Линклар

logo-print
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi Qirg‘iziston bilan bo‘lgan chegaradagi voqeaga oydinlik kiritdi.

12uz.com saytining qo‘mita matbuot xizmatiga tayanib bergan xabariga ko‘ra, 19 iyun kuni tunda uch avtomobil Qirg‘iziston tarafidan Farg‘ona viloyatining Gulpiyon aholi punktidagi davlat chegarasini buzib, O‘zbekiston hududiga kirgan.

O‘zbek chegarachilari ogohlantiruvchi o‘q otishlarga to‘xtamagan qonunbuzarlarga qarata o‘t ochishgan.

Bir avtomobil to‘xtagani, qolgan ikkitasi esa Qirg‘iziston hududida yashiringani aytilmoqda.

Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, ushbu voqeadan so‘ng Qirg‘iziston tomonidan kelgan 30ga yaqin kishi o‘zbek chegarachilarini toshbo‘ron qila boshlagan. Natijada bir chegarachi og‘ir jarohatlar olgan.

Qirg‘izistonliklar yaralangan o‘zbek chegarachisini Qirg‘iziston hududiga olib ketmoqchi bo‘lgani, biroq yordamga kelgan O‘zbekiston harbiylari bunga yo‘l qo‘ymagani aytilmoqda.

Avtomobilni tashlab Qirg‘iziston hududiga qochib ketgan qonunbuzar olgan jarohatlaridan halok bo‘lgan.

Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasining bildirishicha, qonunbuzarlar avtomobillarda O‘zbekiston hududiga kontrabanda mollarini olib kirmoqchi bo‘lgan.

Halok bo‘lgan qirg‘izistonlikning 200ga yaqin qarindoshi va yaqini O‘sh-Botken yo‘lini to‘sib qo‘yib, qirg‘iz rasmiylaridan hodisani sinchkovlik bilan tergov qilish va O‘zbekiston bilan chegara chizig‘ini aniqlab olishni talab qildi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida bu kabi ko‘ngilsiz hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG