Линклар

Ozodlikka WhatsApp tarmog‘idan kelgan xabarlardan birida O‘zGazOylga qarashli AYoQShlarda mijozlarga sotiladigan benzindan urib qolinayotgani haqida yozilgan. Biroq shirkat mas‘ullari bu xabarni rad etmoqda.

O‘zGazOylda ishlaydigan Ozodlik manbasi WhatsApp orqali 17 iyul kuni shunday xabar jo‘natdi:

“Uch kuncha avval O‘zGazOyl rahbariyati yillik hisobot oldi va katta majlis bo‘ldi. Bu majlis yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Men bu majlisdan jiddiy ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘ldim. Hozir rahbarlar yangi nayrang o‘ylab topishgan. Ya‘ni har bir O‘zGazOyl zapravkasidagi yonilg‘i quyish uskunalari yonilg‘ining bir qismini xaridorlar haqidan urib qolishga moslashtirildi. Hozir har bir O‘zGazOyl zapravkasi 10 litr benzindan 400-500 grammdan urib qolmoqda. Bir zapravka bir kunda kamida 17ming litr benzin sotadi. Bu degani har bir zapravkadan 500litr benzin sof foyda degani. Rahabarlarning bunday yo‘l tutishiga sabab, boshqa foyda keltiradigan qing‘ir yo‘llarning yopilganidir”, deb yozdi O‘zGazOyldagi Ozodlik manbasi.

Ozodlik bu xabarni o‘rganish uchun eng avvalo O‘zGazOylga qarashli bir necha AYoQShlar bilan bog‘landi va operatorlar bu xabarni keskin rad etdi:

- Bo‘lmagan gap. Hech kim hech kimni haqidan urib qolayotgani yo‘q, mijozga benzin normalniy berilyapti. Keyin benzin quyadigan uskunalar kompyuterlashtirilgan, ularni aldab bo‘lmaydi,- dedi O‘zGazOylga qarashli 31-AYoQSh operatori.

Biroq, Toshkentda kirakashlik qiladigan 40 yoshli Shavkat fikricha, mijozlar haqidan benzin urib qolish, O‘zGazOylning azaliy odati:

- Bu oldindan tekkan kasalku, insoflisi 10 litrdan 400-500 gramm uradi, insofsizi bir litr uradi. O‘n litrga pul berib to‘liq 10 litr benzin olganimiz yo‘q hali. Mana kompyuter, aldab bulmaydi deyishadi. Bilasizmi aka, bular kompyuterni ham o‘zbekcha gapirtirib yuborishyapti. Biz 10 litr toza olmoqchi bo‘lsak, tanish zapravshiklarga ustiga ming, bir yarim so‘m beramiz, keyin 10ta toza quyadi,- deydi toshkentlik kirakash Shavkat.

Ammo Toshkent shahrida istiqomat qiladigan boshqa bir kirakash, Said akaning fikricha, AYoQShlarda benzindan urib qolish holatlari hozir tugatilgan:

- Hozirgi apparatlar zo‘r, bir litri qolganda skorosti kamayib, oxirgi grammigacha quyadi. Ilgarigi odatlar yo‘q bo‘p ketdiyov, yanayam bilmadim. Ikki yildan beri o‘lchamay qo‘ygandim. Endi yana bir tekshirib ko‘rish kerak, shekilli. Bir o‘lchab ko‘ray, keyin aytaman,- dedi kirakash Said aka.

O‘zGazOyl korxonasi bilan bog‘liq muammolar ilgari ham bir necha marta Ozodlikda yoritilgan edi.

“O‘zGazOyl” ishchilarni nohaq ishdan bo‘shatayotgani, ishchilarni ko‘p ishlatib kam haq berayotgani, kadrlar bo‘limi mulozimlari yangi ishga kiraëtganlardan pora olayotgani haqida bitilgan shikoyatlarni Ozodlik o‘tgan yilning sentyabr oyida o‘rgangan edi.

“O‘zGazOyl” prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovga tegishli bo‘lgani iddao qilingan hamda Shveytsariyada ro‘yxatga olinib, faoliyatini O‘zbekistonda olib borgan “Zeromaks” shirkati tarkibiga kirar edi.

2010 yilda “O‘zGazOyl” asosan neftь, gaz va oltin qazib olish, qishloq xo‘jaligi va tekstil sanoati bilan shug‘ullangan “Zeromaks” tarkibidan chiqarilib davlat korxonasiga aylantirildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra “UzGazOyl” davlat tasarrufiga o‘tganidan keyin shirkatda korruptsiya alomatlari ko‘paygan.
XS
SM
MD
LG