Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:28

Moskvada millatchilarning muhojirlarga qarshi chiqishlari ko‘paymoqda


Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, “Moskva qalqoni” kremlparast “Rossiya Molodaya” millatchi yoshlar tashkiloti loyihasidir.
Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, “Moskva qalqoni” kremlparast “Rossiya Molodaya” millatchi yoshlar tashkiloti loyihasidir.
Moskvada o‘zlarini noqonuniy migrantlarga qarshi “jamoatchilik tashkilotlari” deb atayotgan yoshlar tuzilmalari faolligi oshayotgani kuzatilmoqda. O‘tgan juma kuni “Moskva qalqoni” nomli millatchilar tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan reydlardan birida ommaviy mushtlashuv chiqishiga sal qoldi. Keyingi paytlarda ko‘payib borayotgan migrantlarga qarshi reydlarga kremlparast yoshlar tashkilotlarining aloqasi borligi aytilmoqda.

Moskva politsiyasi mushtlashuv bo‘lganini xabar qildi


29 iyun kuni Moskvaning Tushino tumanida “Moskva qalqoni” nomli millatchilar tashkiloti nolegal migrantlarni aniqlash reydini o‘tkazdi.

Moskva shahri bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi juma kuni kechki 8:30 larda Janubiy Tushino tumanidagi Fabritsius ko‘chasi, 36 uy, 1 korpus yonida ommaviy mushtlashuv ro‘y bergani to‘g‘risida xabar kelib tushganini tasdiqladi.

“Hodisa joyiga yetib kelgan xodimlarimiz shahar jamoatchilik tashkilotlaridan birining faollari mustaqil reyd o‘tkazib, yotoqxonadagi xorijliklarning yashayotgani qonuniyligini tekshirayotganini anqilagan. Bu yerda istiqomat qilayotganlarga tekshirishni uyushtirgan bu odamlarning hatti-harakatlari yoqmagan, janjal kelib chiqqan. Politsiya xodimlari ikkala tomondagilarni taftish uchun politsiya bo‘limiga olib kelgan,” deyiladi Moskva politsiyasi rasmiy xabarnomasida.

“Biz sizlardan xabar olgani keldik!”

Biroq, mazkur reydga doir Youtube portalida paydo bo‘lgan videoda niqob taqib olgan bir guruh taqirbosh yoshlar travmatik to‘pponchalar va gaz ballonchalari bilan qo‘rqitib, nima bo‘layotganini tushunmayotgan markaziy-osiyolik muhojirlarni qo‘pol tarzda tashqariga olib chiqayotgani va “tergov” qilayotgani tasvirlangan.

- Hammang zabor yoniga tur! Bo‘l tez! Qaysi biri qo‘l ko‘tardi? Bu yoqqa chiq gaplashib qo‘yamiz! Qayerda yashayotganingni unutdilaringmi? Hammangni gaz bilan shu yerda o‘tqizib tashlayman!- deb tinimsiz baqirayotgan “jamoatchilik faollari” talablariga o‘zbek migrantlardan biri qolganlarga qarab taqirboshlar talablarini bajarishga chaqirdi:

- Bular hammasi vaxshiy, hozir otadi! O‘t, bitta-bitta anavu yoqa turib ol,- deya buyruq beradi muhojirlar kattalaridan biri.

Videoda reyd o‘tkazayotgan yigitchalardan biri gangib qolgan muhojirlarga to‘pponcha o‘qtalayotgani, yana birining qo‘lida gaz ballonchasi ko‘rinadi. Baqir-chaqir davomida travmatika pistoletidan otilayotgan o‘q ovozlari ham yangraydi.

“VKontakte”dagi sahifasida ham e‘lon qilingan videoda tasvirlangan reydni o‘zini “Shchit Moskvi”, ya‘ni “Moskva qalqoni” jamoatchilik tashkiloti vakillari deb atayotgan shaxslar noqonuniy tarzda bu yerda yashayotgan muhojirlarni aniqlash va politsiyaga topshirishni o‘ziga maqsad qilib qo‘yganini iddao qilgan.

- Menga quloq sol! Biz bu yerga sizlarni urgani kelmadik. Biz bu yerda qanday yashayotganingizni tekshirgani keldik, qonuniy yashayapsizmi-yo‘qmi – shuni bilgani... Hech kim sizlarni urmaydi. Biz boshliqlaringni javobgarlikka tortmoqchimiz! Xo‘sh, yana kimga nima yoqmapti?– deya “tushuntirish” berdi “qalqonchilardan” biri.

Videodan politsiya xabarida aytilgan hech qanday “ommaviy mushtlashuv” bo‘lmagani, muhojirlar tekshirishga kelgan taqirbosh yigitlar nazorati ostida politsiyaga olib kelingani tasvirlangan, xolos.

Shahar politsiyachining “migrantlar va tashkilot faollari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv chiqqani” to‘g‘risidagi xabarini “Moskva qalqonining” rahbari Aleksey Xudyakov ham inkor etib, politsiyaning xabarini “Yolg‘on!”, deb atadi:

“Hech qanday mushtlashuv bo‘lgani yo‘q. Migrantlar bizga hujum qilmoqchi edi, lekin biz ularni bu ishni qilmaslikka ishontirdik. Natijada, ish beruvchi kompaniyaga 322-modda asosida jinoiy ish ochildi. 35 nafar migrant Yujnoye Tushino politsiya bo‘limiga olib kelindi”, dedi telefon orqali Ozodlikka intervyu bergan Aleksey Xudyakov.

“Moskva qalqoni” jamoatchilik tashkiloti rahbari Aleksey Xudyakov bilan suhbat

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:37 0:00
Бевосита линк


Xudyakov politsiyaga 35 nafar muhojirni 25 nafar "qalqonchi" yetaklab kelgani, ularni politsiya hibs etib olib kelmaganini ma‘lum qildi.

"Shchit Moskvi" tuzilmasining rasmiy sahifasida reydga chiqishda "o‘zingizni himoya qilish maqsadida ruxsat etilgan qurol olish" va migrantlardan "infektsiya yuqtirib olmaslik uchun maska va qo‘lqoplarni" olish tavsiya qilinayotgani e‘tiborni tortadi. Biroq, ayrim "faollar"ning videodagi tasvirida reydga teatr maskalarida kelganini ko‘rish mumkin.

Moskva shahar politsiyasi va Janubiy tushino tuman politsiya boshqarmasida Ozodlik so‘roviga aytilgan rasmiy xabarnomaga boshqa izoh berilmasligi, politsiya hodisa yuzasidan taftish olib borayotganini bildirishdi.

“Moskva qalqoni” yotoqxona oldida turgan ish beruvchi shirkat vakilasi Nadejda Kuznetsovani uchratib qoldi. “Nega siz noqonuniy muhojirlarni bu yerga joylashtiryapsiz?” degan savolga, shirkat rahbari:

- Nima deyapsiz o‘zi? Nima, siz menga kelib ishlaysizmi? Siz sutkasiga 24 soat ishlaysizmi? 18 soat sutkasiga ishlaysizmi? Yo‘q!- deya javob berdi Fabritsius, 36 manzili bo‘yicha yashayotgan o‘nlab “farrosh, santexnik va dvornik” bu yerga “faqat ovqatlangani va kiyimini almashtirgani kelgani”ni gapirgan Nadejda Kuznetsova.

“Moskva qalqoni” – Kreml loyihasimi?

Bundan oldin hech kimga tanish bo‘lmagan “Moskva qalqoni” tashkiloti, ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, kremlparast “Rossiya Molodaya” millatchi yoshlar tashkiloti loyihasidir. “Moskva qalqonini” boqsharadigan Aleksey Xudyakov tashkilot fanatlar, ultrao‘ngchi taqirbosh guruhlarini o‘z qanoti ostiga birlashtirib, shaharni noqonuniy migrantlardan tozalashni maqsad qilib olganini yashirmaydi.

Ayni paytda, taqirboshlarni boshqarayotgan Xudyakov Moskvaning Manejnaya maydonida 2010 yilning 11 dekabrida millatchilar ommaviy yurishlari va OMON bilan to‘qnashuvlarda ishtirok etgani ma‘lum. Millatchilar orasida “provokator” nomi bilan tanilgan Aleksey Xudyakov o‘zining “safdoshlari”ga qarshi sudda ko‘rsatmalar bergani va ular qamalib ketishida “faollik” qilgani ham ma‘lum.

Moskvada mehnat qilayotgan muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti vakili Irina Shelektova Ozodlik bilan suhbatda Moskvda “noqonuniy migrantlar ovi” bilan shug‘ullanayotgan bir nechta tashkilot borligini gapirib berdi.

Irina noqonuniy reydlarni uyushtirib, muhojirlar huquqlarini poymol qilayotgan “Svetlaya Rus” harakati rahbari Igor Mangushevni javobgarlikka tortishga uringanini aytadi.

- Mangushev reydlari bo‘yicha biz ko‘p joyga murojaat qilgan edik. OBEP (Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi Ichki ishlar boshqarmasi)dan tortib, jamoatchilik tashkilotlarigacha. To‘g‘risini aytsam, shunchaki xat jo‘natish bilan ish bitmaydi – ular javob bermaydi. Biz hatto Moskva prkuraturasiga murojaat qilganmiz – allaqanday xat olib shu bilan bosdi-bosdi bo‘lib ketdi. Bilamanki, bu murojaatlarimiz yuzasidan hech qanday tekshiruv olib borilmagan,- deydi Irina Shelektova.

“Fuqaroviy ko‘mak” faoli so‘nggi paytlarda noqonuniy migratsiyaga qarshi millatchi yoshlar va boshqa jamoatchilik tashkilotlarining faollashganini bevosita shahar meri Sergey Sobyanin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning migrantlarga qarshi chiqishlari bilan bog‘laydi.

Kuni kecha, Moskva meri lavozimi uchun kurash boshlagan muxolifatchilar Aleksey Navalniy va Sergey Udaltsovlar ham saylovoldi dasturini aynan “gastarbayterlarga qarshi” shiorlar asosida tuzgani ma‘lum bo‘ldi.

“Sova” tahlil markazi olib borgan so‘rovga ko‘ra, “Rossiya – ruslar uchun!” shiorini rossiyaliklarning 60 foizi qo‘llab-quvvatlaydi.
XS
SM
MD
LG