Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:46

G‘ijduvon bozorining ko‘chirilishi "dangasalarni" ko‘paytirishi mumkin


G‘ijduvon tumani hokimi muovini savdogarlik qilmoqchi bo‘lganlar yangi bozordan do‘kon sotib olishi kerak, demoqda.
G‘ijduvon tumani hokimi muovini savdogarlik qilmoqchi bo‘lganlar yangi bozordan do‘kon sotib olishi kerak, demoqda.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani markazidagi buyum bozori ko‘chirilishidan tadbirkorlar zarar ko‘rmoqda. Bozorda savdogarlik qiladigan tadbirkorlardan birining aytishicha, bozor bundan olti yil avval ko‘chirilgan paytda 25 million so‘mdan sotib olingan do‘konlar uchun tovon puli berilmayotir. G‘ijduvon tuman hokimligi rasmiysi, Ozodlik bilan suhbatda, tadbirkorlikni davom ettirish istagida bo‘lganlar yangi bozordan 18 million so‘mdan 48 million so‘mgacha bo‘lgan do‘konlarni sotib olishi mumkinligini bildirdi.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani markazida, dehqon bozoriga tutash buyum bozori tumanning chekkaroq hududiga ko‘chirilayotgani mahalliy tadbirkorlarga qimmatga tushadigan bo‘ldi.

Rasmiylar bozor ko‘chirilishiga prezident qarorini ro‘kach qilayotganiga qaramasdan, mahalliy tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha, bozordagi savdogarlar orasida buning ortida bozor ma‘muriyatiga rahbar etib tayinlangan Valijon ismli militsiya sobiq xodimi bilan tuman hokimiyati mutasaddilarining shaxsiy manfaatlari yotibdi, degan ishonch bor.

- G‘ijduvon tumanidagi bozor men yoshligimdan ishonasizmi 10 marta ko‘chirildi aka. Hokim yangi bo‘ladi, bozor ko‘chiriladi. Yana yangi bo‘ladi, yana ko‘chiriladi. Bu qamaladi, yana yangi bo‘lib, yana ko‘chiriladi. Chekka bir qishloq joyga ko‘chirayapti. U yerga hech kim bormaydi. Bozor qo‘mitaning o‘zi qilayapti. Vali degan kelgan. Bozor qo‘mitani o‘zi qilib olibdida. Bir bozorni ko‘chiradi, kissasini qappaytiradi, shu bilan ketadi, deydi ismi sir tutilishini so‘ragan g‘ijduvonlik savdogar.


Majburlash yo‘q


Suhbatdoshimiz yordami bilan buyum bozori ma‘muriyati boshlig‘i Valijon (familiyasini aytmadi) bilan ham bog‘landik. Ozodlik bilan suhbatda bozor direktori yangi bozordan joy sotib olish majburiy emas, istagan sotib olsin, istamaganga katta ko‘cha, qabilida javob berdi. Bozor ma‘muri eski bozordagi do‘konlar uchun tovon puli berilmasligini ham tasdiqladi.

- Majburiy emas. Majbur qilganimiz yo‘q bizlar. Lekin prezident farmoni bo‘yicha prilavka, peshtaxtalarda savdo qilmasdan, savdo kompleksi qilib, qayta qurilsin turg‘un savdo do‘konlari qilib deyilgan. Bizlarga pulining aloqasi yo‘q. O‘zaro kelishib olgan bo‘lsa, “men sotib oldim yoki sotdim” deydi. Uni bizlardan sotib olgani yo‘q. Uni o‘zaro kelishib, nima qilsa, nima qo‘ysa o‘zi biladi, dedi G‘ijduvon buyum bozori direktori Valijon.


Prezident qarorida tadbirkorlarga yordam ko‘zda tutilmagan


Ozodlik muxbiri G‘ijduvon tumani hokimiyatidan ham bozor ko‘chirilishi bois tadbirkorlar ziyon ko‘rayotgani bilan bog‘liq vaziyatni surishtirdi. Tuman hokimining ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha muovini Abdullo Yo‘ldoshev, bozorni ko‘chirish O‘zbekiston prezidenti qarori bilan amalga oshayotgani, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatish bu qarorda ko‘zda tutilmaganini ta‘kidladi.

- O‘zbekiston respublikasi prezidentining 2011 yil 26 apreldagi PF-1326 son qarorga asosan buyum bozor degan narsa qolgani yo‘q. Hammasi savdo kompleksiga aylantiriladi aka. Shunga asosan hamma hujjatlarni tayyorlab, davlat adresniy programmaga kiritib, bozor qurishni boshlaganmiz. 1000ta do‘kon quramiz. Har xil razmerda bo‘ladi. Siz aytganday 18 million so‘mlik to‘rtga to‘rt, 32 million so‘mligi bor, 48 million so‘mligi bor. Razmeriga qarabda. Tadbirkorlar masalan, biz buni respublika bilan kelishganmiz, do‘konni pulini to‘laydi, qurib beramiz, do‘konda o‘tirib savdo qiladi.

Eski bozordagi do‘konlar masalasiga kelsak, deya qo‘shimcha qildi tuman hokimi o‘rinbosari Abdullo Yo‘ldoshev, tadbirkorlar uni istagancha ishlatishi mumkin, xohlasa, oziq-ovqat sotsin, xohlasa ko‘chirib olib ketsin.


"Dangasalar" ko‘payadi


Shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan tadbirkor, suhbat so‘ngida, tuman aholisining katta qismi tirikchiligini ko‘rgan G‘ijduvon bozori ko‘chiriladigan bo‘lsa, prezident aytmoqchi, Rossiyadagi dangasalar armiyasi g‘ijduvonliklar hisobidan ko‘payadi, deb hazillashgan bo‘ldi.

- Aholini masalan 100 foiz desak, 30 foizini Rossiya boqsa, 70 foizini G‘ijduvon bozori boqadi. Hech qanday ish yo‘q. Odamlarga o‘xshab Rossiyaga borsak kerakda. Dangasalik qilgani. Nima qilaylik aka? Bola-chaqa boqish kerak. O‘laylikmi bu yerda,- deydi tadbirkor.

G‘ijduvon bozori keyingi ikki-uch yil ichida ko‘chirilayotgan ilk bozor emas. O‘zbekiston prezidentining 2010 yilgi qarori bilan butun mamlakat bo‘ylab bozorlar u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa ko‘chirilayotgani minglab tadbirkorlar uchun qimmatga tushmoqda.

Viloyatlar markazlarida bundan besh-olti yil avval qurilgan buyum bozorlaridan o‘n millionlab so‘mga do‘kon sotib olgan tadbirkorlar hali foydaga kirib ulgurmasdan boshqa joyga ko‘chirilgan bozordan do‘kon sotib olishga majbur bo‘lgani Ozodlikda avval ham ko‘p marta yoritilgan.
XS
SM
MD
LG