Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:08

O‘zbekiston qishloqlarida gaz quvurlari kesib tashlanadi


O‘zbekistonda chekka qishloqlardagi yuzlab xonadonlarni gaz quvurlaridan butunlay kesib tashlash jarayoni boshlandi. Endilikda bu xonadonlarga umuman tabiiy gaz berilmaydi, uylar suyultirilgan gaz va ko‘mirga moslashtiriladi.


Endi qishloqlarga tabiiy gaz umuman berilmaydi


Joriy yilda Xorazmning turli tumanlaridagi 70 mingta xonadonning gaz quvurlari qirqilib, tabiiy gazdan butunlay uziladi.

“Xorazmgaz” hududiy gaz ta‘minoti korxonasining ismini ochiqlamayotganimiz mutasaddisining Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni suyutirilgan gazga moslashtirish borasida maxsus qaror qabul qilgan. Mutasaddiga ko‘ra, ushbu qaror asosida mamlakatning barcha viloyatlarida aholi uylarini gaz quvurlaridan uzish jarayoni boshlanmoqda:

- Butun respublikada bo‘layapti, bitta Xorazmda emas. Mana tuman hokimliklari bilan ro‘yxatlarini qilib, hokimliklarning o‘zlari tasdiqlab berishdi. Shularni biz Vazirlar Mahkamasiga taqdim qildik. Vazirlar Mahkamasida shu qaror chiqdi bugun aytishdi. Hali qo‘limizga kelib tegmadi. Gaz yetib bormaydigan xonadonlarni suyultirilgan gaz va ko‘mirga moslashtirish¸ degan. Moslashtirish kerak bo‘lsa, borib uning gazini kesib tashlab, unga qishda balonli gaz suyultirilgan ovqat tayyorlash uchun, uyini isitish uchun ko‘mir yetkazib beriladi. Eng chekka qishloqlar bor. GRESlardan uzoq joylashgan qishloqlar bor. Ularga gaz yetib bormaydi qish paytlari. Shuning uchun bu xonadonlarni suyultirilgan gazga moslashtiramiz. Aholi uchun yaxshiku bu. Qiynalib qolmaydi qishda. Tayyor balonda boradi. Bir balon masalan 1-1,5 oyga yetadi, dedi mutasaddi.


Vazirliklar gaz balloni olishga majburlanmoqda


Gurlan tumani markazidan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan Vazir qishlog‘i ham Xorazmning tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Vazir qishlog‘ida yashovchi Jumaniyoz og‘aning aytishicha, keyingi bir oy mobaynida Gurlangaz idorasining xodimlari aholini gaz quvurlari qirqilishidan ogohlantirayapti.

Jumaniyoz og‘aga ko‘ra, gaz idorasi xodimlari aholidan suyultirilgan gaz ballonga buyurtma berishni talab qilayapti:

- Vazir qishlog‘idagi gazni qirqamiz deb ogohlantirish berib yuribdi. Tsentralniy trassa borku, shuni qirqamiz deydi. Gaz yetishmaydi deb. “Gaz bilan ta‘minlay olmaymiz. Gaz ballonga ariza yozing” deyapti. Gaz ballonni bepul beramiz, deydi. Lekin baribir gazning pulini to‘laydi. Vaqtincha bu. Tekin degani hozircha aldab, tekinga, deb arizaga qo‘l qo‘ydiradida, keyin pul ushlab qoladi. Kim tekinga beradi? Qo‘l qo‘ying, degan paytda men qo‘l qo‘ymasdan yubordim. “Ikki oy oldin muloqot bo‘ldi. Gaz bilan ta‘minlab turibmiz, deb viloyat televideniyesida muloqot bo‘ldi. Shunda “gaz bilan ta‘minlanib turibdi” deb aytdi” desam, daftarini ko‘tarib ketib qoldi, deydi Jumaniyoz og‘a.


Bo‘yin tovlaganning foydasi yo‘q


“Xorazmgaz” korxonasining yuqorida suhbatlashganimiz mutasaddisiga ko‘ra, uylarini suyultirilgan gaz yoki ko‘mir bilan moslashtirishdan buyin tovlash inobatga olinmaydi, ro‘yxatdagi 70 mingta xonadonning barchasida moslashtirish ishlari amalga oshirilishi lozim.

Mutasaddining aytishicha, bu borada aholiga bir qator imtiyozlar ham beriladi:

- Masalan, bizlar suyultirilgan gaz beradigan bo‘lsak, bir kilosini 535 so‘mdan beramiz. Birjada, masalan, 2000-3000 so‘m bo‘lsa kilosi, bizlarda 535 so‘m. GRESdan o‘lchab, 20 kilolik katta ballonga quyiladi, olib borib beriladi. 10ming 700 so‘m bo‘ladi bitta balloni. Hozir shoxobchalar qilayapmiz hamma joylarda. Ballon tarqatadigan shoxobchalar. Shu yerga bo‘sh ballonlar boradi. Olib ketib mashinada, to‘ldirib, qishloqning o‘zigacha olib borib beradi, dedi "Xorazmgaz" mutasaddisi.


Ahvolimiz yana yomonlashadi


Ayni paytda gurlanlik Jumaniyoz og‘a har qanday imtiyozlarga qaramay, endilikda Vazir qishlog‘i aholisining turmush tarzi yanada yomonlashishidan xavotir bildiradi:

- Hozir gaz umuman yonmaydi. Qishda ham, yozda ham. O‘tgan yil qishda gazni ikki pilesos bilan torttirdik. Bu yil ikki pilesosga ham gaz yo‘q. O‘tin bilan o‘choqdamiz. Svet yo‘q. Svet bo‘lmagandan keyin tashqarida o‘choqda pishiramiz. Soat 7-8dan 10-11gacha svet beradi, deya nolidi Jumaniyoz og‘a.


Gazni xorijga sotib, tappi yoqqan o‘zbegim


O‘zbekistonning aksar viloyatlarida elektr va gaz taqchilligi yillar davomida kuzatilayapti.

O‘tgan yili hukumat mamlakat ichkarisida tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni ko‘mir bilan qondirish borasida qator qarorlar qabul qildi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 60 mlrd. metr kub hajmida gaz qazib olinadi. Buning 17 milliardi Rossiya, 4 milliardi Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinadi.

O‘tgan yilning 2 martidan boshlab o‘zbek gazi Xitoyga ham uzatila boshlandi. Xitoyga qancha gaz uzatilayotgani noma‘lum, ammo 2011 yilgi shartnomada yiliga 10 milliard metr kub gaz uzatishga kelishilgan.

Qazib olinayotgan tabiiy gazning qolgan qismi mamlakatning ichki ehtiyojiga sarflanishi aytiladi.

Bir necha yil muqaddam O‘zbekiston eksport hajmini 27 milliard kub metrga chiqarish niyatini bildirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun hukumat ichki ehtiyojga ajratilayotgan gazni ko‘mirdan foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali yana qisqartirishga urinmoqda.
XS
SM
MD
LG