevlarga kontsert faoliyati taqiqlanmagan:

- Ularda birinchi darajali litsenziya bor. Bu ikkala san‘atkor uchun qo‘shiq aytish taqiqlanmagan. Shu o‘rinda ashulachi tiliga ehtiyot bo‘lsa, hech bir muammoga duch kelmaydi, degan gapni qo‘shib qo‘ymoqchiman. O‘zingiz tushunasiz, dedi Jasur Hamroyev.


Davlat tadbiridan qochmaydigan san‘atkor


“Uyqudagi go‘zal” qo‘shig‘i bilan tanilgan Sherbek Shodiyev Ozodlik bilan suhbatda davlat tadbirlarida ishtirok etishni o‘z grajdanlik burchi deb bilishini alohida g‘urur bilan ta‘kidladi:

- Men har doim davlatimiz o‘tkazayotgan tadbirlarga kechikmasdan borib chin dildan¸ astoydil xizmat qilaman. Men davlat tadbirlarida qatnashishni to‘ylar va tijoriy kontsertlardan ko‘ra yuqori qo‘yaman. Bunday sidqidil xizmatim bois¸ men hech qachon tanbeh eshitmadim. Boz ustiga¸ ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganman¸ deydi ashulachi Sherbek Shodiyev.

Suhbatdosh muloqot davomida “O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining O‘zbekiston mustaqilligi tantanalarini mensimagan ashulachilarga nisbatan qo‘llayotgan intizomiy choralarini to‘g‘ri deb hisoblashini ham qistirib o‘tdi.
XS
SM
MD
LG