Линклар

Rahmon imom-xatiblarga byudjetdan maosh tayinladi


Uchrashuvga da‘vat etilgan din vakillarini prezident bir xil tikilgan diniy liboslar va sovg‘alar bilan siyladi.

Uchrashuvga da‘vat etilgan din vakillarini prezident bir xil tikilgan diniy liboslar va sovg‘alar bilan siyladi.

Dushanbeda diniy tashkilot va mahalliy hokimiyat vakillarini yiqqan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mamlakatdagi diniy vaziyatni xavotirli deb baholadi. Prezidentga ko‘ra, o‘tgan bir yarim yil davomida mamlakatda 50 nafar hoji jinoyat sodir qilganlikda ayblangan.

Tojikiston prezidenti 4 iyul kuni Dushanbe shahrida diniy tashkilot va mahalliy hokimiyat vakillarining 1200 nafar vakili bilan ko‘rishdi. To‘rt soat davom etgan yig‘ilishda 2 soatu 40 minut gapirgan Rahmon mamlakatda diniy vaziyatni xavotirli deb atadi:

“Mamlakatda 4000 masjid, 6 madrasa, gimnaziya va Islom universiteti faoliyat ko‘rsatayapti. Bizda 7000 nafar mahalliy va xorijdagi diniy maktab bitiruvchilari va 200 ming nafar hoji bor. Lekin shunga qaramasdan jamiyatda fanatizm va radikalizm kuchaymoqda, hatto terrorchilik harakatlari sodir bo‘lib turibdi”, dedi prezident.

Rahmonga ko‘ra, ba‘zi diniy liderlarning Navro‘zni “g‘ayriislomiy” deb atashlarini qabul qilib bo‘lmaydi:

“Navro‘z tabiat bayrami singari bizning ham milliy bayramimizdir.. U 6000 yillik tarixga ega va din, mazhabga hech qanday aloqasi yo‘q”, dedi Rahmon.

Prezident o‘tgan besh oy davomida Tojikistonda terrorizm va radikalizm zaminida 32 ta jinoyat sodir etilganini aytar ekan, ba‘zi jinoyatlar Haj safariga borib kelgan hojilar tomonidan sodir etilayotganini urg‘uladi:

“Bizning ba‘zi fuqarolarimiz Hoji degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lgan, biroq ular jinoyat sari yuz tutmoqdalar. O‘tgan bir yarim yil davomida 50 nafar hojilarimiz jinoyatga qo‘l urgan”, dedi prezident.

Bir necha yil avval xorijdagi diniy maktablarda ta‘lim olayotgan 2000dan ortiq talaba prezident buyrug‘i bilan Tojikistonga qaytarilgan edi. Rahmonning navbatdagi tanqidi nishoni tojik yoshlarining diniy ta‘lim olishi bo‘ldi. Unga ko‘ra, yoshlarni xorijdagi diniy ta‘lim dargohlarida o‘qitishning oqibatlari xayrli bo‘lmaydi.

Prezident o‘z chiqishida mullalar masalasiga alohida to‘xtaldi. U jinoyat sodir qilgan mullalar haqida misollar keltirar ekan, ba‘zi mullalar o‘z harakatlari bilan dinga sharmandalik keltirayotganini ta‘kidladi:

“Masalan, voselik 34 yoshli mulla Sobir bir ayolga uylanib yashagandan so‘ng, uning 12 yoshli qizini ham nikohiga oladi. Ularning nikohini esa jome masjidning imom-xatibi Qurbonnazar Xo‘jamov o‘qigan”, dedi Rahmon jumladan.

Prezident yangi yildan boshlab masjid imom-xatiblariga davlat byudjeti hisobidan maosh tayinlanishini aytdi.

Ovozini eshittirmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan tojikistonlik dindorlardan biri, “prezidentning bu harakatini dinni qattiqroq nazorat qilishga qaratilgan”, deb atadi:

- O‘zi shunday ham masjidlarga tayinlanadigan imom-xatiblar hukumatning odamlari bo‘lib qoldi. Endi ularga bir tutam maosh berib, yanada itoatkor qiladi. So‘nggi yillarda Tojikistonda islom ancha qisilib qoldi, bir qancha obro‘li masjidlar yopildi, taniqli din ulamolari ta‘qib qilinmoqda, dedi tojikistonlik dindor.

Biroq bu uchrashuvga siyosiy partiyalar, jumladan hukumatga muxolif bo‘lgan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining vakillari taklif qilinmadi.

Taniqli diniy ulamolardan biri bo‘lgan Mirzo hojining Ozodlik muxbiriga aytishicha, uchrashuvda qatnashgan aksariyat din vakillari prezident bilan uchrashuvda prezidentni maqtashdan nariga o‘tmagan:

“Payg‘ambarimiz(s.a.v.) ham aytganlar, yuzingga qarab maqtagan odamning og‘ziga tuproq sochinglar. Muhokama qilinadigan juda muhim masalalar bor edi, afsuski menga navbat yetmadi”, dedi Mirzo hoji.
XS
SM
MD
LG