Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:16

O‘zbekcha yorlig‘i bo‘lmagan import mollari chegarada yig‘ilmoqda


O‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘zbekcha yorliq yopishtirish talabini uddalay olmayotgani bois, bojxona terminallarida xorijiy pamperslarning yig‘ilayotgani, do‘konlarda ozayayotgani aytilmoqda.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘zbekcha yorliq yopishtirish talabini uddalay olmayotgani bois, bojxona terminallarida xorijiy pamperslarning yig‘ilayotgani, do‘konlarda ozayayotgani aytilmoqda.
O‘zbekistonga kirib kelayotgan xalq iste‘moli mollarini majburiy markirovka qilish talabi ortidan do‘konlarda import mollari cho‘g‘i ozayib bormoqda. Toshkentdagi tadbirkorlar va sotuvchilardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mahsulot upakovkasiga yopishtirilishi kerak bo‘lgan o‘zbekcha yorliqni tayyorlash jarayoni qiyin, qimmat va uzoq kechmoqda.

Importning cho‘g‘i ozaymoqda


Toshkent shahrida xalq iste‘moli mollarini sotuvchi bir necha do‘kon egalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda o‘zbekcha yorliq yopishtirish so‘ralayotgan xorijiy imte‘mol tovarlarining cho‘g‘i pasaymoqda.

Shaharning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi do‘konlardan biri sotuvchisining aytishicha, cho‘g‘i pasayayotgan import xo‘jalik mollari ko‘proq upakovka qilingan mahsulotlardir.

“Masalan, pampersga o‘xshagan mahsulotlar. Ular bitta tsellofan xaltaga o‘ralgan, ichida 50 ta pampers bor. Ularni olib kelayotgan zakazchiklar chetdagi ishlab chiqaruvchiga zakaz berib, tovarning qutisiga o‘zbekcha yozdirishi kerak ekan”, dedi Ozodlik muxbiriga mikrofonsiz so‘zlagan toshkentlik sotuvchi.

Sotuvchilardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, donalab sotilishi mumkin bo‘lgan, ammo, bir nechasi bitta upakovkaga o‘ralgan ba‘zi tovar mahsulotlarining ham upakovkasi, ham ichidagi tovarning har biriga o‘zbekcha yorliq yopishtirish talab qilinmoqda.

“Masalan, bitta korobka plitkali shokolad bo‘lsa, uning korobkasiga ham yopishtirasiz markirovkani, ichidagi plitkalargayam bittadan yopishtirib chiqishingiz kerak. Chunki, shokoladni bittadanam sotasiz, qutisi bilan sotishingiz ham mumkinda. Shunga rossiyskiy shokoladlar ham sal kamaygan”, dedi Yunusobod tumanidagi qandolat mahsulotlari do‘koni sotuvchisi.

O‘zbekistonga xorijdan keladigan xalq iste‘moli mollariga o‘zbekcha yorliq yopishtirish talabi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasiga iste‘mol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida qo‘yildi.

13 mayda e‘lon qilingan qaror 1 iyuldan kuchga kirgan.


Bu qarorga esa O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2013 yilning 29 yanvarida “Mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarning mamlakatga noqonuniy olib qirilishiga qarshi kurashni kuchaytirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida” qabul qilgan qarori turtki bo‘lgan edi.

Yorliqqa buyurtma berguvchilar hali oz


Shu kunlarda buyurtmachilarga o‘zbekcha yorliq tayyorlab berayotgan toshkentlik xususiy tadbirkor Qodirjonning aytishicha, yorliqqa mahsulotining nomi, tarkibi, saqlanish muddati va ishlab chiqarilgan joyi yozilmoqda.

Soch bo‘yog‘iga yopishtirilgan o‘zbekcha yorliq.
Soch bo‘yog‘iga yopishtirilgan o‘zbekcha yorliq.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekcha yorliq tayyorlab berish haqida buyurtma beruvchilar hozircha ancha oz.

Aytilishicha¸ ko‘pchilik tadbirkorlar o‘zbekcha yorliq tayyorlash majburiyatini hali to‘liq tushunmagan va bundan keladigan harajatni hisob-kitob qilishga ham ulgurmagan.

“O‘zi oddiy, oq, samokley qog‘ozga qora shriftda yoziladigan oddiygina yorliq. 3X4 razmerda. Bizga buyurtma kelsa, narxini soniga qarab chiqarib beramiz. Chunki, qog‘ozning razmeri katta. Masalan, 50 ming dona yorliq zakaz qilsangiz, 10 so‘mdan chiqarib beramiz. Agar 1000-2000 ta zakaz qilsangiz, unda 50 so‘mdan tushadi”, dedi Toshkentda xususiy bosmaxonasi bo‘lgan Qodirjon.

Tushunilishicha, Rossiyada ishlab chiqarilgan plitkali shokoladning har bir donasi uchun yorliq narxi o‘rtacha 25-50 so‘mga tushmoqda.

Ya‘ni, xorijdan 2 ming dona plitkali shokolad keltirgan tadbirkor yorliq uchun 100 ming so‘m atrofida pul to‘lashi kerak bo‘ladi.

Toshkent bozorlaridagi plitkali shokoladlar o‘rtacha narxi ayni damda 3 ming 500 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Tarjima asliga to‘g‘rimi?


Tadbirkorlardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mahsulot ustiga yopishtiriladigan yorliqdagi tarjimaning asliga to‘g‘ri ekani va standartlarga mosligini O‘zbekiston Respublikasining Ekspertiza va sertifikatlash markazlari tasdiqlab berishi lozimligi aytilgan.

Ozodlik muxbiri bu markazdan hozircha qo‘shimcha ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi. Ammo tashkilotning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi barcha ma‘lumotlarni Internetdagi rasmiy saytdan olish mumkinligini aytish bilan cheklandi.

Qodirjondan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ularga kelayotgan buyurtmachilar qo‘llarida tayyor yorliq nusxasi bilan kelmoqda.

"Ekzemplayar bilan kelsangiz, biz tezda qilib beramiz. Keyin Bojxona postiga olib borasiz, ular bir ko‘rib chiqib, bo‘ladi yoki bo‘lmaydi, deydi, bo‘ldi menimcha. Men tayyorlab bergan yorliqni hali qaytarishmadi", dedi Qodirjon.

Xorijiy mahsulotga yopishtirilgan o‘zbekcha yorliq.
Xorijiy mahsulotga yopishtirilgan o‘zbekcha yorliq.
Toshkentdagi bir qator do‘konlarda bo‘lib, 1 iyuldan so‘ng paydo bo‘lgan o‘zbekcha yorliqlarni ko‘zdan kechirgan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, hozircha bu borada qat‘iy bir standartga amal qilinayotgani kuzatilmayapti.

- Juda mayda yozuvlar bilan, eni 2X5 santimetrli qilib, oddiy oq qog‘ozga yopishtirilgan. Uning ichidagi yozuvlarini o‘qisham juda qiyin, deydi jurnalist.


O‘zbekcha yorliq bojxona terminalida yopishtirilmoqda


Qodirjon xorijdan mol keltiradigan tadbirkor o‘rtog‘ining so‘zlariga tayanib, chegaradagi Bojxona postlari terminallarida yorliqni kutib yotgan import tovarlari yig‘ilayotganini aytadi.

. Mening o‘rtog‘im chet eldan televizor, konditsionerlar olib keladi. U ham aytadida, markirovkani olib borib, terminalga kirib, bittama-bitta yopishtirib chiqyapti hozir. Ungacha mol terminalda turadi”, deydi Qodirjon.

Toshkentlik tadbirkorlar va sotuvchilardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, tovarga bir parcha o‘zbekcha yorliq yopishtirish import chekloviga qaratilgan yangi tartibning yengil qismidir.

Tartibning og‘ir qismi upakovka qilingan xalq iste‘mollari, misol uchun, o‘ralgan, korobkalarga solingan va donalab sotiladigan import mollari ustiga o‘zbekcha ma‘lumot kiritish talabidir.

Misol uchun, xorijdan bolalar pampersini olib keladigan o‘zbekistonlik buyurtmachi xorij kompaniyasidan ishlab chiqargan mahsuloti haqida bitilgan ma‘lumot sirasiga alohida o‘zbekcha band kiritilishni so‘rashi lozim.

“Masalan, hozir Qozog‘istondan Procter and gamble shirkatining shampunlari keladi. Ularning idishiga zavodda urilgan yozuvida o‘zbekcha yozilgan joyi bor. Endi shu o‘zbekcha yozuvi bo‘lmagan tovarlarga o‘sha chet eldagi zavodidan shunaqa yozuv bilan olib kelasizlar, deyishyaptida. Bu endi dolgiy protsessda”, dedi Toshkent shahrining Qo‘yliq massividigi do‘konlardan birining Ozodlik muxbiriga mikrofonsiz so‘zlagan sotuvchisi.

Markirovkaning yakka tadbirkorga aloqasi yo‘q


Toshkentda xorijdan keladigan xalq iste‘moli mollarini sotuvchi qator xususiy tadbirkorlardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, aslida tovarlarga o‘zbekcha yorliq yopishitirish muammosi hozircha yakka tartibdagi tadbirkorlar zimmasiga tushayotgani yo‘q.

“Bizga o‘xshagan tadbirkorlarga chet eldan tovarni olib kelib beradiganlar bor. Postavshik firmalar. Ular hal qiladi, hammasini. Biz O‘zbekistonga kirgan joyidan tovarni olamiz va sotamiz”, dedi Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi qandolat mahsulotlari do‘koni sotuvchisi.

Ozodlik muxbiri bu sotuvchi bilan suhbatdan so‘ng O‘zbekistonga xorijdan qandolat mahsulotlari, jumladan, shokolad va shu kabi shirinliklar keltiradigan shirkatlarni topishga urindi.

Aniqlangan norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mamlakatga xorijdan keladigan shokolad va shu kabi shirinliklar importi sohasi mahalliy savdogarlar orasida Hokim aka, deb nom chiqargan, o‘zi esa Shveytsariyada yashaydigan bir biznesmenga tegishlidir.

Ozodlikda bu norasmiy ma‘lumotni tasdiqlovchi qo‘shimcha dalillar hozircha yo‘q.
XS
SM
MD
LG