Линклар

logo-print
O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta‘lim vazirligi rasmiylari Ozodlik muxbiriga bunga oid xabarlarni inkor qilishdi. Toshkentdagi ayrim oliy o‘quv yurtlarining qabul komissiyalari abituriyentlardan hujjat qabul qilishda biometrik pasport talab qilayotgani, eski pasport bilan kelgan abituriyentlar qaytarib yuborilayotgani haqida xabarlar hafta boshida Internetda paydo bo‘ldi.

Toshkent Moliya instituti, Iqtisodiyot universiteti, Farmatsevtika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari oliygohiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirmoqchi bo‘lgan bir qancha abituriyent pasporti biometrik bo‘lmagani sabab ortga qaytarib yuborilganliklari haqida Uznews.net mustaqil Internet nashri muxbiriga aytishgan.

Ularga ko‘ra, qabul komissiya a‘zolari eski pasport bilan kelganlar hujjatini olmay, yangi biometrik olish uchun pasport stollariga jo‘natmoqda.

"Farmatsevtika instituti qabul komissiyasida eski pasport bilan kelganlarni gapiga ham quloq solmasdan, hujjatlarini olmay, ortga qaytarib yuborishyapti", deya iqtibos keltirdi Uznews.net Amaliya ismli abituriyentning so‘zlaridan.

Ayrim oliygohlarda esa eski pasport bilan kelgan abituriyentlar qabul komissiyasiga ham qo‘yilmasdan universitet eshigi oldidan qaytarib yuborilyapti.

Toshkentlik abituriyentlardan biri, o‘zini Sardor deb tanishtirgan abituriyent Ozodlik bilan suhbatda, qabul komissiyalarida shunday talab qo‘yilishini oldidan bilib, pasportini yangilab olganini aytadi.

- Yuridik institutga hujjat topshirdim. Biometrik bo‘lmasa hujjat olmas ekan, deb aytishayotgandi. Oldindan harakatimni qilib, to‘g‘irlab oldim. Chunki hujjat bir oy ichida topshirilishi kerak. Imtixonga kirish payti ham har narsaga, pasporting unaqa ekan, deb gap topishlari mumkin-da,- deydi Sardor.

Biometrik bo‘lgani durustroq

Toshkent Iqtisodiyot universiteti qabul komissiyasining o‘z ismini aytmagan a‘zolaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda, abituriyentlardan hujjat olishda biometrik pasport bo‘lishi kerak, degan qat‘iy talab yo‘q, deya bildirdi. Lekin, abituriyentlarda biometrik pasport bo‘lgani durustroq, deya qo‘shimcha qiladi u.

- Oddiy pasport ham bo‘ladi. Lekin, biometrik bo‘lsa durustroq. Oddiy pasport bo‘lsa, har xil shubhalar paydo bo‘ladi-de, hozir shuni ham o‘ylashyapti. Imtixonga kirayotgan paytda ham biometrik pasporti bo‘lsa ishonch kuchli bo‘ladi,- deydi Toshkent Iqtisodiyot universiteti qabul komissiyasi a‘zosi.

Toshkent Farmatsevtika instituti prorektori Hikmatilla Sunnatov ham Ozodlikk eski pasport bilan kelgan abituriyentlar ortga qaytarib yuborilayotgani, haqidagi xabarlarni qat‘iyan rad etdi.

- Qanaqa pasportligini farqi yo‘q. Haqiqiy bo‘lsa bo‘ldi. Hujjat qabul qilinadi. Kimki pasportingiz eski, deb qaytarvorsa shu odamni mening oldimga olib keling, o‘zim gaplashaman,- dedi institut prorektori Hikmatilla Sunnatov.

Pasport stollari oldida navbat ko‘paygan

Ayni paytda, hujjatlari qabul qilinmagan ko‘plab abituriyentlar 20 iyul kuniga qadar hujjat topshirishga ulgurish uchun yangi biometrik pasport so‘rab, ichki ishlar pasport bo‘limlarida navbat kutib turgani aytilmoqda.

Toshkent shahri va viloyatlar pasport stollari esa shu kunlarda abituriyentlarsiz ham yangi pasport olmoqchi bo‘lib, navbat kutayotgan odamlarga liq to‘la.

- Uzundan-uzoq ochered. Navbatga turgani ham qo‘rqasan, kechgacha navbat keladimi, yo‘qmi, Xudo biladi. Pasport almashtirishni xohlovchilar hozir juda ko‘p,- deydi pasportini bir oydan buyon almashtira olmay yurgan toshkentlik talaba Ilhom.

Lekin, Toshkent shahri Shayxontohur tumani pasport stoli rasmiylaridan biri abituriyentlardan biometrik pasport talab qilinishi qonunga zid ekani, eski pasport 2015 yil oxirigacha amalda bo‘lishini bildirdi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta‘lim vazirligi matbuot xizmati rasmiylari ham abituriyentlardan hujjat qabul qilishda biometrik pasport bo‘lishi kerak, degan talab yo‘qligini bildirishdi.

"Straxovka" uchun biometrik olib qo‘ygan yaxshi

Toshkentlik Ilhom oliygohlarga abituriyentlardan hujjat qabul qilishda biometrik pasport talabi qabul komissiyalari ayrim a‘zolarining o‘zboshimchaligi bo‘lsa kerak, deb hisoblaydi.

- Bunaqa talab qo‘yishga hozir hech kimni haqqi yo‘q. Endi bizda o‘zingiz bilasizku, har narsaga ilashishadi, pechat uchburchak bo‘lsa, dumaloq bo‘lishi kerak, dumaloq bo‘lsa uchburchak pechat, kerak, deb. Qabul komissiyalarida esa yo‘q talablarni o‘ylab topadigan “aqllilar” avvallari ham bo‘lgan. Ularga qolsa, iloji bo‘lsa kam abituriyent hujjat topshirsa. Hozir ana shunaqa "aqllilar" bilan adi-badi aytishib o‘tirmaslik uchun, ya‘ni "straxovka" uchun pasportimni almashtirmoqchiman,- deydi Ilhom.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari abituriyentlardan o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilishni o‘tgan hafta boshladi. An‘anaga ko‘ra, hujjatlarni topshirish 20 iyulgacha davom etadi.

2013-2014 o‘quv yiliga talabalar qabulining umumiy soni o‘zgarmadi. Bu yil ham O‘zbekistondagi jami 58ta oliy bilim yurti 63 mingga yaqin talabani qabul qilib olishi kutilyapti.

Shulardan 56 ming 607 nafari bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha, 6 ming 300 nafari magistratura yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.
XS
SM
MD
LG