Линклар

1 iyuldan Internet tarmog‘ida My.gov.uz O‘zbekiston interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi. Rasmiy baënotlarda fuqarolarning xohlagan davlat organi bilan shu portal orqali muloqot qilishlari mumkinligi aytilmoqda.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi rasmiylari ushbu loyihaning amalga oshirilishini mamlakatda “Virtual hukumat” tizimini joriy etish va rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam, demoqdalar.

- My.gov.uz portali bu O‘zbekiston davlat boshqaruv organlari tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlarni bir joyga to‘plangan yagona oynasidir. Odamlar xohlagan davlat organidan interaktiv hizmatni shu yerdan olishi mumkin, deydi O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi matbuot vakili Elbek Dolimov Ozodlik bilan suhbatda.

Janob Dolimovga ko‘ra, hozircha my.gov.uz portalida odamlarning kundalik turmushiga oid sohalar bo‘yicha 40ga yaqin interaktiv xizmatlar bor:

- Asosiy e‘tibor aholidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishga qaratiladi. Yagona portal orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub‘ektlari mahalliy hokimiyat organlariga o‘z murojaatlarini yuborishlari mumkin, deydi Elbek Dolimov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ murojaat qiluvchilar o‘z arizalari davlat organi tomonidan ko‘rib chiqilishini real vaqtda kuzatib borishlari ham mumkin.

My.gov.uz portali statistik modulida hozirga qadar O‘zbekiston davlat boshqaruv organlariga 112ta ariza kelib tushgani, shulardan o‘ntasi ko‘rib chiqilgani, 102 ariza ko‘rib chiqish bosqichida ekanini ko‘rish mumkin.

Davlat idoralariga murojaat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar my.gov.uz portalida qayddan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

“Elektron hukumat” kontseptsiyasi aslida hukumatning shaffofligi va o‘z fuqarolariga hozirjavobliligi, hokimiyat tarmoqlarining jamiyat bilan samarali muloqotini ta‘minlaydigan tizimdir.

Bu tizim fuqarolar uchun turli vazirlik va idoralardagi istalgan darajadagi rahbar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini ham berishi kerak.

Toshkentlik kompyuter sohasi mutaxassisi Tohir fikricha, O‘zbekistonda “elektron hukumat” hukumat haqida gapirishga hali juda erta:

- Hukumat idoralarini saytiga bir qarang. Ko‘pchiligi oyda bir yangilansa yangilanadi, bo‘lmasa yo‘q. Interaktiv muloqot u yoqda tursin, aloqa ham qilib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik saytlarda “Biz bilan aloqa” bo‘limida telefon nomerlari yozilmagan. Hozir butun dunyoda idoralar Internetga o‘tgan, biz hali o‘tgan asrdamiz, deydi Tohir.

Ayrimlar esa O‘zbekistondek davlatda hukumat idoralariga Internet orqali murojaat qilib, muammo hal qilinishiga erishib bo‘lmasligini aytadi:

- Masalan, hozir ko‘pchilikni qiynayotgan masala nafaqalarning vaqtida berilmayotgani, biometrik pasportlar, chiqish vizasi olish. Siz o‘ylaysiz, O‘zbekistonda hammasi oson, hammasi shaffof. Yo‘q, ish bitishi uchun idoralarni oldida soatlab turishga, quloqlashishga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda shusiz ish bitmaydi, deydi oddiy tadbirkor Bahodir aka.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligiga ko‘ra, hozirda mamlakatda Internet foydalanuvchilari soni 10 milliondan oshadi.

Agar agentlik keltirgan raqamlar rost bo‘lsa¸ O‘zbekistonda har uch odamning biri Internetdan foydalanadi.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi rasmiylari aynan shu jihatdan ham mamlakatda "Elektron hukumat"ni yo‘lga qo‘yishga zarurat bor, degan fikrdalar.
XS
SM
MD
LG