Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:48

Muftiyat: Och odamni bir kun to‘yg‘izishga 8000 so‘m kifoya!


O‘zbekiston Musulmonlari idorasi hisob-kitobiga qaraganda, bir kishining bir kunlik oziq-ovqati uchun 8 ming so‘m kifoyadir. Bu me‘yor Ulamolar kengashining Ramazon arafasida qabul qilingan “Zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori”da belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi bu yil zakot nisobini 8 million so‘m, deb belgiladi. Bu yil shuncha pul topgan o‘zbekistonlik musulmon o‘sha summaning 40 dan 1 hajmida, ya‘ni 200 ming so‘m “zakot chiqaradi”.

Fitr sadaqasi hajmi esa, 2 kilo bug‘doy narxidan kelib chiqib belgilandi. Qarorda “Toshkent bozorlarida shu kunda bug‘doyning 1 kilosi o‘rtacha 1500 ming so‘m ekanligi, demak, fitr sadaqasi 3 ming so‘m” bo‘lishi aytilgan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 24 iyunda imzolagan qarorda ro‘za ibodatiga oid yana bir me‘yor hukmi bunday belgilangan: “Bu yilgi Fidya miqdori bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 8 ming so‘m qilib belgilansin”.

O‘zbekistonda iste‘mol savati minimumi shu paytgacha belgilanmagan. Bas, shunday ekan, Musulmonlar idorasi fidya (“(Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz (fidya) to‘lashlari lozim” “Baqara” surasi, 184-oyat) miqdorini qanday belgiladi?

Bu savol bilan Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurga murojaat qildik:

- Har-xil ovqatlar bor. Narxlari ham turlicha. Portsiyasi 2 mingligi ham, 12 mingligi ham bor. Biz o‘rtacha narxni oldik va bir kishi bir kunda ikki marta ovqatlanadi, degan fikrdan kelib chiqdik. Payg‘ambarimiz alayhissalom davri bilan hozirgi zamonning o‘rtachasini oldik, dedi olim.

Uning fikricha, shu kunda 8 ming so‘mi bor odam bir kun bemalol qornini to‘yg‘azishi mumkin.

Ayni paytda, Musulmonlar idorasi mas‘ul vakilining aytishicha, ba‘zilar fidya miqdori baland belgilanganidan norozilik ham bildirgan.

1-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, tadbirkorlik qilayotgan, o‘zi, turmush o‘rtog‘i va kollej o‘quvchisi bo‘lgan qizidan iborat uch kishilik oilani boqayotgan Mirkomil akaning fikricha, muftiyat belgilagan fidya miqdorini o‘ta baland, deb bo‘lmaydi.

- Fidya miqdori juda past belgilangan. Chunki ko‘chaga chiqib ovqatlanaman desangiz, kamida 10 – 13 ming ketib qoladi, deydi Mirkomil aka.

Nima bo‘lganda ham, Musulmonlar idorasi belgilab bergan fidya miqdori shu kundagi o‘zbek oilasining eng kamtarin ehtiyojlarini qondirish uchun necha pul kerak bo‘lishi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish uchun tayanch nuqtasi bo‘la oladi.

Fidya miqdoridan kelib chiqilsa, Mirkomil akaning 3 kishilik oilasi taomlanishi uchun kishi boshiga kuniga 8 mingdan bir oyda 720 ming so‘m kerak (8000*30=240000; 240000*3=720000).

Biroq Mirkomil akaning hisob-kitobicha, bir kishining bir kunlik oziq-ovqati real narxi fidya miqdoridan kamida 3 barobar balanddir.

- Faqat oziq-ovqatga bir kishiga bir kunda 24-25 ming ketadi, deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi, dedi Mirkomil aka.

Demak, Mirkomil akaning hisob-kitobicha, shu kunda 3 kishilik oila oziq-ovqatning o‘zigagina 2 million 160 ming so‘m (24000*30=720000; 720000*3=2160000) sarflashi kerak.

2 million 160 ming so‘m shu kunda Markaziy bank kursi bo‘yicha 1029, qora bozor kursi bo‘yicha taqriban 800 AQSh dollariga teng aqchadir.

Muhim eslatma: Mirkomil akaning hisob-kitobi bo‘yicha chiqarilgan raqam ancha kattadir. Birinchidan, Mirkomil aka o‘z oilasini o‘rtahol oilalardan, deb biladi. Ikkinchidan, u bir kunlik oziq-ovqat narxini hisoblar ekan, aksariyat hollarda ko‘chada ovqatlanishni nazarda tutayapti.
XS
SM
MD
LG