Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:44

O‘zbekistonlik taksichi politsiya bo‘limini "taran" qildi


Moskvada O‘zbekiston fuqarosi mashinada mahalliy politsiya bo‘limi darvozasini yorib kirdi. Politsiyachilar u o‘ta mast holatda bo‘lganini aytishmoqda. Politsiya Rossiyada mast holatda mashina boshqarayotgan muhojirlar soni ko‘payayotganidan xavotir bildirmoqda.

O‘zbek muhojiri politsiyaga mashinada kirib keldi


23 iyunga o‘tar kechasi soat 2:30lar atrofida Moskvaning Kuzminki tumani Ichki ishlar boshqarmasi temir panjara darvozasiga VAZ-2107 avtomashinasi kelib o‘rildi.

Mashina zarbasi tovushiga yugurib chiqqan politsiya xodimlari mashinada odatda ulardan yiroqroq yurishga o‘rganib qolgan o‘zbek muhojirini aniqlashgan.

Yosh Leninchilar, 96-uy manzili bo‘yicha joylashgan Kuzminki tuman politsiya boshqarmasida ro‘y bergan hodisa yuzasidan Ozodlikka qo‘shimcha ma‘lumot bergan Moskva bo‘yicha IIB navbatchi ofitseri Aleksandr Chistyakov o‘zbekistonlik “Shumaxer” nafaqat darvoza, balki darvoza ortida turgan mashinani ham pachaqlagan, deydi.

- 1987 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi VAZ-2107 rusumidagi avtomashinani boshqara olmasdan, Kuzminki tuman politsiya boshqarmasi darvozasiga kelib urildi. Undan keyin u shu yerda to‘xtash joyida turgan politsiya xizmat mashinasini ham pachaqladi. Keyinroq u mast holatda ekani aniqlandi,- deydi Moskva politsiya boshqarmasi rasmiy vakili Aleksandr Chistyakov.

Kuzminki tuman politsiyasining Ozodlikka bergan ma‘lumotiga ko‘ra, aslida mashinada o‘tirgan o‘zbekistonlik “mehmon” oyog‘ida tura olmaydigan holatda shirakayf bo‘lgan va darvozaga kelib urilganda hatto tormozni ham bosmagan.

Darvoza va mashinaga jiddiy shikast yetkazilganiga qaramasdan, haydovchining biror joyi lat yemagani aytilmoqda. Olingan dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik 26 yoshli uchqir izvosh Moskva shahrida qaydda turmagan va mehnat faoliyatini tasdiqlovchi rasmiy ruxsatnomaga ega bo‘lmagan.

“Deportatsiya bo‘lishdan oldin u avvaliga bizga yangi darvoza qo‘yadi, keyin pachaqlangan mashina remontini to‘laydi. Ana undan keyin sud mast holatda mashina haydagani uchun o‘z qarorini chiqaradi”, dedi Kuzminki tuman politsiyasining navbatchi xodimi.

Kuzminki politsiyasi tomonidan ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonlik Moskvada aynan shu mashinada taksichilik qilib, kun ko‘rib yurgani ma‘lum bo‘ldi.

Hozirda politsiya kamerasida o‘ziga kelayotgan haydovchi yigitga nisbatan chora qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

“Ichkilik kasofatga olib keladi”


“International Wine & Spirit Research” tadqiqot markazi tayyorlagan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston aroqni eng ko‘p iste‘mol qiluvchi 10 davlat ro‘yxatidan joy olgani va 2012 yilning o‘zida mamlakatda hammasi bo‘lib 130 million litr aroq ichilgan va kishi boshiga 4,4 litr ichkilik to‘g‘ri kelgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Aytish joyizki, bu hisob-kitoblarga o‘zbekistonlik muhojirlar Rossiyada iste‘mol qilayotgan spirtli ichimliklari kiritilmagan.

O‘zbek muhojirlarining Rossiya yo‘llarida mast holatda avtohalokatga tushishi holatlari tez-tez uchrab turibdi.

O‘tgan yilning 11 may kuni Rossiya poytaxtining markazidagi Chistoprudniy bulvar, 13-uy yaqinida, ertalabki soat 7:00 da yuqorida zikr etilganga o‘xshash hodisa ro‘y bergan edi.

1988 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik bu haydovchi ham “taksichilar mashinasi” yoki “rus mersedesi” nomini olgan VAZ-2107 rusumidagi avtomashinasida yo‘l yoqasida turgan politsiya PAZigiga kelib urilgan edi.

Voqea joyiga yetib kelgan yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari o‘zbekistonlik haydovchi hech qayerda rasman ishlamasligi va noqonuniy tarzda taksichilik qilib yurishini aniqlagan. Politsiyachilar xizmat avtobusiga mashinasida kelib urilgan o‘zbek muhojiri mast bo‘lganini taxmin qilishgan edi.

Rossiyada ko‘p yillardan buyon katta yuk mashinasida haydovchilik qilib yurgan andijonlik Abdulhay aka aynan muhojir yigitlar bilan bog‘liq avtomobil yo‘llarida nohush hodisalarning ko‘payib borayotgani sabablarini bunday tushuntiradi.

- Birinchidan, yoshlarimiz o‘zimizdagi qonun-qoidani bilmaydi, o‘qimagan. Bu yerda ham pravani pulga olyapti. Qonun-qoidani bilmagandan keyin to‘xtab qoladi. Masalan, mahalliy ruslar ham yo‘l uniki – katta mashinani ko‘rib to‘xtab qoladi. “Ha, juda ko‘p o‘qivorgan ekansan!”, deb qo‘yaman. Shunga o‘xshab, biznikilar ham shu ahvol. Bu bolalar nimaga kelganini tushunib ololmayapti! Ozgina cho‘ntagiga pul tushib qolsa ichkilik, qizlarga ketib qolish, bema‘ni yo‘llarga kirib ketyapti. Ana shuning uchun “O‘zbek unday qildi, tojik munday qildi”, gaplariga qolib ketyapti.

Temirning piri bo‘ladi: shuning uchun biz ham moshinaga chiqsak, Inshalloh tahorat bilan chiqamiz. Bu bir daqiqada bo‘ladigan narsa-da! Shuning uchun, bu yerlarga kelib pokiza yurmadiki, kasofatga yo‘liqaveradi -- bu aniq narsa,- deydi ko‘p yillik tajribaga ega shofyor Abdulhay aka.

Rossiya Davlat avtomobil inspektsiyasi so‘nggi yillarda mamlakat ko‘chalarida yo‘l harakati qoidalari ko‘proq muhojirlar tarafidan buzilayotgani, ularning o‘z mamlakatlarida haydovchilik guvohnomalarini qanday yo‘l bilan olganliklari borasida savollarni yuzaga keltirganiga e‘tibor qaratmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunga yaqinda kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, haydovchi bo‘lib ishlamoqchi bo‘lgan mehnat muhojirlari bundan buyon shu mamlakat haydovchilik guvohnomasini olishlari kerak bo‘ladi.

Rossiyada olingan haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan mehnat muhojirini haydovchi sifatida ishga yollaganlar esa 50 ming rubl miqdorida jarimaga tortilishlari mumkin.

Bu qoida joriy yilning oktyabrida kuchga kirishi xabar qilindi.

Rossiyaning o‘zida alkogol ichimliklari yo‘l harakati hodisalarining asosiy sabablaridandir: 2012 yilning birinchi yarmida Rossiyada mast holatda bo‘lgan haydovchilar bilan bog‘liq 4 mingga yaqin avtohalokat ro‘y bergan, unda 522 kishi nobud bo‘lgan, 6 mingga yaqin odam jarohat olgan.
XS
SM
MD
LG