Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:42

Misr prezidenti hokimiyatdan chetlatildi


Misrda norozilik namoyishlari natijasida yana hokimyat almashdi. Chorshanba kuni kechqurun Misr Mudofaa vaziri Abdul fattoh al-Sisi konstitutsiya vaqtincha bekor qilinishi va mamlakatda yangi prezident saylovi o‘tkazilishini e‘lon qildi.

Prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan chetlatildi, Misrning muvaqqat rahbari etib Konstitutsiyaviy sud raisi Adli Mansur tayinlandi.

Hozirda sobiq prezidentning qayerdaligi aniq aytilgani yo‘q. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Mursiy uy qamog‘iga olingan va uni prezident gvardiyasi qo‘riqlamoqda.

Hokimiyat almashinuvi Misr harbiylarining prezident Mursiyga qo‘ygan ultimatumi muhlati tugashi ortidan amalga oshdi.

Dushanba kuni Misr Mudofaa vaziri general Abdulfattoh al-Sisi e‘lon qilgan ultimatumda Mursiy hukumati 48 soat ichida muholifat bilan o‘zaro kelishmovchiliklarni hal qilmasa, harbiylar vujudga kelgan vaziyatdan chiqish uchun chora ko‘rishidan ogohlantirgan edi.

48 soatlik muhlat chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:30 tugadi. Harbiylarning vaziyatga aralashuvi bir necha soatga kech qolgani Qohira ko‘chalariga harbiy texnika va qo‘shinlarni joylashtirish uchun vaqt ketgani bilan izohlanmoqda.

Chorshanba kuni, harbiylar ultimatumi muhlati tugashi arafasida, mudofaa vaziri al-Sisi Misr muxolifati yetakchisi Muhammad ElBaradey, Qohiradagi Al-Azhar Universiteti shayxi Ahmad at-Toyib va kopt nasroniylari cherkovi rahnamosi pop Tavadros bilan muzokara o‘tkazgan edi.

Qohira ko‘chalaridagi vaziyat 2011 yil 12 fevral kunini eslatmoqda. O‘shanda mamlakatni 30 yil boshqargan Husni Muborak rejimi hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Bu safar ham vaziyat harbiylarnng faol ishtirokida rivojlanib bordi. Biroq 2011 yilda hokimiyatni harbiylarga o‘z ixtiyori bilan topshirgan Muborakdan farqli o‘laroq, Mursiy so‘nggi daqiqagacha iqtidordan ketish istagini bildirmadi.

Seshanba kuni Mursiy harbiylar ultimatumini rad qilib, vaziyatdan chiqish uchun o‘z rejasi borligini bayon qildi. Mursiy “konstitutsion legitimligini” himoya qilish uchun hayotini tikishga tayyorligini ham ta‘kidladi.

3 iyul kuni ham bundan ikki yarim yil avvlgidagi kabi Qohiraning markaziy Tahrir maydonida hokimiyatning almashishiga erishgan misrliklar bayram qilmoqda. Maydonda muxolifat g‘alabasi feyyerverk bilan nishonlanmoqda. Tahrir maydonidagilar "Xalq bilan armiya bir tomonda", deya xitob qilmoqda.

Sobiq prezident ma‘muriyatining Facebook tarmog‘idagi sahifasida tarqatilgan bayonotda mamlakatda ro‘y bergan hodisaga harbiy to‘ntarish, deya baho berildi. Bayonotda Mursiyning "men prezident sifatida bu harbiy to‘ntarishga qarshi tinch yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatishga chaqiraman", degan so‘zlaridan iqtibos keltirilmoqda.

Mursiyning iste‘fosi talabi bilan yakshanba kuni Qohira va boshqa shaharlarda boshlangan namoyishlarga millionlab misrlik chiqdi. Uch kun davom etgan noroziliklar paytida 40qa yaqin odam halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Chorshanba kuni mudofaa vaziri hokimiyat almashinuvi haqida e‘lon qilganidan keyin Al-Azhar Universiteti shayxi Ahmad at-Toyib chiqish qilib, harbiylar ilgari surgan rejani qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Misrlik musulmonlar orasida katta nufuzga ega bo‘lgan shayx muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazishga chaqirdi. Harbiylar rejasini Misrdagi kopt nasroniylari cherkovi rahnamosi ham qo‘llab-quvvatladi.

Muxolifat yetakchisi Muhammad ElBaradey chorshanba kungi hodisani 2011 yilgi inqilobning "qayta amalga oshishi", deya atadi.
XS
SM
MD
LG