Линклар

logo-print
Internetda musulmonlar uchun mo‘ljallangan qidiruv tizimi paydo bo‘ldi. Andozasi Google, Yahoo, Bing kabi saytlaridan olingan Halalgoogling.com qidiruv tizimi harom yoki noislomiy hisoblangan ma‘lumotlarni to‘sib qo‘ya olishi aytilmoqda.

Sayt tashkilotchilari “missiyamiz har bir musulmon Internetdan halol tarzda foydalan olsin uchun, musulmon jamoasining Internet ehtiyojlarini qondirishdir”, deya yozdi.

Lekin Pokistonda tashkil qilingani aytilayotgan Halalgoogling sayti musulmon Internet foydalnuvchilari orasida Google yoki Yahoo saytlari bilan raqobat qila olishi va samarali bo‘lishiga mutaxassislar shubha bilan qaramoqda.


Haromni to‘sa oladigan sayt?


Hafta boshida Internetda paydo bo‘lgan Halalgoogling sayti foydalanuvchiga Google, Yahoo, Bing kabi saytlardan ma‘lumot olib beradi, faqat shariatga ko‘ra harom hisoblangan ma‘lumotlarni filtrlab, to‘sib qo‘yadi.

Sayt mam‘muriyati tarqatgan press relizga ko‘ra, Halalgoogling “pornografiya, yalang‘och tasvirlar, besoqolbozlar, lesbianlar, biseksuallar, qimor, aksilislomiy kontentni” to‘sib qo‘ya oladigan maxsus filtr tizimiga egadir.

“Halalgoogling harom kontentni filtrlay oladigan tizimga ega bo‘lgan dunyodagi yagona musulmon qidiruv tizimidir”, deya yozdi sayt tashkilotchilari.

Ba‘zi xabarlarga sayt ijodkorlari pokistonliklardir, lekin uni yaratishda boshqa mamlakatlardan bo‘lgan mutaxassislar ham ishtirok etgan.

Ozodlik radiosi Pokiston xizmati muxbiri Ahmad Shox Azamiy Halalgoogling saytining tashkil qilinishi Pokistondagi Internet jamoasi ustidan nazorat o‘rnatish urinishlarining bir ko‘rinishidir, deydi. Pokiston jamiyatining, umumiyatla, konservativ bo‘lgani bilan shartlangan bunday harakatlar, asosan liberal qarashlardagi Internet jamoasining qarshiligiga ham uchrab keladi, deydi jurnalist.

- Masalan, bundan bir yil avval Muhammad Payg‘ambarni tahqirlovchi film Youtubeda paydo bo‘lganidan beri bu sayt Pokistonda to‘sib qo‘ilgan edi. Bundan tashqari Pokistonda “seks”, “porno” yoki “yalang‘och tasvir” degan so‘zlarni Googleda ham to‘sib qo‘yish bo‘yicha ish olib borayotgan guruhlar ham bor. Lekin pokistonlik Internet foydalanuvchilari ham shunchalik uddaburon bo‘lib ketganki, ular bu harakatlarga qarshilik sifatida, shaxsiy bloglari yordamida qidiruv tizimlariga “shahar”, “do‘st” yoki “uchrashuv” kabi ko‘rinishdan beozor kalit so‘zlar yordamida pornosaytlar yoki shunga o‘xshash boshqa taqiqlangan kontentga linklarni bermoqda. Ya‘ni ular shu yo‘l bilan to‘silgan saytlarga kirishning muqobil yo‘llari borligini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, deydi jurnalist.

Uning aytishicha, Pokistonda Halalgoogling kabi saytlarning yaratilishiga dindorlarni harom sanalgan ma‘lumotlardan saqlash maqsadidan tashqari, boshqa sababi ham bor.

- Buning boshqa tarafi ham bor. Bir necha yil avval o‘tkazilgan tadqiqot pokistonlik Internet foydalanuvchilari dunyo bo‘yicha qidiruv tizimlarida pornografik saytlarni eng ko‘p qidirganlar qatorida ekanini ko‘rsatgan edi. Ya‘ni bu jarayon pokistonliklar o‘zlari uchun uyatli hisoblangan “porno qidiruvchilar” maqomidan qutulish harakatlarining bir qismi hamdir. Shuning uchun Halalgoogling va shu kabi boshqa saytlar ham paydo bo‘lgan. Lekin umuman olganda, albatta, bu jarayonga Twitter, Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda faollashgan ekstremistik ruhdagi guruhlarning liberalizmga qarshi kurashi deb qaragan bo‘lar edim, deydi pokistonlik jurnalist Ahmad Shox Azamiy


Yaxshi, lekin besamar g‘oya


International Herald Tribune gazetasining Pokistonda chiqadigan nashri o‘z saytida “musulmonlar uchun Internet qidiruv tizimini yaratish g‘oyasi yaxshimi, yomonmi”, degan savol bilan so‘rov uyushtirdi. Ikki mingga yaqin so‘rov qatnashchilaridan 60 foizi bu g‘oyani “yaxshi” deb hisoblagan bo‘lsa, 40 foizi “yomon g‘oya”, deya javob bergan.

O‘zbekistonlik Internet foydalnauvchisi Abdullatif bu g‘oyani yaxshi, deb hisoblaydi.

- Musulmonlarni yomonlab chiqqan bo‘lsa, islomni tahqirlab chiqqan bo‘lsa, men uni ko‘rishni xohlamayman.

Ozodlik: Lekin o‘sha voqeadan bexabar qolasizku o‘zingiz.

- Men bunday xabarlarni o‘zimga qabul qilishni xohlamayman. Masalan o‘zimni nazarda tutib gapirsam, nimadir menga kerak bo‘lsa, talaygina saytlardan axtarishim mumkin. Guglning o‘zidan. Masalan menga bunaqa nimani ko‘rishning keragi yo‘q. Gunoh deb bilaman o‘zimning ko‘rishimni. Shuning uchun kerak emas.

Shu bilan birga Abdullatif Halalgoogling sayti o‘zbekistonliklar orasida ommabop bo‘lib ketishiga ishonmaydi.

- O‘zbekiston sharoitida ommabop bo‘maydiyu, lekin dunyo musulmonlari orasida ommabop bo‘lib ketadi, deb o‘ylayman.

Ozodlik: O‘zbekiston sharoitida nima uchun ommabop bo‘lmaydi?

- Birinchidan, bundan ko‘pchilik bexabar. Ikkinchidan, bunaqa nimani (saytni) o‘zbeklar qabul qila olmaydi o‘ziga. Ko‘pchilik islomiy narsalar axtargani kirmaydi. O‘zbekistonda hali-beri rivojlanmasa kerak bu. Lekin men undan foydalanishga harakat qilaman, deydi Abudllatif.

O‘zbek tilida so‘zlashuvchi Internetdagi voqealarni kuzatib boradigan mutaxassis To‘lqin Umaraliyev ham halol qidiruv tizimi istiqbollariga shionmaydi. Chunki, deydi mutaxassis, birinchi navbatda, bu harakatlar besamardir.

- Internetda bir kunda paydo bo‘layotgan ma‘lumot ko‘lamini menimcha biror-bir odam tasavvur qila olmasa kerak. Shuni hisobga olganda bugungi kunda ayrim guruhlar tarafidan kichkinagina tarmoqning yaratilishi, halol kontent, ya‘ni elakdan o‘tkazib beradigan, islomiy kontentdan o‘tkazib beradigan yoki harom bo‘lgan kontentni ushlab qoladigan tarmoqning yaratilishi o‘zi bir axmoqlik. Chunki bugungi kunda yaratilayotgan kontent ko‘lamini elakdan o‘tkazishning hozir iloji yo‘q. To‘g‘ri, gey, pornografiya, erotika kabi kalit so‘zlar orqali ayrim kontentni to‘sib qo‘yish mumkin. Kontentning ichini, aytaylik har bir qo‘yilayotgan maqolaning, matnning ichini analiz qilish uchun juda ham kuchli algoritmlar, serverlar, texnologiyalar kerak. Pokistondagi kichkina bir guruhning butun dunyodagi internet tarmog‘iga vizov tashlashi bugungi kunda iloji mumkin bo‘lmagan narsa.

Halalgoogling sayti hozircha ingliz tilidagi kalit so‘zlarga ko‘ra, saytlarni filtrdan o‘tkazmoqda. O‘zbek tilida yoki kirill alifbosida yozilgan kalit so‘zlarni halol qidiruv tizimi tanimaydi.

Internet texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis jahon tarmog‘i foydalanuvchilari ko‘nikmalaridan kelib chiqqan holda, qandaydir cheklovlar yoki tsenzura asosida ishlaydigan saytlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi avval boshdanoq belgilangan deya xulosa qiladi.

- Bu o‘ziga xos senzuraning bir ko‘rinishi. Chunki siz halolguglga kirar ekansiz, siz oldindan bilasizki ayrim kalit jumlalar, kalit so‘zlar to‘silgan bo‘ladi. Bu senzuraning bir qismi. Umuman internet foydalanuvchisining xarakterini olib qaraganda har qanday internet foydalanuvchisi endi internetdan foydalanishni o‘rganayotgan odamni hisobga olmaganda erkinlikni xohlaydi. Hozir biror-bir tarmoq yoki biror-bir xizmat cheklangan ma‘lumot beradigan bo‘lsa, bu tarmoqdan internet foydalanuvchilari ketishni boshlaydi. Bugungi kunda tsenzurasi bor tarmoqlar uncha ko‘p mashhurlik bilan ajralib turmaydi, deydi Internet texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyev.
XS
SM
MD
LG