Линклар

logo-print
O‘z o‘g‘liga islomiy ertaklar yozilgan disklarni qidirib topa olmagan jurnalist Adiba Otayeva bunday mahsulotni o‘zi ishlab chiqarishga qaror qildi. Ramazon arafasida chiqarilgan islomiy ertaklarning shu paytgacha o‘nlab nusxasi sotildi.

Britaniyada istiqomat qiluvchi 40 yashar o‘zbek jurnalisti Adiba Otayeva musulmon bolalar uchun islomiy ertaklarning sasli kitobchalarini ishlab chiqaruvchi shirkat tuzdi.

Ramazon arafasida London yaqinidagi Volking shaharchasida ishga tushgan bu shirkat ishlab chiqargan ingliz tilidagi islomiy audio kitoblardan to‘qsonga yaqini ikki hafta ichida sotildi.

“G‘amgin tuya”¸ “Salohiddin va bolakay ” va “Laylo ismli chumchuq” kabi sasli kitobchalarda Islom payg‘ambari va sahobalar bilan bog‘liq bolalarbop hikoyalar bor.

Mirajproductions shirkati rahbari Adiba Otayeva Ozodlik bilan suhbatda islomiy ertaklar ishlab chiqarishga undagan omil haqida gapirdi.

- Men olti yashar o‘g‘lim Jamoliddin televizor ko‘rmasdan islomiy mazmundagi sasli ertak kitoblar tinglashini istadim. Islomiy mavzudagi audio kitoblarni topa olmasdan¸ bolalar uchun chiqarilgan “Injil” audio kitobini sotib olib birga tinglay boshladik. Tinglash mobaynida "Injil"da musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydigan farqlarni o‘g‘limga tushuntiraman deb charchab ketdim. O‘shanda nega islomiy mazmundagi bolalarbop sasli kitoblar yo‘q degan savol paydo bo‘ldi. Pirovardida bunday kitoblarni o‘zim ishlab chiqarishga qaror qildim. Chunki men Bi-Bi-Si radio va televideniyesida ishlab malaka orttirgan edim. Bundan ikki hafta oldin ishni boshlab bir necha kitobni sotuvga chiqardim. Bu endi boshlanishi¸- deydi Adiba Otayeva Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ ishlab chiqarilayotgan kitoblarda ovoz effektlari va musiqa parchalari mavjud:

- Islomiy mazmundagi audio kitoblar bor¸ ammo ular mahsulot sifatida zerikarli ishlangan. Masalan, o‘g‘lim ularni eshitib zerikdim, deydi. Biz ishlab chiqargan audio kitoblarni bolalar ruhiyatiga moslashtirib qiziqarli qilyapmiz. Masalan, Yunus payg‘ambarni baliq yutib yuborganida “qult” etgan ovoz chiqadi. O‘shani eshitib o‘g‘lim rosa zavqlandi¸- deydi Adiba Otayeva.


Islomiy ertakmi yoki islomiy targ‘ibot


O‘zbekistonlik jurnalist Adiba Otayeva fikrlar turfaligi va betaraflikka asoslangan matbuotda ishlab suyagi qotgan. Adiba Otayevaning diniy-targ‘ibiy uslubdagi ertaklar chiqaradigan shirkat tuzishi o‘zi mansub bo‘lgan maslak qoidalariga zid kelmaydimi. Shu andishadan kelib chiqib biz Mirajproductions shirkati rahbari Adiba Otayevaga savol berdik.

Ozodlik: O‘zbekiston televideniyesida “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” degan ko‘rsatuv bor¸ shu ma‘noda siz bozorga kiritgan ertaklar bolalarni tolibon ruhidagi tuzum qurishga, halifachilikka yetaklamaydimi? Demokratiya haqida ertaklar aytganimiz yaxshi emasmi bolalarga? Rossiyalik taniqli huquq faoli Valeriya Novodvorskaya o‘zbeklar diniy kitoblardan ko‘ra¸ inson huquqlari deklaratsiyasini o‘qigani ma‘qul degan tavsiya bergan edi.

- Dinimizni o‘rganganimizdan ko‘ra¸ xalqaro inson huquqlarini o‘rganganimiz yaxshi degan fikrni cheklangan dunyoqarash deb o‘ylayman. Inson dunyoga keng qarashi lozim. Albatta, biz aniq fanlarni o‘rganishimiz kerak¸ buning yonida tarix va dinimizni ham o‘rganishimiz kerak. Buni yonida demokratiyani ham anglab yetishimiz kerak. Bularning hammasini birga o‘rganishimiz kerak. Masalan, biz faqat demokratiyani o‘rganaylik¸ din ikkinchi darajali narsa deyish noto‘g‘ri. Biz barini birdek bilib yetuk inson bo‘lsakkina tolerant bo‘lamiz va boshqalarning ehtiyojlarini tushunamiz. Shu ma‘noda men qilayotgan ertaklar targ‘ibot emas¸ balki musulmon bolalaridagi bilimga bo‘lgan ehtiyojni qondirish deb bilaman¸- deydi suhbatdosh.


Ertaklar va mazhabiy nizolar


Islom dunyosida ko‘p masalalarda mushtaraklik yo‘qligi bois mazhabiy nizolar kelib chiqadi. Masalan, o‘zbek multiplikatori Nozim To‘laho‘jayev 1990 yili Misrdagi Al-Azhar universitetidan izn olib diniy mazmundagi animatsion film suratga olganida e‘tirozlar girdobida qolgan edi.

Shu ma‘noda islomiy hikoyalarga munosabat ham taqvodorlar o‘rtasida turlicha.

Mirajproductions shirkatida ishlayotganlarning barisi sunniy-hanafiy mazhabga oid musulmonlardir, deydi Adiba Otayeva:

- Albatta, biz nizo boisi bo‘lishni istamaymiz. Diniy konsultantimiz bor. U Damashqlik ayol. Kuchli diniy bilim egasi. Qur‘on va hadislarini yaxshi biladi. Bundan tashqari Londonda bir shayh bor. Shayh Abu Sayyid. U shariat konsuli bo‘lib ishlaydi. Ularga olib boramiz. Ular ertaklarimizni sinchiklab tekshirishadi. Bu konsultantlar ham sunniy-hanafiy mazhabga oid musulmonlar bo‘lishiga qaramasdan biz shia-sunniy nizolariga yaqinlashmaymiz. Barcha musulmonlar ittifoq bo‘lgan tavhid asosida bolalar uchun ertaklar yozamiz. Biz ovoz yozish studiyasi sifatida barcha mijozlar istagini inobatga olamiz. Masalan, har bir ertakning musiqali va musiqasiz versiyalari bor. Salafiylar musiqasiz variantini olishadi. Liberalroqlari esa musiqali varianti sotib olishadi¸- deydi Adiba Otayeva Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdosh bu narsaga biznes deb qarashini ta‘kidlaydi:

- Islomiy mahsulot degan tushuncha bor. Masalan, halol tamg‘asi bilan chiqadigan yeguliklar. Biz ham musulmon bolalar uchun ma‘naviy mahsulot chiqaramiz¸- degan Adiba Otayeva yaqin kelajakda o‘zbek tilida islomiy audio kitoblar chiqarish niyati yo‘qligini aytdi:

- Biznes rejamizda ispan¸ frantsuz va rus tillarida bunday kitoblarni chiqarish niyatimiz bor. Hozircha faqat ingliz tilida. Yaqinda Vashingtonga boryapman. Amerika va Kanada biz uchun katta bozor. O‘sha bozor ehtiyojlariga uyg‘un harakat qilamiz¸- deydi musulmon bolalar uchun islomiy ertaklarning sasli kitobchalarini ishlab chiqaruvchi shirkat tuzgan Adiba Otayeva.
XS
SM
MD
LG