Линклар

Toshkent viloyatining deyarli barcha tumanlaridagi davlat va jamoat tashkilotlarining xodimlari viloyat paxtazorlariga chopiqqa yo‘llanmoqda. Dehqonlarning aytishicha, bu yil paxtaning avji past va kuzgi hosilning ham cho‘g‘i ozroq bo‘lishidan xavotir bois, mahalliy hokimiyatlar chopiqqa zo‘r bermoqda.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l, Qibray, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq, Bo‘ka, Parkent tumanlaridagi qator davlat va jamoat tashkilotlariga bir-bir bog‘langan Ozodlik muxbiri deyarli barcha tashkilotlar xodimlari paxta chopig‘iga jalb qilingani haqida ma‘lumot oldi.

Jumladan, Yangiyo‘l tumanidagi "Agrobank"ning o‘zini tanishtirmagan xodimlaridan biri¸ may oyi boshidan bir oydan ko‘proqqa viloyatning Quyichirqchiq tumaniga chopiqqa borganini aytdi:

"Ko‘p chiqdik, bir oydan ham oshiq chiqildi. May boshidan boshlab, Quyichirchiqdagi fermerlarga chopiqqa chiqdik. Men o‘zim ham bordim", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bank xodimi.

Toshkent viloyatidagi bolalar Mehribonlik uylaridan birining xodimi esa o‘tgan yillarda ham paxta chopig‘iga chiqishganini aytdi:

- Har yili chopiqqa yuborishadi. Bu yil ham chiqishyapti. Bu har yilgi protsessku, deb javob berdi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda Toshkent viloyatidagi Mehribonlik uyining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Toshkent viloyatidagi bolalar shifoxonalardan birining xodimi ham shu kunlarda paxta chopig‘iga chiqish davom etayotganini tasdiqlar ekan, chopiqchilar uchun hamma sharoit yaratilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi:

-Hammasi organizovat qilingan. Hokimiyatdan po-moyemu avtobuslar berilgan. Ertalab ketamiz, kechki payt kelamiz, dedi shifoxona xodimi.

Ozodlik muxbiri ommaviy tarzda paxta chopig‘iga safarbar qilinayotgan davlat tashkilotlarining xodimlariga: "Chopiq uchun haq to‘lanadimi?" degan savolni ham berdi:

- Nega endi pul to‘lashi kerak, a sizning oyligingiz ketayaptiku bu yoqdan?! Prosto siz yordamga chiqasizda endi paxtaga shu! dedi Quyichirchiq tumanidagi kasalxonalardan birining bosh shifokori.

Shuningdek, Ozodlik suhbatlashgan ishchi-xizmatchilar paxta chopig‘iga chiqish majburiyat qilib qo‘yilgani bois, ayrim kunlarda yonidan pul to‘lab dalaga borib kelganini ham aytmoqda.

Chopiqchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi chopiq avvalgi yillarga nisbatan uzoqroq davom etgan:

- O‘tgan yili pomoyemu 20 kunga odam chiqarganmiz. Bu yil pochti bir oydan beri jo‘natyapmiz, dedi Quyichirchiq tumanidagi kasalxonalardan birining bosh shifokori.

Paxta chopig‘i mavsumiga bosh bo‘lgan Toshkent viloyati hokimligidan bu vaziyatga rasmiy izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Paxta chopig‘ining uzoq davom etishi nafaqat Toshkent viloyati, balki boshqa paxtakor viloyatlarda ham kuzatilmoqda.

Paxtakor fermerlardan biri Qobiljonning aytishicha, bu yil paxtaning o‘sishi nisbatan sust ketmoqda:

- Hozir paxtaga ikkinchi kultivatsiya solindi. Suv berildi. Shuning uchun, birinchidan o‘t bosib ketayapti. Ikkinchidan, o‘zi bu yil paxta unaqa yaxshi o‘smayapti ham negadir. Yog‘ingarchilik yomon bo‘lmadi, aslida, deydi Qobiljon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida ishchi-xizmatchilarni paxta chopig‘iga ommaviy safarbar qilish keyingi uch-to‘rt yildan beri kuzatilmoqda va buning bir necha jiddiy sabablari bor:

- Fermerlarga qo‘yilgan talablar shunaqa og‘ir bo‘lib ketdiki, hozir fermerga uje baribir bo‘lib qolgan. Chunki, avval fermerni "Eringni olib qo‘yaman!", deb qo‘rqitishardi. Hozir esa fermer yerni tashlab ketmoqchi, lekin ularni yalinib olib o‘tirishibdi. Manfaatdorlik bo‘lmasa, dehqonchilik umuman bo‘lmaydi, deydi paxtakor fermer.

Jizzax va Samarqand viloyatidagi Ozodlik manbalarining aytishicha, may oyi davomida bu viloyatlarda ham davlat va jamoat tashkilotlarining xodimlari ommaviy tarzda chopiqqa olib chiqilgan.

Hatto, may oyida Jizzax viloyatida dekretda o‘tirgan emizikli ayollar ham chopiqqa chiqishga majburlanayotganini xabar qilgan, rad etgan ayollar esa bolalar uchun nafaqa pullaridan mahrum qilinishidan ogohlantirilgan edi.

Ma‘lumki, O‘zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalarning ekspluatatsiya qilinishini rad etib keladi va majburiy mehnat yuzasidan o‘zi monitoring olib borishini iddao qiladi.

Bu iddaosiga isbot o‘laroq, yillar davomida bolalar kuchi evaziga bajarib kelingan paxta chopig‘i va terimi davridagi ishlar keyingi bir necha yil ichida davlat hamda jamoat tashkilotlari ishchilari hisobiga bajarilmoqda.

Shunga qaramasdan, O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida mahalliy hokimiyatlar zo‘rlovi bilan maktab o‘quvchilarining paxta terimiga chiqarilgani kuzatildi.

Mustaqil manbalarning shu mazmundagi xabarlari ortidan O‘zbekiston hukumati bilan muzokaralarni izchil davom ettirayotganini aytgan Xalqaro Mehnat tashkiloti 1 avgust kuniga qadar o‘z ekspertlarining O‘zbekistonga kiritilishiga umid qilmoqda.

O‘zbekiston paxta dalalarida davom etayotgan chopiq mavsumiga jamoat va davlat tashkilotlari xodimining ommaviy safarbar qilinishi ham majburiy mehnat ko‘rinishlaridan biri va bu xalqaro huquqiy meyorlarga ziddir.
XS
SM
MD
LG