Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:38

Toshkent avtobuslarida madaniyat oshiriladi


O‘zbekistonda 1 iyuldan avtobus haydovchilari kabinasidagi magnitafonlar olib tashlanadi. Jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish tadbiri doirasida yo‘lovchilarni ham madaniyatga o‘rgatish choralari ko‘rilishi aytilmoqda.

“Toshshaharyo‘lovchixizmat” rasmiylariga ko‘ra, bu Toshkentda jamoat transportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish harakatlari doirasida o‘tkazilayotgan ikki oylik tadbirlarining biridir.

- Ko‘pchilik haydovchilar kabinaga katta karnayli magnitafonlarni o‘rnatib olgan. Bu bilan ular yo‘lovchilar hayotini ham xavf ostiga qo‘ymoqda. Yana bu madaniyatsizlik, ko‘plarni g‘ashiga tegadi. Hullas, endi bunday uskunalar avtobuslardan olib tashlanadi,- dedi “Toshshaharyo‘lovchixizmat” uyushmasi matbuot kotibi Farhod Nizomov Ozodlik bilan suhbatda.

Shuningdek, avtobus haydovchilariga liniyada tezlikni oshirish, kabinada har xil bezaklar, tumor, suratlar yoki plakatlar osish taqiqlanadi.

Ushbu chora-tadbirlar Toshkentda yo‘lovchi transportlarida ro‘y bergan bir qancha baxtsiz hodisalar ortidan o‘tkazilmoqda.

O‘tgan oy o‘rtalarida Toshkentning Kichik halqa yo‘lida Mercedez-Benz Conecto yo‘lovchi avtobusi yonib ketdi.

Mart oyida ham Toshkentning “Cho‘ponota” bekatida 2-yo‘nalishda harakat qiluvchi boshqa bir yo‘lovchi avtobusiga ham o‘t ketgan edi.

"Toshshaharyo‘lovchixizmat" uyushmasiga ko‘ra, shahardagi so‘nggi avtobus yong‘inining asosiy sababi yonilg‘i yetkazib beradigan trubaning yorilib ketishi bo‘lgan.

Ammo baxtli tasodif tufayli qurbonlar bo‘lmagan, yong‘in ham juda tez bartaraf etilgan.

Uzoq yil avtobus haydovchisi bo‘lib ishlagan toshkentlik Muxsin akaning aytishicha, avtobusning yonib ketishiga haydovchi va yo‘lovchilarning e‘tiborsizligi ham sabab bo‘lishi mumkin.

- Avtobus dvigatelini bir qismi salon ichida bo‘ladi. Sal uchqun bo‘lsa ketdi. Masalan, chekadiganlar bor. O‘zi jamoat transportida chekish mumkin emas, lekin avtobusda bemalol chekib ketayotganlarni ko‘p ko‘ramiz. Ayrim hollarda haydovchining o‘zi rulda chekib o‘tiradi. Axir yuzlab odamning hayoti uni qo‘lidaku,- deydi toshkentlik Muxsin aka.

Toshkentda o‘tkazilayotgan ikki oylik tadbirlar davomida “Toshshaharyo‘lovchixizmat” uyushmasi jamoat transportida tozalikni saqlash, yo‘lovchilarning o‘zini tutish madaniyati va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni ham o‘tkazadi.

Avtobus saloniga pista po‘chog‘i, qog‘oz, plastmassa idishlar tashlab ketadigan yoki o‘rindiqlarga saqich yopishtirib ketadigan yo‘lovchilar, shuningdek avtobus o‘rindiqlari va oynalariga yozuv yoki rasm solib ketadigan "rassom"larga ham qattiq chora qo‘llaniladi.

- Haftaning har juma kuni haydovchilar kabinasi va salon tozaligi nazorat tekshiruvidan o‘tkaziladi,- dedi “Toshshaharyo‘lovchixizmat” matbuot vakili Farhod Nizomov.

"Toshshaharyo‘lovchixizmat" shirkatiga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston poytaxtida Germaniyada ishlab chiqarilgan mingdan ziyod Mercedes-Benz avtobusi hamda Samarqandda yig‘ilgan “Isuzu” avtobuslari kuniga bir yarim million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Germaniyaning EvoBus GmbH shirkati bilan imzolangan shartnomaga muvofiq yana 100ta Mercedes-Benz Conecto Low Floor rusumidagi yo‘lovchi avtobusi yilning oxirigacha Toshkentga olib kelinishi kutilyapti.

Avtobus halokatlari O‘zbekiston viloyatlarida ham ko‘p kuzatiladi. O‘tgan hafta, 24 iyun kuni Qashqadaryoda, Nishon-Talimarjon avtomobil trassasida Otoyol avtobusi yo‘ldan chiqib ketgan edi. Avtobus Tiko mashinasiga urilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG