Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:20

Qohirada Mursiy tarafdorlari halok bo‘ldi


8 iyul kungi voqealardan bir ko‘rinish
8 iyul kungi voqealardan bir ko‘rinish
Lavozimdan chetlatilgan Misr prezidenti Muhammad Mursiy tarafdorlaridan kamida qirq kishi qurolli shaxslar ochgan o‘tdan halok bo‘ldi. Bu haqda Misr sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy vakili Qohirada bayonot berdi.

Xolid al-Xatibning aytishicha, 300 dan ziyod kishi yaralangan.

Voqea shohidlari qutqaruvchilarning bir yarador hayotini saqlashga uringanini, boshqa yaradorlar mototsikllarda tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlariga tashilganini ko‘rganini aytib berdi.

Yaralanganlardan biri Muhammad Ali o‘zi olgan jarohatlar to‘g‘risida Reuters muxbiriga mana bunday dedi.

- Men harbiy kazarma yonida, darvozasiga yaqinroq joyda turgan edim. Oldimga kelayotgan odamlarga yelkam osha ko‘zim tushdi. Qochishim mumkin edi. Burilishim bilanoq ko‘zdan yosh oqizuvchi gazli idish yuzimga urildi. Yuzim qonga belandi va men chalqancha yiqildim. Shundan keyin bir askar menga hujum qilib, avtomati qo‘ndog‘i bilan oyog‘imga urdi. Bugun maydonni hammangdan tozalaymiz, dedi u.

Mursiy tarafdorlari bo‘lgan namoyishchilar dushanba kungi hujumni harbiylardan ko‘rmoqda.

Biroq harbiylar, ba‘zi ma‘lumotlarga qaraganda, Mursiy ushlab turilgan Respublika Gvardiyasiga qarashli bino oldida yig‘ilgan olomonga o‘tni “qurolli terrorchilar” ochdi, demoqda.

Axborot agentliklari xabarlariga qaraganda, harbiylar Respublika Gvardiyasiga qarashli binoga qo‘llarida qurol va qo‘lbola bombalar bilan qurollanib hujum qilishga uringan 200 kishini qo‘lga olgan.

Mamlakatda davom etayotgan boshboshdoqlik Arab dunyosidagi eng yirik davlat taqdirini savol ostida qoldirmoqda.

Dushanba kungi hujum mamlakat bo‘ylab Mursiyga qarshi bir necha kun davom etgan va oxir-oqibat u prezidentlik lavozimidan chetlatilganidan so‘ng 5 kun o‘tib ro‘y berdi.

Muxoliflat Mursiyni va uning “Musulmonlar birodarligi” harakatini Misrni iqtisodiy tanazzulga yuz tuttirganlikda hamda avtoritar boshqaruv o‘rnatishga uringanlikda ayblamoqda.

“Musulmonlar birodarligi” harakati Mursiyning lavozimdan chetlatilishini davlat to‘ntarishi, deb baholadi va isyonga da‘vat qildi.

Dushanba kungi qurbonlar Misr shaharlari bo‘ylab o‘tgan juma va shanba kuni Mursiy tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan va kamida 35 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan voqealar fonida sodir bo‘ldi.

Harbiylar tinchlik o‘rnatishga urinar ekan, Qohiradagi Rabaa Adaviya masjidi maydonidagi harakatni to‘xtatib qo‘ydi. Bu maydon Mursiy chetlatilganidan beri uning tarafdorlari yig‘iladigan joyga aylanib qolgan edi.

Harbiylar, shuningdek, Nil ustidagi ikki yirik ko‘prikni ham og‘ir texnika bilan to‘sib qo‘ydi.

Ko‘chalarda zo‘ravonliklar davom etar ekan, ayni paytda yangi hukumatni tuzishga ham urinishlaridan ish chiqmadi.

Mursiyning chetlatilishini qo‘llab-quvvatlagan salafiylarning “Nur” partiyasi dushanba kungi voqealarni “qirg‘in”, deb atab, hukumat tuzish yuzasidan so‘zlashuvlardagi ishtirokini to‘xtatdi.

Kuzatuvchilar fikricha, nufuziga ko‘ra, Misrdagi ikkinchi islomiy partiya bo‘lgan “Nur”ning ishtiroki yangi hukumatning legitim bo‘lishi garovidir.

“Nur” partiyasi kuni kecha liberal siyosatchi Muhammad al-Baradeyning bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilishiga qarshilik bildirgan edi.

Al-Baradey o‘zining Tvitterdagi sahifasida dushanba kungi voqealarni qoralar ekan, “Misr yarashuvga muhtoj”, deb yozdi.
XS
SM
MD
LG