Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:32

Xorazmda xorijga ishga ketganlar ro‘yxatga olinmoqda


Xorazmda mahalla faollari uyma-uy yurib, xorijga ishlashga ketgan fuqarolar ro‘yxatini tuzmoqda. Bu haqda Ozodlikka bog‘langan xorazmliklar ma‘lum qilishdi.

Viloyatidagi mehnat muhojirlarini ro‘yxatga olish tadbiri O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning o‘tgan oy Jizzahda aytgan gapidan so‘ng kuchaydi.

Prezident Karimov Moskvada ko‘cha supurayotgan o‘zbeklarni dangasalar, deb atab ulardan jirkanishini aytgan edi.

Xorazmning Urganch tumanida yashovchi Ro‘zmat akaning aytishicha: “mahalla faollari Rossiya, Qozog‘istonga oiladan kimlar ketgan, qachon ketgan, nima ish qilishadi, ularni xorijdagi manzili va telefon raqamlari haqida ma‘lumot to‘plashyapti”:

- Ayrim mahallaqo‘mlar farzandlari Rossiya, Qozog‘istonga ketgan ota-onalar bilan juda qo‘pol gaplashishayapti. "Nimaga ketadi, qaytar", degan gaplarni aytishayapti, deydi Ro‘zmat aka.

Urganch tumani hokimligi rasmiylari shunday tekshiruvlar o‘tkazilayotganini tasdiqlashdi:

- bo‘layotgani bor gap. Lekin biz Rossiyaga ishlagani ketgan kollej o‘quvchilari bilan qiziqayapmiz, dedi o‘z ismini aytmagan Urganch tumani hokimligi rasmiysi.

Xorazm viloyat hokimligi O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi mas‘ullaridan birining Ozodlikka aytishicha, o‘qishni tamomlamasdan xorijga ketib qolgan kollej o‘quvchilari ortga qaytariladi:

- Kollejga hujjat topshirib, bir yil o‘qib-o‘qimasdan Rossiyaga ketib qolayotganlar bor, hozir shundaylarni aniqlayapmiz. O‘qishini tugatib, mutaxassisligi bo‘yicha diplomini olib ketsa boshqa gap. O‘qishni tugatganidan keyin xohlasa shu yerda ishlasin, xohlasa Rossiyaga ketsin. O‘qishni tamomlamasdan ketib qolishi mumkin emas, deydi Xorazm O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi mas‘ul xodimlaridan biri.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ shu kunlarda viloyatda maktab bitiruvchilari va kollej talabalarining xorijga ish izlab ketishining oldini olish uchun choralar kuchaytirilgan.

Endilikda kollej va litseylarning qabul komissiyalari¸ aytilishicha¸ bo‘lajak talabalardan o‘zi yashaydigan mahalla qo‘mitasidan "uch yil hech qayerga chiqmaydi", degan mazmundagi kafolat xati talab qilayapti.

Urganchlik Ro‘zmat akaning aytishicha, mehnat muhojirlarini ro‘yxatga olayotgan mahalla faollari faqat kollej talabalari bilan qiziqayotgani yo‘q:

-Ular oiladan kimlar ketdi, ismi, familiyasi, nimaga ketdi, qayerda, nima ish qiladi, deb so‘rayapti va qayd daftariga yozayapti. Hozir bizni ko‘chada bir oiladan ikki, uch odam yo Rossiyada yo Qozog‘istonda. Bu yerda faqat pensionerlar qolgan, deydi Ro‘zmat aka.

Mehnatga yaroqli aksar aholisi Rossiya va Qozog‘istonga chiqib ketgan Xorazmda hozir ishchi kuchi yetishmayotgani bois Urganch shahrini qayta qurish ishiga talabalar va davlat xodimlari jalb etilmoqda.

Qo‘shni viloyatlardan qurilish sohasi mutaxassislari ham Urganchga olib kelinmoqda.

Rossiyada farrosh bo‘lib ishlaydigan Jumanazarning aytishicha, hozir Sankt- Peterburgni xorazmliklar egallagan.

- Hozir Sankt-Peterburgdagi har ikki o‘zbek muhojirining biri xorazmlik. Xorazmliklar egallagan bu yerni. Oylikni bermasa shu yerga kelib ishlaymizda. O‘zbekistonga qaytarisharmiz bizni, degan gapni oldin ham eshitgandik. Lekin shu yerda beradigan oylikni u yoqda bersa jon, deb qaytgan bo‘lar edim, oilamning yoniga, deydi Jumanazar.

Xabarlarga ko‘ra, chetga ketib qolgan mehnat muhojirlarini ro‘yxatga olish faqat Xorazmda bo‘layotgani yo‘q. Avvalroq, Andijon va JizzaX viloyatlarida ham shunday tadbirlar bo‘layotgani haqda xabar qilingan edi.
XS
SM
MD
LG