Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:44

Toshkent litseylari qishloq o‘quvchilarini qabul qilmaydi


Toshkent shahridagi akademik litseylar viloyatlarda o‘qigan maktab o‘quvchilarini qabul qilmayapti. Litsey mutasaddilariga ko‘ra, bu borada maxsus buyruq bo‘lib, poytaxt litseylari faqat toshkentlik o‘quvchilarni qabul qilishi shart.

Mamlakat bo‘yicha jami 143 ta akademik litsey bo‘lib, shundan 41 tasi Toshkent shahrida joylashgan.

Hozirda poytaxt litseylari mamlakat viloyatlaridan kelgan o‘quvchilarni qabul qilmayapti.

Urganchlik Nigora opaga ko‘ra, 9-sinfni bitirgan qizining hujjatlarini Toshkentdagi Jahon tillari universiteti qoshidagi litseyga topshirishni rejalashtirgan, biroq litsey hujjatlarni qabul qilmagan.

“Qizimni kelgusida Jahon tillari universitetiga o‘qishga kiritmoqchi edim. Shu maqsadda ushbu litseyda o‘qisa, degandim. Lekin Xorazmdan hujjat olmaymiz, deb qaytarib berishdi”, dedi Nigora opa Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Jahon tillari universiteti qoshidagi litseylardan biri bog‘langanida, litsey xodimi viloyat o‘quvchilari qabul qilinmasligi tasdiqladi.

- Bizda kvota ajratilmagan. Kvota boshqarma tomonidan ajratiladi. Bizda o‘quvchilar turar-joyi mavjud emas - shu sababli. Keyin boshqarma ham ruxsat bermaydi, - dedi o‘zini tanishtirmagan litsey xodimi.

Toshkentdagi boshqa bir litseyning ismini ochiqlamayotganimiz xodimiga ko‘ra, viloyat o‘quvchilarini qabul qilmaslik haqida maxsus buyruq bor.

- Toshkent shahri bo‘yicha shunday buyruq kelgan. Nizomda shunday. O‘rta-maxsus bo‘yicha hamma viloyatlar o‘ziga borishi kerak, degan punkt bor. Bizga buyruq keladi. O‘sha buyruqda shunday yozilgan, - dedi suhbatdoshimiz.

Toshkent arxitektura va qurilish instituti qoshidagi litseydan olingan ma‘lumotga ko‘ra, viloyatda o‘qigan o‘quvchi, agar O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirligidan maxsus ruxsat olsa, poytaxt litseylarida o‘qish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

- Boshqarmadan ruxsat so‘raladi. O‘zimizning o‘rta-maxsus kasb-hunar boshqarmasidan. Keyin markaz - vazirlikdan ruxsatnoma bo‘lishi kerak. Ular ruxsat bersa, qabul qilishimiz mumkin, - dedi ushbu litseyning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Toshkent Davlat Texnika universitetiga qarashli litsey xodimi esa poytaxt litseylariga o‘quvchilarning qabul qilinmasligini quyidagicha izohladi:

- Qabul qilmaslikning sababi - birinchidan, o‘quvchi Toshkentda o‘qimagan. Toshkent faqat Toshkentni qamrab olishi kerak, degan boshqarmaning fikri bor. Toshkent o‘quvchisini Toshkent litsey-kollejlari qamrab olishi kerak. Ana undan keyin, agar joy yetmay qolsa, viloyatga ruxsat beriladi, - dedi litseyning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Bu yil Toshkent Davlat Texnika universitetiga qarashli ushbu litseyga viloyat o‘quvchilari uchun 30 ta o‘ringa kvota berilgan. Lekin suhbatdoshga ko‘ra, mazkur litsey faqat Toshkent viloyati o‘quvchilarini qabul qilish huquqiga ega.

Poytaxtdagi boshqa litseylardan farqli ravishda Toshkent Davlat Pediatriya-tibbiyot institutiga qarashli litseylar viloyat o‘quvchilarini qabul qilishi mumkin.

Ayni paytda litseyga viloyat o‘quvchilari uchun juda cheklangan miqdorda o‘rin ajratilgan bo‘lib, bu yilgi viloyatga ajratilgan kvota 30 iyun kuni tugagan.

- Viloyat uchun joy berilgan. Lekin qabulimiz viloyat uchun yopilgan. Joyimiz to‘ldi. Hozir viloyatdan qabul qilmayapmiz. Endi viloyatga qabul qilishga hamma litseyga ham ruxsat berilmagan. Yotoqxonasi borlar yoki talab ko‘plarga viloyatdan qabul qilishga ruxsat bergan, - dedi Toshkent Davlat Pediatriya-tibbiyot institutiga qarashli litseyning ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yilda 533 ming 658 o‘quvchi 9-sinfni bitirgan. Ulardan 482 ming 427 nafari o‘qishni kasb-hunar kollejlarida, 51 ming 231 nafari esa akademik litseylarda davom ettirishi ko‘zda tutilgan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 1396 ta kasb-hunar kolleji va 141ta akademik litsey bo‘lib, ularda 1,7 milliondan ortiq o‘quvchi ta‘lim oladi.
XS
SM
MD
LG