Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:38

Marg‘ilonda "Shirin Nur Biznes" savdo majmuasiga o‘t tushdi


4 iyuldan 5 iyulga o‘tar kechasi Marg‘ilon shahrining Ipakchilar mavzesidagi sobiq Ipak kombinati o‘rnida joylashgan "Shirin Nur Biznes" savdo majmuasining oziq-ovqat qismida katta yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in xabari Ozodlikka 7 iyul kuni WhatsApp orqali yo‘llandi.

Marg‘ilon shahrining Ipakchilar mavzesidagi sobiq Ipak kombinati binosida joylashgan "Shirin Nur Biznes" savdo majmuasining oziq-ovqat qismida 4-5 iyulga o‘tar kechasi yong‘in chiqdi.

Bu haqda Ozodlikka WhatsApp orqali yo‘llangan xabarda bozorning 70 foizdan ortiq qismi yonib ketgani aytildi.

Bozorning sog‘ qolgan qismida do‘koni bo‘lgan savdogarlardan birining Ozodlikka aytishicha, ma‘murlar yong‘inning elektr tarmog‘idagi nosozlikdan kelib chiqqanini aytmoqda.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan bu savdogarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in bozorning xalq tilida "Tim" deb ataladigan qismida chiqqan.

"Katta zdaniye edi. Eni 50-60 metr, uzunligi 100 metrdan oshiq edi. Uning ichida oziq-ovqatning optomi ham bor edi. Kattalar kechasi elektrdan o‘t chiqqan, deyishdi. Hamma narsa yonib ketibdi ekan. Lekin hech kimni u yoqqa kiritishmayapti", dedi marg‘ilonlik tadbirkor.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bozorda chiqqan yong‘in bois qariyb 1 milliard 200 ming so‘mlik mahsulot yonib ketgan.

Bu mahsulotning kattagina qismi savdo majmuasi ichidagi "Marg‘ilon ulgurji iste‘mol oziq-ovqat bozori" mas‘uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ekani aytildi.

"Chunki hamma mahsulot qog‘ozda, korobkada, tushunayapsizmi? Rosa yonadi-da bular. Yog‘ bor, shakar bor yonadigan. Xullas, hammasi yonib ketibdi", deydi marg‘ilonlik tadbirkor.

Bu xabar ortidan Ozodlik muxbiri oziq-ovqat bozori joylashgan Marg‘ilon Ipakchilar shaharchasining uchastka noziri Diyorbek, deb taqdim qilingan militsiya xodimi bilan bog‘landi.

Nozirdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bozorning 70 foizdan ortiq qismi yonib bitgan va hozir tozalash ishlari davom etmoqda.

"Endi bir oylardan so‘ng ishga tushishi mumkin. Hozir hech kim kiritilmaydi, tozalanayapti", dedi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda uchastka noziri Diyorbek.

Marg‘ilon shahar Yong‘in xavfsizligi xizmati hamda hokimiyatidan bu borada ma‘lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Shu kunlarda Rossiya ishlayotgan marg‘ilonlik mehnat muhojiri, muqaddam oziq-ovqat bozorida rastasi bo‘lgan Hakimjonning aytishicha, mazkur bozorda bu singari yong‘in tez-tez uchramoqda.

- Mening bilishimcha, bu shu bozordagi to‘rtinchi yong‘in. Har safar kechasi o‘t chiqadi, ertalab borsangiz, hamma narsa yonib, kul bo‘lgan bo‘ladi. Har safar elektrdan chiqdi, deyishadi va hech narsani berishmaydi, - deydi hozir Rossiyada yurgan marg‘ilonlik mehnat muhojiri Hakimjon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq Marg‘ilon ipak kombinatining ikkita binosi hozir bozorga aylantirilgan.

- Shuning bittasi oziq-ovqatga berilgan. Yana biri yana bir narsaga. Qolgan binolari buzilib, do‘konlarga berilgan. Rastalar bor. Xullas, bu bozorda hamma narsa sotiladi, oziq-ovqatdan tortib, kiyim-kechak - hamma narsani topasiz-da, - deydi Hakimjon.

Hakimjon bozorda mahsuloti kuyib ketgan tadbirkorlar so‘zlariga tayangan holda, "yong‘in ortida o‘g‘irlik bor", degan gumonni tilga oldi.

- Chunki bundan ikki yil oldin ham xuddi shu bozor yonib ketgan. Xuddi birdaniga to‘rt tarafidan o‘t tushib, hamma narsa yonib ketganmish-da o‘shandayam. Kim ishonadi bunga?! Ha, bozorning oynali joylari bor, hamma tomoni birdek yonmaydi-ku. Ikki yilcha burun ham shunaqa yongan, hech narsani qaytarib berishmagan, hamma kuyib qolavergan, - deydi Hakimjon.

Shu yilning 29 iyunga o‘tar kechasi Namangan shahridagi ikki qavatli “O‘zbegim” kafesiga ham o‘t tushgan edi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbasiga ko‘ra, tunda boshlangan mazkur yong‘inni ham o‘t o‘chiruvchilar vaqtida o‘chira olmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan namanganlik tadbirkorlardan biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lgan bu bino yonishi oqibatida 250 million so‘mlik zarar ko‘rilgan.

22 iyun kuni esa Farg‘ona shahri markazida joylashgan "Aleksandriya" nomli savdo majmuasida yong‘in chiqqani xabar qilingandi.

21 iyun kuni esa Andijon shahrining sobiq to‘qimachilik kombinati yonida joylashgan muhtasham madrasaning yap-yangi binosi yonib ketgan edi.

************************

WhatsApp tarmog‘i orqali shunday xabarlarni yo‘llayotgan barcha mushtariylarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.

Bunday mushtariylar safiga qo‘shilishni istagan faol mushatriylarimizga esa manzilimizni yana bir bor eslatamiz:
WhatsApp +420 724 971 539
XS
SM
MD
LG