Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:54

Progulchi o‘quvchilar Bosh prokuror nazoratida


O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Vazirlar Mahkamasi nashri “Pravda Vostoka” gazetasining 2 iyul sonida e‘lon qilgan maqolasida kollejlar o‘quvchilari davomatiga oid o‘z tashvishlarini bildirdi.

Rashidjon Qodirov o‘z maqolasida kollejlar va akademik litseylar o‘quvchilarining dars qoldirishi sabablarini tahlil qildi.

Bosh prokuror sanab o‘tgan sabablar orasida, negadir, mehnat migratsiyasi tilga olinmadi.

Bosh prokuror maqolasidan mamlakat bosh nazorat organi uchun masalaning katta-kichigi yo‘qligi, kollejlar o‘quvchilari davomati ham Bosh prokuraturaning doimiy va sinchkov nazorati ostida ekanligi ma‘lum bo‘ladi.

Rashidjon Qodirovning maqolasi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional ta‘limning majburiyligi - barkamol yosh avlodni tarbiyalashning muhim sharti”, degan vazni og‘ir sarlavha ostida berilgan.

Maqola, O‘zbekistonda shakllangan taomilga ko‘ra, “mamlakat rahbari Islom Karimov rahbarligida amalga oshirilayotgan buyuk bunyodkorlik ishlari” ta‘rifi bilan boshlanadi.

Muallif ko‘zlagan maqsadi bayoniga o‘tgunicha maqola yarimlaydi.
Maqsad esa, kollejlardagi davomat doimiy nazorat ostida bo‘lishi lozimligini o‘qtirishdir.

Bosh prokuror asosiy mavzuga o‘tish uchun mana bu pozitiv ma‘lumotni “ko‘prik” qiladi: “2000 yilga qiyoslaganda 2012 yili voyaga yetmaganlar orasidagi jinoyatchilik 30,5 foizga qisqardi”

(Maqola originalida “…v sravnenii s 2000 godom v 2012 godu prestupnostь nesovershennoletnix snizilasь na 30,5 protsenta” -Nega 2000 yilga qiyoslanayapti? 1999 yili, 2001 yoki 2005 yilga qiyoslansa ko‘rsatkich qanday bo‘lgan bo‘lardi?)

Prokurorga ko‘ra, voyaga yetmaganlar orasidagi jinoyatchilik kamaydiyu “lekin kerakli nazorat yo‘qligi natijasida voyaga yetmaganlarning o‘quv yurtlarida darslarga qatnashmayotgani tabiiy tashvish uyg‘otmoqda”.

Qodirovning yozishicha, 2012-2013 o‘quv yilida kollejlar va akademik litseylarning 5 mingdan ziyod o‘quvchisi sistematik tarzda dars qoldirgan.

Maqola muallifi fikricha, davomatdagi bunday uzilishlarning ikki asosiy sababi bor:

a) o‘quv yurtlari rahbariyatining jinoyatkorona harakatlari;

b) ota-onalar va boshqa mas‘ul shaxslarning jinoyatga tenglashuvchi loqaydligi;

Bosh prokurorning xabar qilishicha, so‘nggi 2 yil va joriy yilning 5 oyi davomida mamlakat bo‘ylab ta‘lim sohasining 2 ming xodimi o‘quvchilar davomatini nazorat qilmagani uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Birgina 2012 yili, prokurorga ko‘ra, 3,5 ming ota-ona farzandalarining o‘qishga qatnashini ta‘minlamagani uchun Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga binoan javobgarlikka tortilgan.

Yana bir ma‘lumot: 2012-2013 o‘quv yilida 2114 o‘quvchi erga tekkan, ulardan 944 nafari darsga kelmay qo‘ygan.

Xullas, Bosh prokurorning maqolasida raqamlar ko‘p.
Faqat, kollej o‘quvchilaridan necha yuz yoki necha ming nafari Rossiyada yurgani to‘g‘risida va umuman, mehnat migratsiyasining davomatga ta‘siri to‘g‘risida bir so‘z ham aytilmagan.

Vaholanki, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining aytishicha, kollej yoshidagi o‘zbekistonlik bolalarni Rossiyaning har shahrida uchratish mumkin.

Bu fikr Rossiyaning turli shaharlarida ishlovchi bir necha o‘zbekistonlik bilan savol-javobimizdan paydo bo‘ldi.

Ozodlik: Siz ishlab turgan joyda o‘zbekistonlik kollej ëshidagi bolalar ham bormi?

- Kollej bolalari? Ha, bor.

Ozodlik: Kollej ëshidagi-a?

- Ha, kollej ëshidagi bolalar bor.

Ozodlik: Nima ish qilishadi ular?

- Har xil. Lyuboy ish, gruzchiklik ham qilishadi.

Ozodlik: Kollej ëshidagi bolalar ëzda kelishadimi ëki kollejda o‘qish davom etaëtgan vaqtda ham Rossiyada yurishadimi?

- Bilmadim, qachon kelganini men so‘raganim ham yo‘q. Lekin hali ësh bolalar ekanligi ma‘lum.

Tulada ishlaydigan yana bir mehnat migrantining aytishicha, Rossiyada o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarini ham uchratish mumkin:

- Nafaqat kollej o‘quvchisi, daje maktab o‘quvchilari ham shu yerda. Ko‘chada yurganingizdan keyin baribir ko‘rasiz. Oilaviy kelganlar bor bolalari bilan. Bozorda ota-onasi savdo qiladi. U bolalar perajka sotadi.

Ozodlik: Perajka sotishdan vaqt orttirib Rossiya maktabiga boradimi ëki
O‘zbekistonda ham o‘qimaydi, Rossiyada ham o‘qimaydi - shunday yurishibdimi?

- Unisiga bir narsa deya olmayman. Men shu bozorda ko‘rganman. Ota-onasi bozorda savdo qiladi. Bolalari aylanib yurishadi, deydi bir necha yildan beri Tulada ishlaydigan yana bir mehnat migranti.

Suhbatdoshlarimiz aytayotgan, lekin Bosh prokuror o‘z maqolasida negadir tilga olmagan hodisa – voyaga yetmaganlarning Rossiyaga ish izlab ketishining ko‘lami naqadar katta ekanligini kollejga kirayotgan yoshlarning o‘qishni tashlab, xorijga ishga ketishining oldini olishga mahalla qo‘mitalari jalb etilgani, ulardan “kafolat xatlari” olinayotgani ham yorqin dalildir.

Buxorodagi kollejlardan birining rahbariga ko‘ra,
“Kafolat xati” bergan shaxs kollej o‘quvchisining o‘qishni tugatguncha Rossiyaga ketib qolmasligini ta‘minlash mas‘uliyatini o‘z zimmasiga oladi.

Bu yangilik Prezident Islom Karimov 18 iyun kuni Jizzax safari davomida Rossiyada ishlab yurgan mehnat muhojirlarini "dangasa"likda ayblab, ular qilayotgan ishlardan "jirkanishi"ni aytganidan so‘ng paydo bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG