Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:20

Toshkent Internet nazoratini kuchaytirmoqchi


O‘zbekistonda “Voyaga yetmaganlarning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishiga salbiy ta‘sir etuvchi axborotlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Bu haqda O‘zbekiston Matbuot va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori Omonullo Yunusov rasmiy matbuotga bildirdi.

Yunusovga ko‘ra “Voyaga yetmaganlarning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishiga salbiy ta‘sir etuvchi axborotlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi nodavlat tashkilotlari ko‘magida ishlab chiqilgan.

O‘zbekistondagi “Hurriyat” gazetasiga ko‘ra, yangi qonun loyihasi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasini tayyorlashda aynan qaysi davlat va nodavlat tashkilotlar ishtirok etgani esa habarda batafsil ko‘rsatilmagan.

O‘zbekiston Matbuot va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori Omonullo Yunusovning matbuotda bildirishicha¸ bu qonun 8 bo‘lim va 34 moddani o‘z ichiga oladi.

Agar ushbu qonun qabul qilinsa, O‘zbekiston bolalari va o‘smirlari axborot xavfsizligini ta‘minlash, ularning axloqiga salbiy ta‘sir o‘tkazuvchi ma‘lumotlar, O‘zbekiston milliy qadriyatlariga zid bo‘lgan ma‘naviy buzuqlikni targ‘ib etadigan bosma, audiovizual mahsulotlar va kompьyuter o‘yinlaridan himoyalanishi kafolatlanishi aytilmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori Omonullo Yunusov ta‘kidiga ko‘ra¸ bu qonun shafqatsizlik va pornografiyani targ‘ib qiluvchi bosma¸ audio¸ video va elektron o‘yinlar tarzidagi mahsulotlarga qarshi qaratilgan.

Qonun loyihasida qanday normalar ko‘zda tutilgani, u Oliy Majlisda qachon ko‘rib chiqilishi haqida ma‘lumotlar berilmagan.

Bu qonun loyihasi muhokama qilinaëtgan bir paytda Ozodlik radiosiga bir maktub keldi.

Maktubga O‘zbekiston Miliy xavfsizlik xizmati ogohlantirishi¸ deya iddao qilingan hujjat ilova qilingan.

Mustaqil manbalar tomonidan hozircha tasdiqlamagan bu hujjatda ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilikni targ‘ib etish va pornografik mavzudagi mahsulot tarqatganlarga qarshi jazo choralari ko‘rsatilgan.

Iddao qilingan bu jazo choralariga ko‘ra¸ ijtimoiy tarmoqlarga istalmagan kontent yuklagan fuqarolarga 30 kun muddatda bu kontentni o‘chirish talabi qo‘yiladi.

30 kunlik muddatda ham mahsulot Internetdan o‘chirilmasa yangi 60 kunlik muddat beriladi. Bu muddatda ham istalamagan kontent Internetdan o‘chirilmasa¸ bu kontentni yuklagan fuqaro jarimaga tortiladi.

Amaldagi jazo choralari esa ancha qat‘iy ekanligi ko‘riladi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 130-moddasiga ko‘ra¸ pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish ham uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
XS
SM
MD
LG