Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:56

Toshkentdagi avtomobil stoyankalarida tartib bo‘lmayapti


Toshkentning Chorsu bozoriga kirish yo‘li ikki kundan buyon to‘sib qo‘yilgani bois, bozor atrofida mashinalar tirbandligi vujudga keldi. Bu holat Ozodlikni Toshkentdagi avtomobil stoyankalaridagi bugungi ahvolni o‘rganishga undadi. Ozodlikning Toshkentdagi manbalaridan biri WhatsApp orqali yuborgan suratda Chorzu bozoriga avtomobillarning kirish joyi yopib qo‘yilganligi aks etgan.

Manbaning yozishicha, bu holat bozor atrofida mashinalarning tirband bo‘lishiga, aholining bozor-o‘char qilishini qiynlashtirishga olib kelgan.

Chorsu bozori ma‘muriyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda bu joylar ularga tegishli emasligini, yo‘llar ta‘mir qilinayotgani bois vaqtincha bozorga kirish yo‘li yopib qo‘yilganini ma‘lum qildi.

Toshkentda avtomobillar to‘xtash joylarida tartib bo‘lmagani qator muammolarni keltirib chiqarayotgani aytiladi.

Toshkentlik kuzatuvchi Mirkomil Toshkandiy fikricha, stoyankalar muammosi bugungi kunda poytaxtning eng og‘riqli nuqtalaridan biridir:

- Ochig‘ini aytsam, bu poytaxtning kasal joylaridan biri. Stoyanka Toshkent shahrida juda og‘ir masala. Birinchidan, stoyankalar kichkina, mashinalar sig‘maydi. Ikkinchidan, stoyankalarda mashinalar uchun sharoit yo‘q. Uchinchidan stoyanka narxlari O‘zbekiston sharoiti uchun qimmat,- deydi Mirkomil Toshkandiy.

Suhbatdoshimiz bunga Qo‘yliq dehqon bozoridagi stoyankalarni misol qilib keltiradi:

- Masalan, Qo‘yliqdagi stoyankaga kirish uchun eng kami 3000 so‘m to‘lash kerak. Tartib degan narsa umuman yo‘q. Mashinangizni stoyankaga qo‘yib bozorga kirib ketsangiz, kimdir mashinasini sizning mashinangiz orqasiga tirab ketadi. Ikki soat uni chiqishini kutishingiz kerak. Bo‘ladi janjal, to‘polon. Stoyankachilar mashinalar qo‘yilishini, tartibni nazorat qilmaydi. Toshkent shahridagi jami stoyankalar bozor talabiga javob bermaydi, deydi toshkentlik Mirkomil Toshkandiy.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi kirakash Shavkatning aytishicha, stoyankalardan joy topish juda mushkul:

- Agar Toshkentga boradigan bo‘lsam, mashinani iloji boricha znak yo‘q, uzoqroq bir joyga qo‘yib keyin bozorga kiraman. Chunki moshin kam bo‘lsa, stoyankaga qo‘yish mumkin. Qo‘yganda ham unga kirish va chiqish juda qiyin. Mana Abu Saxiy va Bek Baraka bozorlaridagi stoyankalarga kirish uchun juda ko‘p vaqt turib qolasiz,- deydi Shavkat.

Biroq, toshkentlik tadbirkor Botirjonning aytishicha, hamma bozorlardagi stoyankalarni ham yomon deb bo‘lmaydi:

Toshkentning Chorsu bozori yaqinida qurilgan ko‘p qavatli stoyanka.
Toshkentning Chorsu bozori yaqinida qurilgan ko‘p qavatli stoyanka.
- Toshkentda Yevropa usulida qurilgan stoyankalar ham bor. Masalan, Chorsu bozori yaqinida 6 qavatli Parkingdan istalgan paytda joy topish mumkin. Ammo shunisi ham borki bu stoyankadan bozorga borish uchun avtomobil yo‘lini kesib o‘tish va uzoq yurish kerak,- deydi Botirjon.

Farhod bozoriga xarid qilish uchun o‘z mashinasida tez-tez boradigan toshkentlik Dilbar opaning aytishicha, so‘nggi yillarda stoyankalar masalasiga yaxshi ahamiyat berilyapti:

- Sobiq yarmarka joyida chiroyli magazinlar qurilgan, uning orqasini katta stoyanka qilib qo‘ygan. Shunisi yaxshiki, bu stoyankaga kirish tekin. Shunday deb yozib ham qo‘ygan. Biz bemalol bozor-o‘char qilib kelamiz,- deydi Dilbar opa.

Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘landi. Biroq, savollarimizga javob bera oladigan shaxslar, hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov va uning yordamchisi kun bo‘yi hududlarga chiqib ketganligi bois, bu borada ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG