Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:31

Dunyo bo‘ylab korruptsiya kuchaymoqda


Markazi Berlinda joylashgan Transparency International tashkiloti o‘tkazgan so‘nggi so‘rovda qatnashganlarning aksari keyingi ikki yil davomida o‘zi yashayotgan mamlakatdagi korruptsiya vaziyatining yanada yomonlashganiga ishonishini bildirdi.

Transparency International nohukumat guruhi e‘lon qilgan 2013 yilgi Korruptsiya barometri deb nomlangan yangi hisobot dunyoning 107 davlatida yashovchi 114 ming odam bilan o‘tkazilgan so‘rovga asoslanadi.

Mazkur so‘rovda qatnashganlarning aksariyati – taxminan 53 foizi o‘z atrofidagi poraxo‘rlikning kamayish emas¸ aksincha¸ ko‘payib ketganini ta‘kidlagan.

Bunday fikrdagilar orasida Braziliya va Rossiya¸ Pokiston va AQSh¸ Turkiya va Ukraina aholisi bor.

Korruptsiyaning asosiy shakli¸ hamon pora evaziga ish bitirish bo‘lib qolmoqda va so‘rov ishtirokchilarining har to‘rtdan bittasi o‘tgan yil ichida kimgadir pora berishga majbur qolganini e‘tirof etgan.

Pora bilan ish bitirish darajasi bo‘yicha Afrika g‘arbidagi jimittekkina Siyerra Leon birinchilikni egallagan va bu mamlakatda so‘ralganlarning 75 foizdan ko‘prog‘i ish bitirish uchun qaysidir rasmiyga pora berishga majbur bo‘lganini bildirgan.

Afg‘oniston va Qirg‘izistonda so‘ralganlarning 40 foizi¸ Qozog‘iston¸ Pokiston va Ukrainada so‘rovda qatnashganlarning 30 foizi keyingi bir yil ichida pora berganini e‘tirof etgan.

Kanada¸ Yaponiya va Norvegiyada “pora berdim”deganlar so‘ralganlarning 5 foizini tashkil qilgan va bu davlatlar dunyo bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov xulosasiga ko‘ra¸ eng kam korruptsiyalashgan deya topildi.

So‘rov xulosasiga ko‘ra¸ postsovet hududida faqat birgina davlat – Gruziyadagina korruptsiya muammosi jiddiy yechimini topgan ko‘rinadi¸ deydi Transparency International tadqiqotchisi Svetlana Savitsskaya:

- Buning sababi Gruziya hukumatining korruptsiyaga qarshi keng ko‘lamli¸ keskin islohotlar boshlagani va birinchi galda¸ politsiya¸ avtomobil nazorati xizmati va ta‘lim sohasidagi poraxo‘rlikni yo‘qotishga qattiq kirishganidir. Ayni paytda Tbilisi hukumati jamoatchilik va fuqarolik qayd idoralari faoliyatini ham jiddiy isloh qildi. Oqibatda¸ biznes yuritish uchun litsenziya olish jarayoni imkon qadar soddalashdi¸ talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirildi. Bugun biz Gruziyada poraxo‘rlik deyarli qolmaganini e‘tirof etamiz¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Savitskaya.

Gretsiya¸ Rossiya va Ukrainada so‘ralgan aholining 80 foizdan ko‘prog‘i hokimiyatning faqat o‘z manfaatini ko‘zlovchi yirik monopolist shirkatlar yoxud alohida shaxslar guruhi tomonidan nazorat qilinayotganiga ishonishini bildirgan.

Buyuk Britaniyadan tortib Iroq va Bosniyaga qadar oddiy aholi¸ siyosiy partiyalarning mamlakatdagi eng korruptsiyalashgan tizim deb bilsa¸ postsovet hududi aholisi adliya va huquq tartibot tizimlarini eng korruptsiyalashgan deb bilishini aytgan.

So‘rovda ishtirok etganlarning qariyb 90 foizi¸ imkoni bo‘lsa¸ korruptsiyaga qarshi kurashda ishtirok etishga hozirligini bildirgan.

Transparency International guruhi o‘zbekistonliklar orasida so‘rov o‘tkaza olmagani bois¸ bu mamlakatdagi korruptsiya ahvoli so‘nggi so‘rovda aks etmagan.

Ammo tashkilotning korruptsiyaga oid boshqa hisobotlari¸ xususan Korruptsiya indeksining 2012 yilgi so‘nggi nashrida¸ O‘zbekiston poraxo‘rlik bo‘yicha dunyodagi 176 davlat orasida ro‘yxatning eng tubi – 170-o‘rindan joy olgan.
XS
SM
MD
LG