Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:14

Krasnodarda o‘zbeklarni o‘ldirganlikda gumonlanayotganlar ushlandi


Kubanning Qrim tumanida uch nafar O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirganlikda gumonlanayotgan shaxslar hibs etildi. Politsiya jinoyat izini yo‘qotish uchun mahalliylar o‘zbek mardikorlarini avvaliga bo‘g‘izlagani, keyin boshidan to‘pponcha bilan otib, yoqib yuborganini xabar qilmoqda.

Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Qrim tumani Nijne-Bakanskiy qishlog‘i yaqinida 13 iyul kuni topilgan uch nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri o‘limida ayblanayotgan shaxslar qo‘lga olindi.

Krasnodar o‘lkasi Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy vakili German Struglin Ozodlik bilan suhbatda jinoyatni 1970, 1978 va 1986 yillarda tug‘ilgan mahalliy fuqarolar sodir etgani taxmin etilayotganini bildirdi.

- Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bu jinoyatni uch nafar mahalliy sodir etgan, ulardan biri allaqachon bu jinoyatga qo‘l urganiga iqror bo‘ldi. Hodisa o‘tgan oyda, aniqrog‘i 24 iyun kuni sodir bo‘lgan, - deya voqea tafsilotlarini ochiqladi politsiya mulozimi.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘tgan oy oxirlarida Qrim tumani politsiya bo‘limlaridan biriga uch nafar o‘zbek muhojiri yo‘qolgani arizasi bilan ularning shu yerda ishlayotgan qarindoshlari murojaat qilgan.

Daraksiz yo‘qolgan o‘zbek migrantlari 13 iyul kuni Nijne-Bakanskiy qishlog‘i yonidagi tashlandiq ochiq konda topilgan.

- Olib borilgan qidiruv-surishtiruv ishlari davomida 1983, 1989 va 1972 yillarda tug‘ilgan va Nijne-Bakanskiy qishlog‘ida qaydga turib mardikorlik qilgan o‘zbekistonlik fuqarolarning kuyib ketgan jasadlari topildi. Keyinroq biz jinoyatchilikda ayblanayotganlar 3 kishi bo‘lganini aniqladik, ulardan bittasi – 35 yoshli mahalliy fuqaro hozirda qidiruvga berildi, - dedi German Struglin.

Mintaqa bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rasmiy xabariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar 24 iyunga o‘tar kechasi uch kishi bo‘lib, Nijne-Bakanskiy qishlog‘idagi “Tekila-Bum” kafesida dam olib o‘tirgan. Shu yerda, hozircha aniqlanmagan sabablarga ko‘ra, ular va ikki mahalliy rus o‘rtasida kelib chiqqan janjal mushtlashuvga aylangan.

Mardikorlar hodisa joyidan qochib qutilgan, biroq ulardan biri mahalliylar qo‘liga tushib qolgan. Unga yordamga qaytib kelgan o‘zbeklardan ikkisi ham ushlanib, qo‘l-oyog‘i bog‘langan.

Shundan keyin jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotganlar o‘zbek muhojirlarini mashinada qishloqdan 3 kilometr nariroqdagi tashlandiq karьerga olib chiqqan. Bu yerda ular pichoq bilan bo‘g‘izlab tashlangan, mahalliylardan biri esa o‘ldirilgan mardikorlarning boshiga pistolet bilan o‘q otgan. Qotillikni sodir etganidan keyin, gumonlanuvchilar murdalarni yoqib, konga ko‘mib ketgan.

Olib borilgan sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, karьerdan topilgan murdalar yo‘qolgan o‘zbek muhojirlarining jasadlari ekani tasdiqlandi.

Tergov qo‘mitasida hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi (qotillik) asosida jinoiy ish ochildi.

Krasnodardagi “Umid” o‘zbekistonlik vatandoshlar jamiyati raisi Tojiddin Nurmatov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston fuqarolarining bunday ommaviy o‘ldirilishi Krasnodar o‘lkasida birinchi marotaba sodir bo‘lmayotganini aytadi.

- Bilasizmi, yiliga o‘lkamizda 75-80 nafar o‘zbekistonlik turli sabablarga ko‘ra o‘lmoqda: kim jarohat olgan, kim yurakdan, kim baxtsiz hodisa tufayli. O‘tgan yili ham Abinsk tumanida 3 nafar ish izlab kelayotgan o‘zbek bo‘g‘ib o‘ldirilgan va yo‘l yoqasiga tashlab ketilgan edi.

Birinchidan, noxush hodisalarning asosiy qismiga hamyurtlarimiz o‘zi aybdor bo‘lib chiqayapti – beparvolik, ehtiyotsizlik, o‘zini tuta bilmasligi, xavfsizlik texnikasiga rioya qilmagani. Ikkinchidan, ish beruvchilarning davlat va migrantlar oldida mas‘uliyati oshirilishi kerak. Odamlarimiz rasman, barcha soliqlarni to‘lab ishlashga rozi. Biroq aynan ish beruvchilar migrantlarimizning noqonuniy yurishida ko‘proq manfaatdor bo‘lib chiqmoqda. Shuning uchun jamiyatimiz mahalliy hukumatga ish beruvchilar ustidan nazorat kuchaytirilishi kerakligi talabi bilan chiqmoqda, - dedi Krasnodardagi o‘zbeklar jamiyati rahbari Tojiddin Nurmatov.

2011 yil 26 may kuni Rossiyaning Krasnodar o‘lkasiga qarashli Abinsk tumanida 3 nafar erkak jasadi topilgan, tergov davomida o‘ldirilganlar O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlangan edi.

Biroz vaqt o‘tib, bu qotillikda gumonlangan 20 yoshli mahalliy fuqaro hibs etilgani ma‘lum bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG