Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:13

Prezidentning Jizzax safariga "obod mahallalar" barpo etildi


Prezident Karimov xush ko‘radigan namunaviy uylar.
Prezident Karimov xush ko‘radigan namunaviy uylar.
Islom Karimov 19 iyun kuni Jizzaxga, so‘ngra Sirdaryoga bordi. Karimov ilk bor viloyatlarga vertolyotda safar qildi. Mazkur tashrif arafasida Jizzaxda boshlangan namunaviy uylar qurilishini amallab tugatishga atrof viloyatlardan minglab quruvchi jalb qilindi va tongga qadar ishlatildi¸ deb xabar berdi Ozodlik manbalari.

Prezident keldiyu ketdi


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 19 iyun kuni ertalab Jizzaxga bordi. Jizzax viloyat hokimiyati binosi yaqinida yashaydigan jizzaxlik Rasuljonning aytishicha, prezident bu safar vertolyotda keldi:

- Ertalab vertolyot to‘g‘ri hokimiyat binosiga kelib qo‘ndi va ikki soatlardan keyin yana uchib ketdi. Prezident kelib-ketdi deyishdi, dedi Rasuljon.



Jizzax viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham Ozodlik bilan suhbatda prezident qisqa muddatda shaharda bo‘lganini tasdiqladi:

- Prezident Jizzaxda bunyod etilayotgan erkin iqtisodiy zona bo‘yicha loyihalar bilan tanishdilar, namunaviy uylar qurilishini borib ko‘rdilar. Keyin tezda yana uchib ketdilar, dedi hokimiyat mulozimi.

Quruvchilar tuni bilan ishladi


Prezident borib ko‘rgan namunaviy uylar shaharning Uchtepa dahasida qurilmoqda. Prezident kelishidan oldin bu uylar qurilishiga juda katta kuch tashlandi, deydi jizzaxlik inson huquqi faoli Mamirjon Azimov:

- O‘tgan yilda Uchtepa dahasida 100 ta namunaviy uy qurilgandi. Bu yil yana 50 ta qurilayapti. Prezident kelguncha bitirib ko‘rsatish uchunmi, bu qurilishga juda katta yordam kelgan. Toshkentdan 250 ta maxsus qurilish mashinalari keldi, chor atrofdagi qurilish idoralari ishchi va texnikalar bilan kelgan, deydi Mamirjon Azimov.

Huquq faoliga ko‘ra, prezident keladigan kun kechasi bilan bu qurilishlarda ish to‘xtamagan:

- Men kechasi soat 11larda o‘sha namunaviy uylar qurilayotgan ko‘chadan o‘tdim. Ish qaynayapti. Kamida o‘n ming odam ishlayaptiyov. Bir tomonda yo‘lni asfalt qilishayapti, bir tomonda sport maydonchalari qurishayapti, bir guruhi beton qoriyapti, bir guruhi chim bosayapti, archa ekib yotishibdi, hozir shu issiqda archa ko‘karadimi? Quruvchilar atrof viloyatlardan ekan. 25 tonnalik mashinalarda asfalt kelayapti. So‘rasam, Toshkent va Samarqanddan olib kelishayotgan ekan. Erta tongda yana borib ko‘rdim. Quruvchilar shunchalik charchaganki, ba‘zilari o‘tirgan joyida uxlab qolibdi, deydi Mamirjon Azimov.

Usti yaltiroq, ichi qaltiroq


Jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardayevning aytishicha, prezident bilan birga O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ham kelgan. Biroq, bosh vazir namunaviy uylarning qurilishidan norozi bo‘lganini gapirgan, dedi O‘ktam Pardayev:

- Namunaviy uylar qurilishida ishtirok etayotgan quruvchilardan eshitishimcha, Mirziyoyev "bu uylar juda ham sifatsiz qurilgan, bularni buzib qaytadan qurasan" deb, qattiq gapirib ketibdi, dedi O‘ktam Pardayev.

Huquq faoli Mamirjon Azimov ikki-uch kunda shuncha ish bajarilganidan xursand bo‘lganini aytar ekan, biroq shoshma-shosharlik bilan qilingan ishda sifat bo‘lmasligini ta‘kidlaydi:

- Gapning ochig‘i biz, jizzaxliklar, bundan xursand bo‘ldik. Prezident tez-tez kelib tursa yaxshi bo‘lar ekan, deyishayapti odamlar. Ikki -uch kunda ancha obod bo‘lib qoldi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Bu ishlar shunchalik sifatsiz qilinyaptiki, bir yildan keyin ahvolni ko‘rasiz. Bitta betonameshalka moshinni ko‘rdim, qayerdan bu beton deb so‘rasam, Forish tumanidan olib kelayapman dedi. Kuzatib tursam, shunday tuproqning ustiga beton to‘kishayapti. Ha bo‘l, ha bo‘l, bo‘layaptida, dedi Mamirjon Azimov.

Ozodlikning Guliston shahrida istiqomat qiladigan manbasidan olingan xabarga ko‘ra, prezident Islom Karimov Jizzaxdan so‘ng, Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumaniga kelgan. Toshkent-Samarqand avtomagistralining Oq oltin tumani orqali o‘tadigan qismi yopilgani va avtomobillarning Yangiyer shahri orqali qatnayotgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG