Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:53

Suriyadagi jangda o‘lgan o‘zbekistonlikka Turkiyada janoza o‘qildi


Suriyada shahid ketdi, deya xotirlanayotgan o‘zbekistonlik Baxtiyor Mirzabey janozasiga tayyorlangan palakat surati WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llandi.
Suriyada shahid ketdi, deya xotirlanayotgan o‘zbekistonlik Baxtiyor Mirzabey janozasiga tayyorlangan palakat surati WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llandi.
Istanbul shahridagi Fotih jome masjidida Suriyadagi jang maydonida o‘ldirilgan o‘zbekistonlik Baxtiyor Mirzabeyga g‘oyibona janoza namozi o‘qildi. O‘zbekistonda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq qator ayblovlarda ayblangan Mirzabeyning so‘nggi yillar ichida Suriyada bir necha yuz askarlik jangchilar guruhiga qo‘mondonlik qilgani aytildi.

G‘oyibona janoza


21 iyun kuni Istanbuldagi yirik Fotih jome masjidida juma namoziga yig‘ilganlar Suriyahukumat qo‘shinlariga qarshi jangda o‘lgan o‘zbekistonlik Baxtiyor Mirzabeyga g‘oyibona janoza namozi o‘qidilar.

(G‘oyibona janoza namozi marhumning jasadi bo‘lmagan taqdirda o‘qiladigan namozdir.)

Bu haqda WhatsApp orqali Istanbuldan Ozodlikka xabar yo‘llagan manbalarga ko‘ra, Baxtiyor Mirzabeyga shahidlik maqomi berilgan.

Istanbuldan WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan surat.
Istanbuldan WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan surat.
"Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida Fotih jomea masjidida juma namozidan sung Suriyada inshaAlloh shahid bulgan Bahtiyor amir Sabriy Uzbekiyni goyibona janozasi uqildi. ba'zi odamlarni qullarida amir Sabriy Uzbekiyni rasmlari bor edi", deb yozdi WhatsAppdan xabar yo‘llagan manba.

Xabarga ko‘ra, Mirzabeyning suratlari va uning xotirasiga so‘zlar bitilgan plakatlarni ko‘targan namozxonlar bu o‘zbekistonlikni Islom dini va musulmonlar himoyasi uchun jon bergan qo‘mondon "amir Sabriy O‘zbekistoniy", deb ulug‘lagan.

Janoza namozida ishtirok etgan o‘zbekistonlik muhojir, O‘zbekiston Xalq harakatining Istanbuldagi faollaridan biri Aliboy Yo‘lyaxshiyev marhumni xotirlab yuzga yaqin odam kelganini aytdi:

- Baxtiyorni xotirlab, qo‘llarida uning nomiga plakat tutganlarning soni 100 chog‘li bor edi. Bu yigit Suriyadagi jang maydonida shahid ketgan qo‘mondon sifatida alohida qadrlandi. Men "O‘zbeklar birligi" tashkilotining bir a‘zosi o‘laroq bu namozdan xabar topdim va unda ishtirok etdim, dedi Yo‘lyaxshiyev.

Istanbulning Fotih jomesi joylashgan mavzesida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan borgan qochinlarning kattagina jamoasi istiqomat qiladi.

Baxtiyor Mirzabeyga o‘qilgan janoza namozining Fotih masjidiga tayinlanishi va namozxonlar safida ayollar, yosh bolalarning ham ko‘p bo‘lgani aynan shu sabab bilan izohlandi.

Shahidlik


Turk matbuoti bergan xabarlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Suriyada Bashar Assad hukumatiga muxolif bo‘lgan isyonchi guruhlar safida jang qilgan 36 yashar Baxtiyor Mirzabey 17 may kuni jang maydonida o‘lgan.

WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan surat.
WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan surat.
Turk matbuotida Baxtiyor Mirzabeyning jang maydonida tushgan va jang maydonidan olib chiqilgan jasadi suratlari ham chop etilgan.

Istanbulda yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Kamoliddin Yo‘ldosh turk matbuoti va turkiyalik musulmonlarning Baxtiyor Mirzabey taqdiriga bo‘lgan e‘tiborini uning aynan o‘zbekistonlik qo‘mondon bo‘lgani bilan izohladi:

- Baxtiyor qo‘mondon bo‘lgani uchun, bir necha yuz askarning boshida bo‘lgani uchun, O‘zbekistonday uzoq bir o‘lkadan kelib, turkiy bir qardosh ummat uchun jihod qilayapti, degan yoki Karimovga qarshi chiqqan musulmonlar bu yerlarda ham ummat uchun jihod qilayapti, degan bir ma‘no kasb etgani uchun shunday bir e‘tibor ko‘rsatildi, dedi Kamoliddin Yo‘ldosh.

Baxtiyorning taqdirini o‘rgangan Turkiyadagi "O‘zbeklar birligi" tashkiloti raisi o‘rinbosari Adam Chelik bu o‘zbekistonlik Suriyada 700 askari bo‘lgan jangchilar guruhiga qo‘mondonlik qilganini aytadi:

- U Suriyadagi janglarda 700 askarga qo‘mondonlik qilgan. Uning guruhida Turkiston o‘lkalaridan borgan o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, uyg‘ur va shu kabi millatlardan yigitlar bor, dedi Adam Chelik.

Jihod yo‘li


Odam Chelik to‘plagan ma‘lumotlarga ko‘ra, Baxtiyor Mirzabey bundan uch yilcha muqaddam Afg‘onistondan Turkiyaga kelgan:

- Afg‘onistonga esa 8 yilcha muqaddam O‘zbekistondan borgan. U yerda jang qilib yurgan paytda Amerika harbiylari tomonidan asir olinib, Bag‘rom hibsxonasiga keltirilgan. Hibsxonadan omadli tasodif bilan oshpaz ko‘rinishida qochishga muvaffaq bo‘lgan. Uch yilcha muqaddam esa Turkiyaga kelgan, dedi Adam Chelik.

Unga ko‘ra, Afg‘oniston, Eron va Turkiyaning chegara oldi hududlarida Baxtiyor kabi jihod qilish istagida bo‘lgan musulmon yigitlarni Suriya, Iroq, Falastin kabi davlatlardagi jang maydonlariga yuborish bilan shug‘ullanuvi yashirin guruhlar bor:

- Ular yashirin yo‘llar orqali bunday yigitlarni jihodga yo‘llash bilan shug‘ullanishadi. Tabiiyki, ochiq yo‘llar bilan emas, deydi Chelik.

Undan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, aslida Baxtiyor Mirzabey Turkiyaga kelishi bilan Qochqinlar bo‘yicha BMT Oliy komissarligining bu davlatdagi bo‘limiga boshpana so‘rab murojaat qilgan:

- U qochqinlik maqomini olgan edi. Lekin shunga qaramasdan turk xavfsizlik xizmatlari va politsiyasi Baxtiyorni muntazam ta‘qib qildi. Telefon so‘zlashmalarini kuzatdi. Baxtiyor va oilasiga tinchlik bo‘lmadi bu yerda. Keyin esa Baxtiyor Suriyaga jangga ketgan. Oilasi esa Misrga ketdi, dedi Adam Chelik.

Baxtiyor Mirzabeyning oilasi — xotini va 12 yashar o‘g‘li ayni damda Misrda jon saqlamoqda.

Ozodlik muxbiri Adam Chelik vositasida bu oila bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo Mirzabeyning xotini va o‘g‘li xastalik sababi bilan Ozodlikka intervyu berishni keyinga qoldirdi.

Baxtiyor Mirzabey — Bekmirzayev?!


Istanbuldagi masjidda "Suriyada shahid ketgan o‘zbek qo‘mondoni amir Sabriy O‘zbekistoniyga g‘oyibona namoz o‘qilgani" haqidagi xabar WhatsApp tarmog‘ida yoyilishi bilan bu yigitni tanigan-bilganlardan uning shaxsiyatiga oid xabarlar kela boshladi.

Jumladan, bir manba bu yigitning asli toshkentlik Baxtiyor Bekmirzayev ekani va O‘zbekiston hukumati tomonidan "Vahhobiylik" diniy-ektsremistik guruhi yetakchilaridan biri sifatida ayblangan aniqli ulamo Obidxon qori Nazarovga aloqadorlikda gumon qilinib, qidiruvga berilgani haqida yozdi:

"Hohlasez davlat tomonidan quyilgan film linkini sizga yuboraman. u filmda ham Bahtiyorni familiyasi va fotosi kursatilgan", deb yozgan manba WhatsApp tarmog‘iga bir necha yil muqaddam O‘zbekiston rasmiy televideniyesida namoyish qilingan "Xunrezlik" nomli hujjatli filmning Youtubedagi linkini tashladi.

"Xunrezlik"


Ushbu filmning oltinchi daqiqasida Obidxon qoriga aloqadorlikda ayblangan o‘zbekistonlik Shavkat Mahmudov ismli shaxsning hozirda qidiruvda bo‘lgan Baxtiyor Bekmirzayev ismli shaxs yordamida Qozog‘istondan O‘zbekistonda qurol-yarog‘ olib kirgani iddao qilingan.

"Hunrezlik" nomli hujjatli filmdan olingan surat.
"Hunrezlik" nomli hujjatli filmdan olingan surat.
Ozodlik ixtiyorida Suriya hukumat qo‘shinlariga qarshi jangda o‘lgani aytilayotgan Baxtiyor Mirzabeyning ushbu filmda tilga olingan Baxtiyor Bekmirzayev ekanini tasdiqlovchi konkret dalil yo‘q.

Ammo marhumning Turkiya va Suriyada kechgan so‘nggi yillaridan xabardor muhojiratdagi o‘zbeklardan biri Sayfulloh O‘zbek ham bu ikki shaxsning ayni odam ekanini iddao qildi.

WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlik bilan aloqaga chiqqan va hozirda o‘zi ham Suriyada jihodda ekanini aytgan Sayfulloh:

"Ha shu (Baxtiyor Mirzabey - filmda ko‘rsatilgan Baxtiyor Bekmirzayevdir - Tahr.). ammo obid qoriga (aloqador - Tahr.) deyilganini eshitmaganman. Ohirgi paytlar turkiyaning qoya shahar degan joyida yashayotgan edi", deb yozdi.

Sayfullohdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, aslida Baxtiyor Mirzabey-amir Sabriy O‘zbekistoniyning 200 askarlik guruhi bor va bu guruh Suriyadagi o‘zbekistonlik jihodchilardan iborat qator guruhdan biridir.

Ozodlik muxbiri Sayfullohga O‘zbekdan nega jihod qilayotgani va o‘zbekistonliklik yigitlar nega aynan Suriyada jihod qilayotgani haqidagi savollarni berdi.

Sayfulloh avval o‘ylab ko‘rishi lozimligini aytib, o‘zbek yigitlarining jihodchilik harakat haqidagi savollar javobini keyinga qoldirdi.

"Shahid" oilasi yordamga muhtoj


Istanbuldagi "O‘zbeklar birligi" tashkiloti vakili Adam Chelik ham Baxtiyor Mirzabeyning qidiruvga berilgani va O‘zbekistondan qochib chiqqanini tasdiqlar ekan, Mirzabey va Bekmirzayevning aslida bir shaxs ekanini bilvosita tasdiqladi:

- Bu odam O‘zbekistondan Islom Karimov hukumatining zulmidan qochgan va Afg‘onistonga ketgan. O‘zbekistondagi xonimi va ikki bolasi otasining ortidan qochqinlikka chiqa olmadi. Ular bunga erishish uchun rasman ajrashishgan ham. Lekin hukumat bu oilaning birlashishiga to‘sqinlik qildi. Keyin Baxtiyor Turkiyada qirg‘izistonlik bir o‘zbek ayoliga uylandi. Mirsda qolayotgan ikkinchi oilasidir, dedi Adam Chelik.

Ozodlikda Baxtiyor Bekmirzayev (ehtmoliy Baxtiyor Mirzabey)ga qarshi O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ilgari surgan ayblovlarga oid konkret ma‘lumotlar yo‘q.

Lekin turkiyalik inson huquqlari faoli Chelik, Mirzabey-Bekmirzayevning Misrdagi oilasi ham o‘zbek huquq-tartibot idoralari taqibi xavfi ostida qolayotganini ta‘kidladi.

Shuningdek, ayni damda 12 yoshli o‘g‘li bilan yolg‘iz qolgan o‘zbek ayolining moliyaviy yordamga ham muhtojligi ta‘kidlandi.
XS
SM
MD
LG