Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:28

Jizzaxda bir flyaga suv 2 ming so‘mga chiqdi


Jizzax viloyatining Paxtakor, Zafarobod, Do‘stlik va G‘allaorol tumanlarining ayrim hududlarida bir flyaga ichimlik suvining narxi 1 yarim ming so‘mdan 2 ming so‘mga qadar qimmatladi. Mahalliy hokimiyat mutasaddilari toza ichimlik suvining sotilayotganini inkor qilsada, bu tumanlarning ayrim qismida suv tanqisligini tan olmoqda.

Ozodlikka Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidan maktub yo‘llagan manba shu kunlarda tuman aholisi toza ichimlik suvi tanqisligi bois, kanal va zovurlardan oqayotgan suvni iste‘mol qilishga majbur qolayotgani haqida yozdi.

Ismi sir qolishini istagan manbaning yozishicha: "Zafarobod tumanining ba‘zi joylarida, ya‘ni, chekka xo‘jaliklarida zovur suvini ham ichishga majbur bo‘lishmokda. Bunga misol kilib, F.Xo‘jayev nomli xo‘jalikni misol kilib keltirish mumkin. Buning oqibatida har-xil kasalliklar kelib chiqmoqda".

Bu tumanlardagi zovurlar sobiq sovet zamonlarida paxta dalalariga o‘rnatilgan drenajlarda yig‘iladigan yahob va sizot suvlarini oqizish uchun qurilgan maxsus ariqlardir.

Jizzax viloyatining cho‘l va chala cho‘l hududlarida qazilgan bu zovurlar suvi, odatan sho‘r bo‘ladi. Bu suv iste‘mol uchun mutlaqo yaroqsiz hamda salomatlik uchun xavflidir.

Zafarobodlik manbaning yozishicha, zovur suvlarini ichishga majbur bo‘layotgan aholi orasida yuqumli kasalliklar tarqalishi ham kuzatilmoqda.

Tumanning suv quvuri yotqizilgan aksar hududlarida ham quvurlarning ishdan chiqqani va ayrim hududlarida chirib bitganini kuzatish mumkin.

"Ichimlik suvi keladigan quvurlar allaqachon chirib bo‘lgan, xalq esa gox kanaldan okib keladigan goxida uzoq-uzoq joylardan oqib o‘tadigan suvlardan tashib kelib suv ichishadi", deb yozdi ismi sir qolishi bilan Jizzaxning Zafarobod tumanidan xabar yo‘llagan manba.

Ozodlik muxbiri bu maktub ortidan bog‘langanida, Zafarobod va unga qo‘shni tumanlarda shu kunlarda toza ichimlik suvining bir flyagasi 1 yarim ming so‘mdan 2 ming so‘mga qadar qimmatlagani haqidagi ma‘lumotni ham oldi.

Jumladan, Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi faol Saida Qurbonova ushbu tuman markazining o‘zi ham toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta‘minlamaganini aytdi.

- Adashmasam, 2007 yoki 2008 yilda vodoprovod o‘tkazildi, deb qabul qilingan. Lekin tuman markazining o‘zidayam suv yo‘q trubalarda. Bir joylari kovlangan bo‘yicha, ochiq qolib ketgan. Mening uyimdan 2 kilometr narida krandan suv chiqadi. Eshak aravada tashib ichamiz. Lekin bolalarim uyda bo‘lmagan paytlarda bitta flyagasini 1 yarim mingdan 2 ming so‘mgacha sotib olgan paytlarimiz bo‘lyapti, dedi Saida Qurbonova.

Uning aytishicha, Zafarobod tumanida ham ayni manzara va aholining kattagina qismi hozir kanallardan oqayotgan suvni ham ichmoqda.

- Zafarobod tomonlarda tanishlarimiz yashaydi. Ular aytishadi, odamlar kanallardan oqayotgan suvni yillardan beri iste‘mol qilishib kelishyapti. Chunki, vodoprovoddan suv oqmaydi. Odamlar olib kelib beradigan suv qimmat, unga pul yo‘q. Bizning Paxtakorda ham kanaldan suv ichilayotgan joylar bor, dedi Saida Qurbonova.

Ozodlik muxbiri Paxtakor va Zafaroboddagi bir qator davlat tashkilotlari, jumladan, tuman hokimliklariga ham bog‘lanishga urindi.

Xususan, Zafarobod tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi, tumanning suv quvurlari yotqizilmagan hududlari borligini tan oldi va ayni damda shunday hududlarga quvur yotqizish ishlari ketayotganini aytdi.

Biroq aholining kanal va zovurlardan kelayotgan oqar suvni ichishiga majbur qolayotgani, ayrim hududlarda suvning sotilayotganiga oid savollarga javobni mutasaddi keyinga qoldirdi.

Zafarobod tumani "Suvoqova" ishlab chiqarish korxonasidan ham bu borada ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo Zafarobod tumanidagi davlat tashkilotlaridan birining o‘zini tanishtirishni istamagan vakili mustaqil manba yo‘llagan xabarni qisman tasdiqladi.

"Fayzulla Xo‘jayev, Chimqo‘rg‘on, Beruniy, Mustaqillik, degan sovxozlarimiz bor. U yerlarda polniy sotib olinadi. Fermerlar olib kelib sotadida. Endi satili (Chelak - Tahr.) qancha, flyagasi qancha - meni aniq bilmayman, to‘g‘risi. Bizda ham vodoprovodda suv yo‘q. Lekin bizga yaqin joyda suv chiqadi, tashib kelib ichamiz bizlar. Lekin suv chiqmay qolgan joylarda kanaldan ichishayotgan bo‘lishi mumkin", dedi Zafarobod davlat idoralaridan birining xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Shu kunlarda Jizzax viloyatida havo harorati 40 darajadan oshdi. Toza ichimlik suvi tanqisligi bu viloyatning Paxtakor, Zafarobod, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, G‘allaorol kabi tumanlarida bir necha o‘n yillik muammoga aylangan.

Bu tumanlarning ayrim qismlariga sobiq sovet zamonida "cho‘llarni o‘zlashtirish" kampaniyasi ortidan aholi ko‘chirib keltirilgan va o‘sha vaqtlarda bu hududlarga suv quvurlari ham yotqizilgan.

Hozirga kelib, zafarobodlik manba ta‘kidlagani kabi, suv quvurlarining aksariyati zanglab, chirib ketgan. Ayrim hududlarda toza ichimlik suvi quvurlari mustaqillik yillarida biror marta ham ta‘mirlanmagan.
XS
SM
MD
LG