Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:59

Qayum Ortiqov: Josuslikni bo‘ynimga qo‘yish uchun og‘ir qiynoqlarga solishdi


Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida 5 yil qorovul bo‘lib ishlagan qashqadaryolik sobiq harbiy Qayum Ortiqov muhojiratda turib, O‘zbekiston qamoqxonasidagi qiynoqlardan dunyoga xabar yo‘lladi. Britaniya foydasiga josuslikda gumon qilinib, og‘ir qiynoqlarga solinganini iddao qilgan sobiq harbiy bundan buyon o‘z nomini oqlash hamda qiynoqlarga qarshi kurashish harakatida bo‘lishini aytmoqda.

Britaniya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilingan, ammo, odam savdosida ayblanib, O‘zbekistonda 3 yil qamoq jazosini o‘tagan chirchiqlik sobiq harbiy Qayum Ortiqov muhojiratda turib, o‘z nomini oqlash uchun harakat boshladi.

Shu kunlarda xorijda yashayotgan (xavfsizlik maqsadida qaysi mamlakat ekani sir tutilmoqda-tahr.) 44 yashar Qayum Ortiqov o‘z harakatini Britaniyada chop etiladigan Independent nashriga intervyu berishdan boshladi.

"O‘zbekistonda meni qiynoqqa solishdi" deb nomlangan maqolada sobiq harbiy O‘zbekistondagi vaqtinchalik tergov hibsxonalari va qamoqxonalarda unga nisbatan og‘ir qiynoqlar qo‘llanganidan so‘z ochdi.

Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida besh yil qorovullik qilishdan avval O‘zbekiston Mudofaa vazirligida ham ishlagan Qayum Ortiqov 2009 yilning yanvar oyida odam savdosiga aloqadorlikda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Bunga esa uning yordamida Rossiyaga ishlagani ketgan va u yerdan maoshini to‘liq ololmay qaytgan bir necha hamyurtining da‘vo arizasi turtki bo‘lgani aytilgan edi.

Hozir muhojiratda bo‘lgan Ortiqov qamoqqa tushgan ilk kunidayoq unga qarshi Buyuk Britaniya foydasiga josuslik qilish aybi ilgari surilgani va bu aybni bo‘yniga qo‘yish uchun og‘ir qiynoqlarga solinganini iddao qilmoqda.

2011 yilning 4 mayida muddatidan avval ozod qilingan Ortiqov o‘sha paytda Ozodlik muxbiri bergan qiynoqlar haqidagi savollarga xavfsizligi bois javob berolmasligini aytgan edi.

Independent e‘lon qilgan maqola ortidan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda hozir muhojiratda bo‘lgan Qayum Ortiqov 2009 yilning fevralidan to avgustiga qadar og‘ir qiynoqlarga solinganini aytdi.

- 2009 yilning fevralida milliy xavfsizlik xizmatidan ikkita yigit keldi, Toshturmada so‘roq qilish uchun. "Biz yaxshi bilamiz, sen va yana elchixonada ishlaydigan sheriklaring Britaniya josusisan", deb to‘g‘ridan-to‘g‘ri aybladi. Shu aybni bo‘ynimga olishim va yana bir necha taniganlarimga qarshi ko‘rsatma berishimni so‘rashdi. Men rozi bo‘lmadim va o‘sha kuniyoq ikkalasi 2 soatdan oshiq, humoridan chiqquncha urgan edi meni,- deya xotirladi Ortiqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya foydasiga josuslik aybini bo‘yniga olishini talab qilib, uni avvaliga milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, keyinchalik esa mahbus "loxmach"lar og‘ir qiynoqlarga solishgan.

- Ularning tilida "Lastochka" deyishadi, shunaqa qilib osib qo‘yishib, hushimdan ketgunimcha rossa urishgan. Endi u yerdagi qiynoqlar o‘ta vahshiy, o‘ta jirganch, iflos shakldagi qiynoqlar, yuragi bor odam ko‘rishga ham qo‘rqadi, bilasizmi?! Birinchi kuniyoq qovurg‘alarimni sindirib tashlashdi. Oxiri, ko‘krak qafasim qisilib, nafas ololmay qolganimdan keyin to‘xtatishdi. Do‘xtirga olib borish o‘rniga qo‘limga baklashka berib, puflashimni aytishdi. O‘shandagina bilibman, qovurg‘a singanda, qattif puflasangiz, qovurg‘a joyiga qaytar ekan,- deya xotirladi Qayum Ortiqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qamalganidan so‘ng uni 4 oy davomida yaqinlariga ko‘rsatishmagan va umuman, xabar berishdan bosh tortishgan.

Natijada, rafiqasi Mohira Ortiqova advokat yollagan va advokat 2009 yilning may oyida Toshturmaga kirib, Qayum Ortiqovning holidan xabar olishga muvaffaq bo‘lgan.

- Shundan keyin, u uydagilarimga xabar berdi. Shundan keyin ayolim bu haqda har qayoqlarga xabar berdi, chet el matbuotiga chiqdi. Britaniya elchisiga yozdi. Men hanuzgacha hayronman, nega elchi mening himoyam uchun, hatto, bitta xat yozmadi?! Men o‘sha paytlarda qiynoqlardan charchagan, ikki marta jonimga qasd qilib, o‘ta holdan toygan, taqdirga tan bergan edim. MXXchilar ham ham tushungan edi, menda hech qanaqa gap yo‘qligini. Xullas, ayolim kurashdan to‘xtamadi va menimcha, uning to‘xtovsiz harakati uchun, xalqaro matbuotda shov-shuv bo‘lgani uchun oxiri qo‘yvorishdida, xullas,- deydi Qayum Ortiqov.

U 2011 yilning 4 mayida muddatidan 3 yilu 7 oy avval ozod qilingan va unga qolgan muddat davomida maoshining ma‘lum bir qismini davlatga to‘lash majburiyati yuklangan edi.

Qayum Ortiqov hisbga olinganidan tortib, to ozod etilguniga qadar uning huquqlari uchun kurashgan rafiqasi Mohira Ortiqova Ozodlik bilan suhbatda ta‘qiblar keyinchalik ham to‘xtamaganini aytdi.

- Qamalib chiqqanlarni har haftada so‘roqqa chaqirish, ishxonasini surishtirishlar o‘z yo‘liga. Lekin har uch kunda chaqirib, yarim kechagacha ushlab turishlar, hadeb barmoq izlarini olishlar va shunga o‘xshash tazyiqlar umuman to‘xtamadi. Oxiri, biz qochib chiqishga majbur bo‘ldik. Aslida, birinchidan, xo‘jaynimning nomini oqlash niyatimiz bor. Ikkinchidan, normal hayotga erishishda, xullas. Hozir biz inson huquqlari himoyachilari bilan O‘zbekiston davlatini sudga berish uchun hujjat tayyorlayapmiz. Meni shuni tushundimki, indamasang, bular tahqirni davom ettiraveradi, ezaveradi. Bunga qarshi kurashish kerak!- deydi Mohira Ortiqova.

Ayni damda 4 farzandi bo‘lgan Ortiqovlar oilasi xorij davlatlaridan birida jon saqlamoqda.

Bu oila taqdirini Buyuk Britaniya, Germaniya va AQShdagi inson huquqlarini himoya qiluvchi qator xalqaro tashkilotlar kuzatmoqda.

Jumladan, Xyuman Rayts Uotch tashkilotining Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mutaxassisi Stiv Sverdlov ham Qayum Ortiqovga nisbatan ayovsiz qiynoqlarni qoralab, bayonot tarqatdi.

Quyida Qayum Ortiqov bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:44 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG