Линклар

GM Uzbekistanning sakkiz turdagi mashinasi 7,0 foizdan 28,1 foizgacha qimmatlashi to‘g‘risida mahalliy matbuot xabar qildi. Biroq shirkat rahbariyati Ozodlikka bu ma‘lumotni inkor qildi. Ayni paytda avtosalonlar inventarizatsiya uchun yopilgan.

8 iyul kuni WhatsApp orqali Ozodlikka yetib kelgan xabarga ko‘ra, GM Uzbekistan ichki bozor uchun mashinalar narxini oshirayapti. Manbamiz yangi narxlar aks etgan preyskurant nusxasini ham jo‘natdi.

Yangi preyskurant nusxasi. WhatsApp orqali Ozodlikka jo‘natilgan surat.




O‘zbek mahalliy matbuoti, jumladan, Uz24.uz sayti ham GM Uzbekistan shirkati Matiz, Nexia, Spark, Lacetti, Captiva, Malibu, Cobalt, Damas mashinalari narxini 28,1 foizgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar qildi.

Mazkur sayt ma‘lumotiga ko‘ra:

Matiz - 28,1%, Nexia – 26,4%, Spark - 16%, Lacetti – 22,6%, Captiva – 7,5%, Cobalt – 7,4%, Malibu – 12% ga qimmatlaydi.

Demak, endilikda Damas mashinalari, komplektatsiyasiga qarab, 25 050 000 million so‘mdan 26 783 000 million so‘mgacha, "Matiz" 21 823 000 million so‘mdan 22 490 000 million so‘mgacha, "Spark" 27 937 000 million so‘mdan 32 598 000 million so‘mgacha, "Captiva" 93 001 000 million so‘mgacha, "Nexia" 26 218 000 million so‘mdan 35 758 000 million so‘mgacha qimmatlashi mumkin.

Lekin GM Uzbekistan shirkatining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi mashinalar narxi oshishi haqidagi ma‘lumotni mutlaqo inkor qildi.

GM Uzbekistan dilerlari ham mashinalar narxining oshganidan bexabar ekanliklarini aytishdi.

- Bizga hali prikaz kelmadi. Bu ma‘lumotni qayerdan olishgan bilmaymiz. Oshgani haqida ma‘lumot yo‘q. Bizlarda hali prikaz berib, qo‘l qo‘yib, oshiringlar degan narsa yo‘q. Internetda qayerdan olishgan bilmaymiz. Biz sizga aniq ma‘lumot berayapmiz,- dedi "O‘zavtotexxizmat" korxonasi xodimasi.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi GM mashinalari bilan savdo qiladigan o‘nga yaqin avtosalonga qo‘ng‘iroq qildi, biroq 8 iyul kuni bu salonlarning birortasidan javob bo‘lmadi.

Ozodlik manbalari WhatsApp orqali yuborgan ma‘lumotlarga ko‘ra, avtosalonlar 5 iyuldan boshlab, inventarizatsiya olib borilayotgani sabab vaqtincha yopib qo‘yilgan. Odatda narxlar ko‘tarilishi arafasida avtosalonlar inventarizatsiya bo‘yicha ma‘lum muddatga yopiladi.

Mashina biznesidan xabardor manbamizga ko‘ra, keyingi paytda tashqi bozorda GM mashinalariga talab kamaygani bois mahalliy xaridorlar uchun narxlarni oshirishga qaror qilingan.

Yevropa biznes assotsiatsiyasi Avtomobilsozlar qo‘mitasi tarqatgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada o‘zbek avtomashinalari savdosi may oyida 61 foizga qisqargan.

Joriy yilning besh oyi mobaynida Rossiyada jami 23680 ta o‘zbek avtomobili sotilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi savdo hajmiga nisbatan 26 foizga kam deganidir. 2012 yilning yanvar-may oylarida Rossiyada GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan 32190 dona avtomobil sotilgandi.

Bugungi kunda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida o‘n xilga yaqin modeldagi avtomobil ishlab chiqarilmoqda.

Bu avtomobillarni mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan GM Uzbekistan avtosalonlaridan xarid qilish mumkin.

Lekin bu jarayon ancha murakkab ekani haqida Ozodlikka ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Bu jarayonni OzodJavob orqali batafsil o‘rganganmiz.

Endilikda avtosalonlar bilan shartnoma imzolagan va belgilangan narxni to‘lab, mashinasini kutayotgan fuqarolar ham oshirilgan foiz miqdorini qo‘shimcha to‘lashlari lozim bo‘ladi. Bu haqda suhbatlashganimiz Toshkentdagi “O‘zavtotexxizmat” salonlaridan birining xodimi ma‘lum qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, mashina puli to‘langach fuqaro uch oydan bir yilgacha navbat kutishi lozim bo‘ladi. Ayrim hollarda bundan ham uzoqroq bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG