Линклар

Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonliklardan biri¸ Toshkent shahar Chilonzor tumani pasport bo‘limida biometrik pasport berish jarayonida ro‘molli ayollarning maxsus suhbatdan o‘tkazilayotgani va ularga ro‘molni butunlay yechish shart qilib qo‘yilayotganini bildirdi. Mutasaddi rasmiylar bu ma‘lumotni inkor qildilar.

Ozodlik tahririyatiga 17 iyul kuni o‘zi va oilasi xavfsizligidan cho‘chigani bois ismi-sharifi keltirilmasligini so‘ragan Chilonzor tumanida yashovchi fuqarodan quyidagi maktub keldi:

“Chilonzor tumani pasport stolida hijobli ayollar maxsus tartib asosida qabul qilinmoqda. Ayolim hijobda. Pasportini almashtirgani pasportniy stolga borgan edi. Hijobli ayollarning hujjatlarda ro‘moli qayd etilyotgan ekan. Ayolim ro‘molini yechib kirsa ham ularda avvaldan ro‘yxatda ekan. Yangi pasporti tayyor bo‘lganda borgan edi. Pasport stoli xodimlari pasportni oldim, deb qo‘l qo‘ydirib olib, pasportni bermay “shanba kuni kelasiz” debdi. Shanba kuni 18:00 da suhbat bo‘ladi¸ debdi.

Shanba kuni bordi. Deyarli hamma ro‘mollilar ro‘mollarini yechib kelishgan. Har bir ayolni yakkama-yakka MXX xodimi suhbat kilayotgan ekan. Eri bilan kelganlarni eri bilan xonaga opkirib ketibdi. MXX xodimi juda qattiq qo‘pol tarzda tahdidlar bilan savol-javob qilayotgan ekan. Pasport stolga ro‘molda kelgan ayollarni xonadan ro‘molini yechintirib chiqarishayotgan ekan. Orqadan o‘rab yurishga ham ruxsat yuk ekan. Do‘ppi mumkin ekan faqat. Aytganga kirmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish, qamoqqa (izolyatsiya) olish bilan tahdid qilishibdi. O‘sha kuni Chilonzor pasport stolda (18-xonada) ayollarga suhbatdan keyin ham pasport berishmapti. Ayollar ikki oy davomida kuzatuvda bo‘larkan. Shu ikki oy davomida ro‘molsiz bo‘lishi kerak ekan. Kuzatuv davrida ro‘molda ko‘lga tushgan ayolga qattiq choralar ko‘rilishi aytilibdi. Chilonzor pasport stolda har shanba 18:00 da shu ahvol. U yerdan ovozga yozib olish rasmga olish imkoniyati bo‘lmadi. Telefonlar yig‘ib olingan.” (maktub shu yerda tugaydi)

Bu maktub munosabati bilan Ozodlik muxbiri Chilonzor tuman Ichki ishlar bo‘limi¸ shuningdek¸ tuman pasport stoli xodimlari bilan bilan bog‘landi.

Ichki ishlar bo‘limining go‘shakni ko‘targan xodimlaridan biri “Bu faqat bizda emas”¸ deya maktubda yozilganlarni bilvosita tasdiqlagan bo‘lsa¸ yana bir bir xodim¸ “ro‘molli ayollar” degan kalimani eshitishi bilan go‘shakni ilib qo‘ydi.

Chilonzor tuman pasport bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi esa¸ ro‘molli ayollarning biometrik pasport olish jarayonida maxsus tekshiruvga olinayotgani haqidagi xabarni rad etdi:

- Ro‘moli bo‘lsa¸ ro‘molini yechib suratga tushadi va yana ro‘molini kiyib ketaveradi. Ro‘mol bilan suratga tushish mumkinmas. Bizga fuqarolar hammasi bir xil¸ ularni ro‘molli ro‘molsizga ajratayotganimiz yo‘q. Qonun doirasida arizalarini qabul qilamiz¸ qonun doirasida javob beramiz. Bizga uning ro‘moli bormi¸ yo‘qmi¸ ahamiyati yo‘q. Rasmga tushadi¸ tayyor bo‘lsa¸ olib ketadi¸ bori shu gap. Unaqa shart qo‘yish¸ pasportni bermaslik degan gap yo‘q¸ dedi Chilonzor tuman pasport stoli xodimi.

Har shanba kuni soat 18:00 da MXX xodimlarining ro‘molli ayollarni maxsus so‘roq qilayotgani haqidagi xabarga munosabat bildira turib pasport stoli xodimi:

- So‘rashi mumkin¸ savol-javob qilishi mumkin. Lekin pasportni ikki oydan keyin olasan¸ degan gaplar yo‘q bizda¸ deya javob qaytardi.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda¸ hozircha o‘z guruhiga ro‘molli ayollarga nisbatan biometrik pasport olish jarayonida maxsus shart va talablar qo‘yilayotganiga oid shikoyat kelib tushmaganini bildirdi.

Ayni paytda¸ huquq faoli Ozodlikka yo‘llangan maktubda tasvirlangan voqealarning mavjud ekanini ehtimoldan soqit qilmasligini ta‘kidladi.

Ozodlikka musulmonlar uchun muqaddas oy sanalgan ramazon oyining ilk kunida Toshkent bozorlarida savdo qilib kelgan ro‘molli ayollarga ro‘molini yechish talabi qo‘yilganiga oid xabar kelgan edi.

Mazkur xabarni o‘rganish jarayonida Toshkent shahri bozorlarida bosh hisobchi, tashkiliy bo‘lim boshlig‘i, patta yig‘uvchi va bozorning xavfsizlik bo‘limi rahbaridan tuzilgan maxsus guruh hijobli ayollarning savdo bilan shug‘ullanishi oldini olish ishlariga mas‘ul etib tayinlangani aniqlangan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi mashhur Eski jo‘va bozori xodimi mazkur guruh hijobli ayollar agar ogohlantirishga qaramay ro‘mollarini yechmasa, ularni bozordan haydayotganini tasdiqlagan edi:

- Bizda hijobli ayollar savdoga chiqsa, ular ogohlantirilayapti. Agar ogohlantirishga qaramay yana chiqadigan bo‘lsa, joyi olinayapti yoki jarimaga tortilayapti. Bu nima bo‘yicha profilaktika inspektori, xavfsizlikdan, hammamiz birga ishlayapmiz.

Jarima miqdori har xil. 10 barobar, 15 barobar, 100 barobar eng kam ish haqidan. Bir-ikki marta jarima qilib ham yana hijobda yurgan bo‘lsa, jarimaga tortilib joyi olib qo‘yilayapti, degan edi 9 iyul kuni Ozodlik suhbatlashgan Eski jo‘va bozori xodimi.

O‘zbekiston Respublikasining "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning "Diniy urf-odatlar va marosimlar" haqidagi 14-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra¸ "fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi".

Ana shu qonun asosida O‘zbekistonda yillardan beri xotin-qizlarni hijob va ro‘moldan chiqarish kampaniyasi ketmoqda¸ rasmiylarning bu talabini bajarmagan ayollarga ish va o‘qishdan haydalishdan tortib to nafaqa pullaridan mosuvo bo‘lish va sud orqali jarimaga tortilish kabi turli jazo choralari qo‘llanilmoqda.

Ozodlik tahririyati hozircha Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan kelgan maktubda tasvirlangan voqeaning tumandagi barcha ro‘molli ayollarga aloqador ekanligi¸ shuningdek bunday maxsus tekshiruv va nazorat jarayonining poytaxtdagi boshqa tumanlarda ham mavjudligini tasdiqlay olmadi.

Mabodo sizda bunga oid aniq ma‘lumotlar bo‘lsa¸ uni matn ostidagi sharh katakchasiga yozish¸ yoxud Skypedagi OzodSkype va OzodlikOnline manzillariga qo‘ng‘iroq qilish orqali jamoatchilikka bildirishingiz mumkin.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG