Линклар

Konfederatsiyalar kubogida Braziliya-Italiya uchrashuvini boshqargan o'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov o'yinda xatoga yo'l qo'yganini tan oldi.

Bu haqda FIFA matbuot kotibi Pekka Odriosola 23 iyun kuni ma'lum qildi.

- U hech kimdan kechirim so'ramoqchi emas. Uning xatoga yo'l qo'ygani aniq. Lekin u qanday vaziyatda qaror qabul qilganini tushuntirib berdi. Barchasi juda tez ro'y bergan. U penalti tayinlash uchun hushtak chalmoqchi bo'lib turganda ko'zining bir cheti bilan gol urilishi mumkinligini ko'rgan. Gol urilganidan so'ng esa uni hisobga olishga qaror qildi. Barchasi juda tez yuz bergan. Bu albatta xatodir, - dedi Pekka Odriosola matbuot yig'inida.
​ ​
Ayni damda qator sport nashrlari o'yinda qo'ygan xatolari uchun hakam Ravshan Ermatov va uning qanot assistentlari Konfederatsiyalar kubogidan chetlatilgani haqida xabar bermoqda. FIFA matbuot kotibi buni na tasdiqladi, na inkor etdi.

22 iyun kuni Braziliyaning Salvador shahrida o'tgan Braziliya-Italiya o'yini 4:2 hisobida mezbonlar foydasiga yakunlandi.

O'zbekistonlik hakam Ermatovning bahslarga sabab bo'layotgan xatosi o'yinning 70-daqiqasida yuz bergan. Braziliya jarima maydonchasida italiyalik Mario Ballotelliga nisbatan ishlatilgan qo'pollikdan so'ng hakam hushtak chalib, Braziliya termasi darvozasiga penalti belgilamoqchi bo'lgan. Ammo shu paytda italiyaliklar raqib darvozasini ishg'ol etishdi va Ravshan Ermatov golni hisobga oldi.


Eslatamiz, 35 yoshli o'zbekistonlik FIFA hakami Ravshan Ermatov Braziliyada o'tayotgan Konfederatsiyalar kubogida qanot hakamlari Abduhamidullo Rasulov (O'zbekiston) va Bahodir Qo'chqorov (Qirg'iziston) bilan birga xizmat ko'rsatmoqda.

Braziliya-Italiya uchrashuvi Markaziy Osiyodan borgan hakamlar uchun mazkur turnirdagi ilk o'yin bo'ldi.

Kuzatuvchilar Konfederatsiyalar kubogi Ravshan Ermatov uchun 2014 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati oldidan katta sinov ekanini aytishmoqda.

O‘zbekistonlik referi qator yirik futbol bellashuvlari, jumladan, 2010 yilda Janubiy Afrikada o‘tgan Jahon chempionati o‘yinlarini boshqargan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG