Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:42

O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya oldidan o‘lib qoldi


26 iyun chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya poytaxti Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli Xorij fuqarolarini saqlash markazida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 44 yoshli R.Muxametzyanov vafot etdi.

Markazning navbatchi ofitseri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda 13-kamerada jon taslim qilgan o‘zbekistonlik bu muhojir og‘ir surunkali dardlar bilan kasallangani, ayniqsa, oyoqlarida chiqqan yaralardan shikoyat qilib, 10 dan ortiq marotaba tibbiy qismga murojaat qilganini bildirdi:

- Ha, u bizda yurak faoliyatidagi noqislik tufayli vafot etdi. Bilishimcha, uning jasadi hozir Botkina shifoxonasi morgiga olib ketilgan. Uning bu yerda qancha bo‘lganini aniq bilmadimu, odatda hujjatlari bo‘lmagan yoki tasdiqlangan hujjatlari elchixonadan kelishini kutayotgan shaxslar uzoq muddat markazimizda qolib ketadi, deya ma‘lum qildi o‘z ismini aytmagan Moskvaning 1-sonli Xorij fuqarolarini saqlash markazi xodimi.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasida Dmitrovskoye shossesidagi izolyatorda nobud bo‘lgan 44 yashar o‘zbekistonlik Rafik Muxametzyanov “migratsiya qonunchiligini buzgani”, soddaroq qilib aytsak, zaruriy hujjatlari bo‘lmagani uchun ushlanganini ma‘lum qilishdi.

Politsiya tarqatgan rasmiy xabardan o‘zbek muhojirining kim ekanligi aniqlash qiyin.

Aniqlanishicha, shu yilning boshlarida politsiya patrul xizmatchilari Muxametzyanovni Moskva markazida behush holatda topgan. Biror hujjati bo‘lmagan muhojirning juda abgor ahvolda, ruhiyati ham joyida bo‘lmagani qayd qilingan.

Politsiya xodimlari 22 fevral kuni Muxametzyanovni sudga yetaklab kelishgan va Moskvaning Tverskoy tuman sudyasi uni Rossiya hududidan ma‘muriy badarg‘a qilish to‘g‘risida qaror chiqargan:

- Haqiqatan, joriy yilning 22 fevralida Muxametzyanovni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilganmiz. U Rossiya Ma‘muriy kodeksining 18.8- moddasi – xorij fuqaroning Rossiya Federatsiyasiga kirish va yashash qoidalarini buzganligi asosida deportatsiya qilingan. O‘tgan yili qonunga kiritilgan o‘zgartirishga binoan, Muxametzyanovni chiqarib yuborish Sud pristavlari federal xizmatiga yuklangan, dedi bu shaxsning ismi Rafik ekani, uning haqiqatan o‘zbekistonlik ekanini tasdiqlagan Moskvadagi Tverskoy sudi vakilasi Olьga.

Deportatsiya qilishdan oldin saqlash markaziga olib kelinganida 1969 yilda tug‘ilgan muhojirda “boldir suyaklarining surunkali osteomiyeliti, boldirlarining trofik yaralari” va boshqa qator kasalliklari borligi aën bo‘lgan.

Markazda uning barcha tibbiy muolaja to‘g‘risidagi talablari qondirilgani, oyoqlari tibbiy preparatlar bilan davolanganini aytishdi. Rasmiylarga ko‘ra¸ aprel va iyun oylarida uning ahvoli og‘irlashgani tufayli ikki marotaba tibbiy yordam chaqirtirilgan.

Deportatsiya markazi xodimlari Ozodlik muxbiriga Muxametzyanov uyquda jon berganini bildirishdi.

Nima sababdan O‘zbekiston fuqarosi yanvar oyidan buyon Xorij fuqarolarini saqlash markazida og‘ir ahvolda saqlangan va uning tiriklayin chirib ketishiga kimlar aybdor? degan savol bilan mutasaddi rasmiylarga murojaat qildik.

Buni pristavlar xizmatida Muxametzyanovning shaxsini tasdiqlovchi va deportatsiya qilish uchun zaruriy hujjatlar O‘zbekiston elchixonasidan junatilishi uzoqqa cho‘zilib ketgani bilan izohlashdi:

- Bu hodisadan men xabardorman. Haqiqatan, uni yarim yildan ortiq ushlab turishgan, chunki uning shaxsi aniqlanmagan edi, hujjatlari yo‘q edi. Qonun yuzasidan biz O‘zbekiston elchixonasiga so‘rovnoma yuborganmiz. Biroq uning o‘limiga bevosita sabab bo‘lgan omillar taftish etilishi kerak. Hozir tergov qo‘mitasi o‘zbekistonlik bu shaxsning o‘limi yuzasidan tergov olib borayapti, dedi Ozodlikka Sud pristavlari federal xizmati matbuot markazi rahbari Tatьyana Trunova.

Federal pristavlar xizmatida odatda migrantlar deportatsiyasi uchun keladigan hujjatlar rasmiylashtirilishiga 3 oygacha vaqt ketishini ma‘lum qilishdi. "Biroq, O‘zbekiston fuqarolari uchun bu mamlakat konsulligidan hujjat olish muddati biroz cho‘zilishi odatiy hol", dedi Tatyana Trunova.

Rossiyada mehnat muhojirlari va qochqinlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi “Memorial” Inson huquqlari markazi faoli Bahrom Hamroyev muhojirlarni deportatsiya markazlarida uzoq muddat saqlanishi sabablarini bunday tushuntiradi:

- Qonunbuzarlik eng avvalo sud hukmidan boshlanadi. Sud har taraflama o‘rganmasdan hukm chiqaradi. Ikkinchidan, davlat byudjetidan mablag‘ olmasdan o‘sha mehnat muhojirining tanish-bilishlaridan davlat strukturalari telefon qilib, “Sizlar biletini olib beringlar – biz jo‘natvoramiz”, deb uzoq muddat ushlab turadi.

Boshqa tarafdan, qamoqxonada uzoq ushlab turilganda ancha aziyat chekadi, sog‘ligini yo‘qotadi, o‘lib qolishi mumkin. Bu yerdan ketgan mehnat muhojiri “Endi tovba qildim, boshqa kelmayman!”, degan darajaga yetkaziladi, u boshqalarga aytadi.

Bu mushtumzo‘rlik faqat o‘zbek-tojikka ko‘rsatiladi. Agar davlat rahbarlari, elchixona vakillari o‘z xalqiga hurmat qilganda, rahmdillik qilganda, men aniq ishonamanki bunday markazlar bo‘lmaydi, bunaqa xoru-zorliklarni xalq ko‘rmaydi, dedi huquq faoli Bahrom Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni avj oldirayotgan Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida Xorij fuqarolarini saqlash markazlari ochilmoqda. 2014 yilning 1 yanvaridan Rossiyadan chiqarib yuborilayotgan xorijliklar Ichki ishlar priyomniklari va izolyatorlarda saqlanmasligi uchun har bir viloyat va o‘lkada migrantlarni saqlash markazlari ochilishi shart.

Rossiya Federal migratsya xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda har biri 500 kishigacha odamni joylashtira oluvchi kamida 24 ta Xorij fuqarolarini saqlash markazlari faoliyat yuritmoqda.

Migratsiya xizmati rahbariyati 2013 yil oxirlariga kelib Rossiyada migrantlar deportatsiya markazlari sonining 96 taga yetishini xabar qildi.
XS
SM
MD
LG