Линклар

Rossiya poytaxtidagi "Moskva-siti" biznes-markazi qurilishida ishlayotgan 100dan ortiq mehnat muhojiri sifatsiz ovqatdan zaharlanib shifoxonaga tushdi. Ichak infektsiyasiga yo‘liqqan ishchilarning asosiy qismi O‘zbekiston, Tojikiston va Turkiya fuqarolaridir.

7 iyulga o‘tar kechasi Moskvada ancha yillardan beri qurilayotgan hashamatli “Moskva-siti” xizmat markazi qurilishida ishlayotgan muhojirlar ommaviy zaharlanishi hodisasi sodir bo‘ldi.

Moskva shahar politsiyasi hodisa ortidan 78 kishi zaharlanish alomatlari bilan poytaxt shifoxonalariga olib ketilganini ma‘lum qildi. Lekin hozirga kelib tibbiy muassasalarga murojaat qilganlar soni 100dan oshgani ma‘lum bo‘ldi.

“Kecha 23:50 da Bumajniy tor ko‘chasi, 2/2-uyda joylashgan ishchilar yotoqxonasida ovqatdan ommaviy zaharlanish bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi va zudlik bilan u yerga shahar politsiyasi xodimlari ham yetib keldi”, deydi bu haqda qo‘shimcha ma‘lumot bergan Moskva shahri bo‘yicha politsiya boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Arkadiy Bashirov.

- Surishtiruv davomida mehnat muhojirlari qurilish ob‘ekti oshxonasida kun davomida ovqatlangan, ish tugaganidan keyin xonalariga kelib o‘zlarini yomon his etgan va shifokorlarga murojaat qilgan. Ichak infektsiyasi dastlabki diagnozi bilan jami 108 kishi gospitalizatsiya qilindi,- dedi politsiya boshqarmasi rasmiysi Arkadiy Bashirov.

Hozirda boshqarma vakillari tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan.

Moskvaning “Belorusskaya” metro bekati yonidagi 1,5 mingdan ziyod muhojir joylashgan bu yotoqxonadan olib ketilganlarning asosiy qismi O‘zbekiston, Tojikiston va Turkiya fuqarolari ekanini Ozodlikka shaharning 2-Yuqumli kasalliklar shifoxonasida ma‘lum qilishdi.

- Bizga jami taxminan 50-51 odam kelib tushdi. Ular Tojikiston, Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari. Ularni biz 2-korpusga joylashtirdik, hozircha og‘ir ahvolda qolayotganlar yo‘q,- dedi ismini oshkor qilmagan navbatchi vrach.

Bundan tashqari, qolgan zaharlangan muhojirlar 3-yuqumli kasalliklar klinikasiga olib ketilganini Ozodlikka tasdiqlashdi. Kasallarni kuzatayotgan vrachlardan biri shifoxonaga 50dan ortiq O‘zbekiston va Turkiya fuqarolari keltirilgani, hozirda ularning holati yaxshilangani bois aksar bemorlarga javob berilganini bildirishdi.

Ozodlik murojaat qilgan barcha poytaxt rasmiy idoralarida gospitalizatsiya qilinganlardan aniq 15 nafari Turkiya fuqarosi bo‘lgani, qolgan davlatlar vakillari soni qancha ekanini bilmasliklarini ma‘lum qilishdi.

Olingan norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, tushlikda berilgan ovqatdan zaharlangan ishchilar soni aslida biroz ko‘proq bo‘lgan. Shunchaki, ayrim ishchilar qurilish ob‘ektlarida noqonuniy mehnat qilib kelayotgani tufayli rasmiy hujjat talab qilgan sanitarlarga murojaat qilmasdan, tekshiruvga kelgan politsiya xodimlarini ko‘rib juftakni rostlab qolgan.

Politsiya tarqatgan dastlabki surishtiruv xulosasiga ko‘ra, ishchilarga tushlik paytida plastikka o‘ralgan va bir muddat issiqda qolgan “Calcan” firmasi tayyorlagan ovqat tortilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, shifoxonaga tushgan mehnat muhojirlarini Siti qurilishiga “Yapi Sanayin” Turkiya firmasi yollagan.
XS
SM
MD
LG