Линклар

logo-print
Facebook shirkati o‘z foydalanuvchilarining 6 millioniga oid shaxsiy ma‘lumotlar “dasturdagi xato tufayli” oshkor bo‘lgani haqida bildirdi.

Shirkat bu xatoni “Shaxsiy ma‘lumotlarni yuklash” ("Download Your Information") bo‘limidagi muammo bilan bog‘lamoqda.

Facebook mazkur muammo tufayli 6 million foydalanuvchining shaxsiy ma‘lumotlari, shu jumladan, telefon raqamlari va elektron pochta manzillari oshkor bo‘lganini ma‘lum qildi.

Shirkat vakillari ijtimoiy tarmoq xavfsizlik xizmati tomonidan tarmoqdagi muammo bartaraf qilingani, shaxsiy ma‘lumotlari oshkor bo‘lgan barcha foydalanuvchilar elektron pochtalariga esa Facebook nomidan maktub yuborilganini aytmoqdalar.

“Bu voqeadan ta‘bimiz xira bo‘ldi va biz noqulay ahvolga tushib qoldik. Bu kabi voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun biz endilikda ikki karra ko‘proq harakat qilamiz”, deyiladi feysbukchilar "uzrnoma"sida.

2004 yili Mark Tsukerberg va uning universitetdosh do‘stlari tomonidan asos solingan Facebook jahondagi eng yirik ijtimoiy tarmoq bo‘lib hisoblanadi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, bu tarmoqda 1,1 milliard foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Facebook tarmog‘i so‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar ichida ham ommalashib bormoqda. Hozirgi kunda bu tarmoqdan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar soni 150 mingdan oshgani aytiladi.

O‘tgan hafta Facebook ma‘muriyati AQShning maxsus idoralaridan tarmoq foydalanuvchilari haqidagi shaxsiy ma‘lumotlar so‘ralgan minglab so‘rovnoma olganini ochiqlagandi.

Facebook ma‘muriyatining huquqiy bo‘limi rahbari Ted Uliotning bildirishicha, 2012 yilning ikkinchi yarmida AQShdagi mahalliy va federal darajadagi josuslik xizmatlaridan 20 mingga yaqin akkaunt haqida ma‘lumot so‘ralmish 9-10 mingta shunday so‘rovnoma kelib tushgan.

Facebook shirkatining bu bayonoti AQSh Milliy xavfsizlik agentligi va Markaziy razvedka boshqarmasida ishlaganini iddao qilayotgan 29 yoshli Edvard Snouden maxfiy xizmatlar qo‘llaydigan kuzatuv usullari haqida matbuotga ma‘lumot sizdirganini tan olishi ortidan yangragan.

Snouden AQSh maxfiy xizmatlari Facebook, Google, Yahoo, Apple va Microsoft kabi yirik Internet shirkatlar serverlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish va foydalanuvchilar akkauntlari haqida ma‘lumot olish salohiyatiga egaligini iddao qilgan edi.

Snoudenga ko‘ra, AQSh maxfiy xizmatlari har bir amerikalikni kuzatishga qaratilgan josuslik mashinasini yaratayotgani bois bu ishga qo‘l urgan.

Kuni kecha AQSh federal prokuraturasi bir necha nashrga maxfiy ma‘lumotlarni sizdirgan Edvard Snoudenga qarshi ayblov e‘lon qildi va uning Honkongdan Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilinishi yo‘lida harakat qilayapti.
XS
SM
MD
LG