Линклар

Kollejga kirayotgan yoshlarning o‘qishni tashlab, xorijga ishga ketmasligini ta‘minlash mas‘uliyati mahalla qo‘mitalari zimmasiga yuklatildi. Mahalla oqsoqollari bu borada har bir o‘quvchi uchun kafolat xati yozib, kollej rahbarlariga topshirayapti.


Kafolat xati bo‘lmasa, hujjat qabul qilinmaydi


O‘zbekistondagi barcha kollej va litseylarning qabul komissiyalari bo‘lajak talabalardan o‘zi yashaydigan mahalla qo‘mitasidan kafolat xati va tavsiyanoma talab qilayapti.

Buxorodagi kollejlardan birining ismini ochiqlamayotganimiz rahbariga ko‘ra, mahalladan kafolat xati bo‘lmagan o‘quvchi kollejga qabul qilinmaydi.

- Papkaning ichida bor hozir kafolat xati. Kafolat xati shu haqdaki, butunlay uch kurs – uch yil davomida to‘liq o‘qishiga kafolat berishi haqida kafolat xati. Uch yil hech qayerga olib chiqmaydi. Yosh qizlarni turmushga chiqarmaydi. Yigitlar Rossiya davlatiga chiqib ketmasligi haqida,- dedi Buxorodagi kollejlardan birining rahbari.

Talab qilinayotgan ushbu kafolat xatini mahalla oqsoqoli beradi, tavsiyanoma esa uch kishi - mahalla oqsoqoli, uning maslahatchisi va “Mahalla posboni” rahbari tomonidan imzolanishi lozim.


"Temir daftar" asosida ish yuritilayapti


Qo‘qondagi mahalla qo‘mitalaridan birining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, ular ham har bir bo‘lajak talabaga kafolat xati yozib berayapti.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu jarayonga doir "temir daftar" tutilib, shu asosida ish olib borilmoqda.

- O‘sha bo‘yicha daftar tutdik. "Temir daftar". "Temir daftar" bo‘yicha xuddi o‘sha ishni bajarayapmiz hozir. Bizda yo‘lga qo‘yildi. Har kuni, har kuni, har kuni shu mavzu bo‘yicha yig‘ilishlar, davra suhbatlari bo‘lyapti. Ishlayapmiz hozir. Qo‘qonda institutimiz bor - Qo‘qon pedogogika oliygohi. Shundan o‘qituvchilar bizga biriktirilayapti. Biz mana shular bilan birgalikda 9-sinf bitiruvchilarining xonadonlariga kirayapmiz. Kirib, qaysi kollejga dokument topshirdi, buni o‘rganayapmiz. Keyin o‘qishi davomida kuzatib boruvchi qilib, mahalladan yoki Qo‘qon instituti o‘qituvchisidan biriktirib qo‘yyapmiz,- dedi Qo‘qondagi mahallalardan birining xodimi.


O‘quvchi Rossiyaga ketsa, kafolat xati berganlar javobgarlikka tortiladi


Andijondagi mahalla qo‘mitalarining biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, agar o‘quvchi o‘qishni tashlab, xorijga ish izlab ketsa, kafolat xatiga imzo chekkan shaxslar O‘zbekiston ma‘muriy-javobgarlik kodeksining 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta‘lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin.

- Har bitta 9-sinfni bitiruvchi o‘quvchilarga kafolat xati qilinayapti, shu ketib qolmasligi uchun. Masalan, ota-onasi yoki biror murabbiy tomonidan yozilayapti. Men palonchi, pistonchi qizim bo‘ladi. Bu yil mana to‘qqizinchi sinfni tugatdi. Tugatib masalan, shu iqtisodiyot kollejiga o‘qishga kirmoqchi. Men shu qizimga to‘liq kafolat beraman o‘qishiga. Darslarni qoldirmaydi. Agar shu muntazam darslarni qoldirsa, men 47-modda bo‘yicha ogohlantirildim, degan mazmunda tilxat olinayapti. Kollejga kirdimi, o‘qishi kerakda. Hech qayoqqa, haligi boshqa ishga, Rossiyaga ketishi mumkin emas. Bosh vazirimiz ham, prezidentimiz ham aytdi-yu, shu hammasini nazorat qilasan. O‘qishini ta‘minlaysan. Kollejlarga joylaysan. Kollejni bitirgandan keyin ishga joylaysan deyapti-yu bularni,- deydi Andijondagi mahallalardan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Buxorodagi kollej rahbariga ko‘ra, o‘quvchi o‘qishni tashlab ketgan taqdirda ma‘suliyatni bo‘yniga olgan shaxslarga jinoiy ish ochilishi borasida barcha ogohlantirilgan.

- Bu yil 200ga yaqin o‘quvchi qabul qiladigan bo‘lsam, olib kelayotgan o‘qituvchisi, ota-onalarining bo‘yniga qo‘yilayapti. Keyin bu yerda o‘zim ham kafolat xati tayyorlaganman. O‘sha kafolat xatiga qo‘l qo‘yayapti. Ogohlantirdimki, o‘sha jinoiy ish qo‘zg‘ash ota-onalar ustidan. Ma‘muriy choralar ko‘rish. Hatto jinoiy ish qo‘zg‘agunga qadar, ana shu holatlarga olib kelishligi qayta-qayta uqtirildi,- dedi Buxorodagi kollejlardan birining rahbari.

Prezident Islom Karimov 18 iyun kuni Jizzaxdagi nutqi davomida Rossiyadagi mehnat muhojirlarini "dangasa"likda ayblab, ular qilayotgan ishlardan "odam jirkanishi"ni gapirdi.

Yuqorida suhbatlashganimiz mahalla qo‘mitalarining faollariga ko‘ra, prezidentning ushbu so‘zlaridan so‘ng maktab bitiruvchilarining xorijga ish izlab ketishining oldini olishga e‘tibor yanada kuchaygan.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yilda 533 ming 658 o‘quvchi 9-sinfni bitirgan. Ulardan 482 ming 427 nafari o‘qishni kasb-hunar kollejlarida, 51 ming 231 nafari esa akademik litseylarda davom ettirishi ko‘zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG