Линклар

logo-print
20 iyun kuni huquq-tartibot idoralarining "qora niqobli"lar maxsus guruhi Toshkentdagi "Drujba Burger" tarmog‘ining o‘nga yaqin kafelariga bir paytning o‘zida reyd uyushtirdi. Hozirda ushbu kafelarning barchasiga qulf osilgan.

Fastfud taomlari bilan tanilgan "Drujba Burger" tarmoq kafelarini “qora niqobli”lar guruhi bosgani haqidagi xabar Ozodlikka WhatsApp tarmog‘i orqali yetib keldi.

“Kecha (20 iyun, 2013) Toshkentdagi eng taniqli fastfud kafelardan biri "Drujba Burger"ni soliqchilar va qora niqoblilar bosdi. Tekshiruv davom etyapti”, deya xabar qilindi 21 iyun kuni WhatsApp orqali.

Ozodlik muxbiri 24 iyun kuni "Drujba Burger" tarmog‘ining Yunusobod tumani Amir Temur prospekti, Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasi va Olmazor tumani “Kichik halqa yo‘li” ko‘chasidagi kafelari bilan bog‘landi.

Uchala manzildagi kafelardan bir xildagi “Vaqtincha ishlamayapmiz”, degan javob olindi.

Ozodlik manbasi Yunusoboddagi yirik bozor yonida joylashgan "Drujba Burger" kafesiiga borib, vaziyatni o‘rganishga harakat qildi.

“Men borsam eshigiga qulf osilib, “vremenno ne rabotayet”, degan yozuv yopishtirilgan. Surishtirsam, qachon ochilishini hech kim bilmayapti. "Drujba Burger"ni soliqchilar tekshirayapti deyishayapti. U bir paytlar Toshkentning eng mashhur fast-food kafe tarmog‘i bo‘lgan. Lekin keyingi paytda uning raqobatchilari ko‘paygan. "Big Burger", "King Burger", "Big Way” kabi bir qancha kafelar ochilgan. "Drujba Burger"ni toshkentlik bir yosh tadbirkor yigit ochgan. Tarmoq ommalashib ketgach, uni sotib yuborgan. O‘zi biroz vaqtdan so‘ng mototsiklda avariyaga uchrab halok bo‘lgan””, dedi manbamiz.

Vaziyatdan xabardor boshqa bir manbamizga ko‘ra, "Drujba Burger" kafelariga bir kunning o‘zida, bir xil vaqtda reyd uyushtirilgan.

Ozodlik huquq-tartibot idoralaridan ushbu borada biror ma‘lumot olish imkoniga ega bo‘lmadi.

So‘nggi uch yil ichida O‘zbekistondagi yirik bozorlar va firmalarga huquq-tartibot idoralarining "qora niqobli" maxsus kuchlari tomonidan bir necha bor reydlar uyushtirildi.

Joriy yilning martida O‘zbekistonda “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan tadbirkor Bahodir Karimjonovga tegishli Toshkentning “Bo‘ston” mahallasida joylashgan hashamatli uyni “qora niqoblilar” bosdi. Toshkentdagi manbalarga ko‘ra, tadbirkorning uyidagi mol-mulki xatlanib, Karimjonovning ota-onasi boshqa joyga ko‘chirilgan.

2012 yilning yanvar oyida "qora niqoblilar", Toshkentdagi Chinni bozorini bosgan edi.

2011 yilning 16 sentyabr kuni Toshkentdagi "Malika" savdo markazida "qora niqoblilar" guruhi reyd o‘tkazib, "Chigo" va "Metro" do‘konlarining hamma tovarini musodara qilgan edi.

2011 yilning 17 iyul kuni qora niqobli "sirli kuchlar" Urganch shahridagi savdo uyida reyd o‘tkazgan edi.

"Qora niqoblilar" 2011 yilning 16-17 iyun kunlari Yangiyo‘l shahridagi restoranlar va buyum bozorini bosgan.

2011 yilning 2 mart kuni Toshkentda bu guruh Bojxona, Soliq qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi bilan birga, "Turkuaz" shirkatiga qarashli do‘konlar joylashgan savdo uyiga reyd uyushtirgan edi.
XS
SM
MD
LG