Линклар

Andijon viloyatida tadbirkorlardan Paynet terminallarining olib qo‘yilayotgani¸ Ozodlik manbalari tomonidan pensiya ta‘minotidagi naqd pul yetishmovchiligi bilan izohlanmoqda. Ammo Markaziy bank rasmiysi bunday muammo borligini inkor qildi.

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi barcha Paynetlardan terminallar olib qo‘yildi. Bu haqda ismi sir qolishini so‘ragan izboskanlik tadbirkorlardan biri Ozodlikka xabar berdi:

- Mana hozir tuman markazidagi 6-7ta paynetlar umuman ishlamayapti. Soliqdan, Asakabankdan kelishib barcha terminallarni yig‘ishtirib ketishibdi. Faqat ikkita paynet naqd pulga ishlayapti, dedi tadbirkor.

Ozodlikka mikrofonsiz gapirgan, Poytuq shahridagi "paynet"chilardan biriga ko‘ra, ular naqd pul topshirish bo‘yicha bank bilan imzolagan shartnomani to‘la bajarib turgan bo‘lsa¸ ham terminallar yig‘ishtirib olingan:

- Bitta menikini emas, hamma paynetchilardan terminallarni obketishdi. Asakabank, Milliy bank kelib yig‘ishtirib ketdi. Biz terminallarni Asakabankdan shartnoma asosida olganmiz. Lekin shartnoma bekor qilindi ham degani yo‘q, hech narsa demasdan olib ketishdi. O‘zi hammani plastikka o‘tqazib qo‘ygandan keyin naqd pul qayerdan bo‘ladi, deydi paynetchi.

Bu tadbirkorga ko‘ra, naqd pul tushumidan banklarning o‘zi foyda ko‘rmoqchi:

- Paynetlarda 75 foiz plastikka savdo bo‘layotgan edi. Endi naqd pulning bankka tushishi ko‘paysa, bundan bank xodimlari foyda ko‘radi. Ular plastikdagi pulni 10-15 foiz hisobiga yechib berishadi-da, endi, deydi tadbirkor.

Asakabankning o‘zini tanishtirmagan Izboskan tuman filiali xodimining aytishicha, Paynetlarni yig‘ishtirib olish haqidagi buyruq, Markaziy bankning Andijon viloyati bo‘limidan tushgan:

- Bizga Markaziy bankdan buyruq bo‘ldi. Ozgina naqd pulga ishlab turishsin, naqd pul muammo bo‘layapti, deyishdi. Birinchi darajali to‘lov – pensiyani, ish haqi bo‘yicha olti oylikni yopolmadik, shunga shunday bo‘ldi. Pensionerlarga pul yetkazib berolmadik. Sababi, avtosalonlar mashina sotolmadi, banklarda naqd pul bo‘lmadi. Shunga paynetlar besh-olti kun terminalsiz ishlab tursin deyishdi. Hozir endi sekin-sekin terminallarni yana qaytarib berayapmiz, dedi Asakabank xodimi.

Markaziy bank Andijon viloyat bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, naqd pul yetishmovchiligi sabab terminallar olib qo‘yilayotganini rad qildi:

- Bu Markaziy bankning buyrug‘i emas. Prosto shubhali operatsiyalar qilgan paynetlardagi terminallar olinsin deyilgan. Masalan, paynetda bitta plastikdan 400-500 ming so‘m yechib olinayapti. Bunaqa mumkin emasda. Shunaqalar ogohlantirilayapti, bir chetdan olib qo‘yilsin degan buyruqni hech kim bermagan. Bizda naqd pul muammosi yo‘q, hammasiga yetayapti, dedi Markaziy bankning Andijon viloyat bo‘limi mulozimi.

Xabarlarga ko‘ra, Andijon viloyatining boshqa tumanlarida ham Paynetlardan terminallar yig‘ishtirib olingan.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar, agar naqd pul tushumi ko‘paymasa, terminallarni yig‘ishtirib olish navbati AYoQShlarga o‘tishini taxmin qilmoqdalar.
XS
SM
MD
LG