Линклар

logo-print

Andijonda 500 talabaga mo‘ljallangan madrasa yonib ketdi


WhatsApp tarmog‘i orqali yo‘llangan bu suratda Andijon madrasasidagi yong‘in aks etgani aytildi.

WhatsApp tarmog‘i orqali yo‘llangan bu suratda Andijon madrasasidagi yong‘in aks etgani aytildi.

Andijon shahridagi XBK — sobiq to‘qimachilik kombinati yonida 500dan ortiq talabaga mo‘ljallab qurilgan madrasa binosi shanbaga o‘tar kechasi yonib ketdi. 1995 -2000 yilllar oralig‘ida qurib bitkazilgan madrasaning faoliyatiga ruxsat berilmagan va u yillar davomida bo‘sh yotgan edi.

Andijon shahrining sobiq to‘qimachilik kombinati yonida joylashgan muhtasham madrasaning yap-yangi binosi o‘tgan haftaning shanba kuniga o‘tar kechasi yonib ketgani haqidagi xabar Ozodlikka WhatsApp tarmog‘i orqali yo‘llandi.

Surat ilova qilingan xabarda madrasaga olov unga qo‘shni uylardan biridan o‘tgani aytildi.

Ozodlik iltimosi bilan 24 iyun kuni madrasa binosi vayronalarini ko‘zdan kechirgan andijonlik manbaning aytishicha, bino butkul yonib bitgan.

"Inshoot to‘liq yonib ketgan. Quruq skeleti qolgan binoni. Essizgina, 500 dan ortiq bola sig‘adigan, juda zo‘r qilib qurilgan madrasa edi", dedi andijonlik manba.

Andijon shahar Yong‘in xavfsizligi xizmati va Andijon viloyati hokimligi xodimlari yong‘in bo‘lgani haqidagi xabarni tasdiqladilar. Ammo yong‘in sabablari va oqibatlari haqida ma‘lumot berishdan bosh tortdilar.

Ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan andijonlik mustaqil manba madrasadagi yong‘in sabablari haqida aholi o‘rtasida turli versiyalar yurganini aytdi.

WhatsApp tarmog‘ida eng ko‘p tarqalgan versiya — madrasaga yong‘in unga qo‘shni uydan tutashgani haqida bo‘lmoqda.

Andijonlik manba bu yong‘indan qolgan vayronalarni ko‘zdan kechirar ekan, bu gapda asos borligiga shubha bildirdi.

"Madrasaga qo‘shni yongan uy bilan madrasa o‘rtasida, hatto, bitta ko‘cha o‘tgan. Undan qanday yong‘in tutashishi mumkin? Madrasa binosining o‘zi esa to‘liq yonib bo‘lgan. Odamlarning hammasining og‘zida atay yoqib yuborishgan, degan gap yuribdi", dedi andijonlik manba.

Ozodlik so‘rovi bilan bu hodisa tafsilotlarini o‘rganishga uringan farg‘onalik yosh tadbirkor Xayrullo esa mahalliy rasmiylar yong‘in elektr tarmog‘idan chiqdi, mazmunida izoh berayotgani haqidagi ma‘lumotni yetkazdi.

"O‘sha madrasaga yaqin joyda turadigan tanishim bilan hozir gaplashdim. Elektrdan chiqqan, deyishibdi. Lekin bino ishlamagan bo‘lsa, qanday qilib elektrdan yong‘in chiqadi? Bunisi ham qiziq", deydi farg‘onalik tadbirkor Xayrullo.

Ushbu madrasa va uni qurdirgan shaxslar tarixidan xabardor bo‘lgan qorasuvlik imom Rashod qori Kamolovning aytishicha, 1995 yillarda qurib bitirilgan bu inshoot ishga tushirilishiga ruxsat berilmagan, yangi inshoot bo‘lgan.

- Bilishimcha, 1995-2000 yillar orasida qurib bitkazilgan bino. Uni andijonlik nom chiqargan Okifxon qori Salomov, degan odam bosh bo‘lib, xayri-ehson yo‘li bilan qurdirgan edi. 500 dan ortiq talab sig‘adigan, juda go‘zal qilib qurilgan, deya xotirladi Rashod qori.

Rashod qori Kamolovning aytishicha, madrasa bitkazilgan kezda ochilgan va qisqa muddat unda talabalar ham o‘qigan.

- Lekin rasman ochilish marosimini o‘tkazamiz, deyishganida Toshkentdan ruxsat berilmagan. Hatto, qori aka kasalxonaga tushib qolganida, yoniga maxsus xizmatdagilar borib: "Qurilishga pul berganlarning ro‘yxatini bering, ana keyin madrasani ishlatavering", deb aytishganini eslashadi. Okifxon qori bunaqa bo‘lsa, madrasaning ochilmagani yaxshi, degan ekan,- deydi Rashod qori Kamolov.

Okifxon qori Salomovni yaxshi tanigan Rashod qorining aytishicha, o‘z vaqtida andijonlik ahli-ilmlar va sahovatpesha insonlarning ehsoni bilan qurilgan bu madrasa me‘moriy yechimiga ko‘ra O‘zbekistonda yagona bo‘lgan.

- Bu endi vahshiyona bir siyosatda bu. O‘z davrida ta‘miri, kattaligi jihatidan O‘zbekistonda bunaqa madrasa bo‘lgan emas, deb aytishadida. Toshkent ochilishiga ruxsat bermasdan, shunday bir muhtasham imorat kuyib kul bo‘ldi mana, deydi Rashod qori.

Hozir Andijon shahrining Jalabek mavzeida ishlab turgan birigina qadimiy madrasa — "Sayyid Muhyiddin Mahdum" nomidagi o‘rta-maxsus islom bilim yurti bor.

Ushbu madrasani bitirgan bir andijonlik suhbatdoshga ko‘ra, aslida bu madrasa ham 2 mingga yaqin talabaga mo‘ljallangan.

"Lekin talabalar soniga cheklov bo‘lgani uchun hozir o‘rta hisobda 150 atrofida bola o‘qiydida. Bo‘lmasa, u ham katta madrasa eskiroq bo‘lsa ham", dedi andijonlik dindorlardan biri.

Hozir O‘zbekistonda 10 ga yaqin madrasa faoliyat yuritmoqda.

Bular: Buxoroda "Mir Arab", Toshkentda "Ko‘kaldosh", Qoraqalpog‘istonda "Muhammad Beruniy", Namanganda "Mulla Qirg‘iz", Xorazmda "Faxriddin ar-Roziy", Andijonda "Sayyid Muhyiddin Maxdum", Qashqadaryoda "Xoja Buxoriy" hamda ayol-qizlar uchun: Toshkentda "Xadichai Kubro" va Buxoroda "Jo‘ybori Kalon" xotin-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtlari faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi mutasaddilari O‘zbekistonda diniy bilim yurtlari ozligi hamda talabalar soniga cheklovni talabning ozligi bilan izohlagan.

Lekin aholisi 30 millionga yetgan va qariyb 93 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda dindorlar diniy bilim yurtlarida o‘qishni istovchi talabgorlar soni juda ko‘pligi, ularning aksariyati diniy tahsildan mosuvo qolayotganini aytib keladilar.
XS
SM
MD
LG