Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:02

Onalar: "Adolat talab qilamiz"


O‘sh qirg‘inida og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib bir umrga qamalgan etnik o‘zbek mahbuslarning onalari farzandlariga nisbatan jinoyat ishlari sohtalashtirilgani yuzasidan Qirg‘iziston rasmiylariga yozgan arizalari uch yildan beri e‘tiborsiz qolayotganini aytmoqda.

Odinaxon Toshirova o‘g‘li Azizillo Toshirov O‘sh qirg‘ini kunlari “Narimon qishlog‘ida Qorasuv tuman militsiyasi boshlig‘ini o‘ldirgan” degan sohta ayblov bilan nohaq qamalganini, sud jarayonlari adolatsiz o‘tganini aytdi.

- O‘g‘limni juda qattiq kaltaklashgan. Aybni bo‘yniga olmagunicha juda qattiq urishgan. Sud militsiya batalьonida o‘tdi. Sudga bizni kiritishmadi. Tuman sudiga ham kiritishmadi, viloyat sudiga ham kiritishmadi. Bizni va advokatlarimizni urib-tepib, haydab chiqarishdi. Sud faqat bir tomonlama bo‘ldi. O‘g‘limning aybdor ekaniga hech qanday dalil-isbot yo‘q. Hattoki o‘g‘limning barmoq izlarini ham topisha olmagan. Shunga qaramay, uni bir umrga qamab yuborishdi, - dedi Odinaxon opa.

Azizillo Toshirovning yaqinlari jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilishini talab qilib, amaldagi hukumatga, sud va prokuratura tuzilmalariga ariza kiritgan.

- Mana uch yildan beri ariza yozmagan joyimiz qolmadi, lekin uch yildan beri yozgan arizalarimizning birortasiga ham javob olganimiz yo‘q, - dedi Odinaxon Toshirova.

Оналар: "Адолат талаб қиламиз"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:50 0:00
Бевосита линк

Qorasuv tumani Narimon qishlog‘ida yashagan Hasanboy Tolipov ham qishloq markazida tuman militsiyasi boshlig‘ini o‘ldirganlikda ayblanib bir umrga qamalgan. Uning onasi Gulsaraxon Tolipovaning aytishicha, o‘g‘li iyun qirg‘ini kunlari mahalladan tashqariga chiqmagan. Ammo unga nisbatan ayblov bildirilib, tuman sudidayoq Hasanboy Tolipov umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Gulsaraxon opa adolat bir kun qaror topishiga va o‘g‘li qamoqdan oqlanib chiqishiga ishonadi:

- Uyimda yosh kelin o‘tiribdi, Xudodan tilab. Xudo xohlasa o‘g‘lim qaytib keladi, men ishonaman, - dedi Gusaraxon Tolipova.

O‘shlik Barnoxon Tolipovaning o‘g‘li Inoyatullo ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblanib, 25 yilga kesilgan ekan. Hasanboy 2010 yilning 2 iyulida O‘sh shahri ko‘chalaridan birida qo‘lga olingan.

- Militsionerlar o‘g‘limni: “Mana onangni ham tergovga olib keldik. Aybingni tan ol, bo‘lmasa, onangni ham javobgarlikka tortamiz”, deb qo‘rqitishgan ekan. O‘g‘lim meni avaylab, saqlab qolish uchun qilmagan aybini bo‘yniga olishga majbur bo‘ldi. O‘g‘limni va u bilan sudlangan beshta bolani besh kun melisalar juda qattiq qiynab, juda nochor ahvolga solib qo‘yishgan. Sudda bularning birortasi inobatga olinmadi, hatto guvohlar: “bu bola janjal bo‘lganda yo‘q edi”, degan ko‘rsatmalari ham inobatga olinmadi, - dedi Barnoxon Tolipova.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u uch yil mobaynida qirg‘iz rasmiylariga to‘xtovsiz arizalar yozgan. Biroq birorta arizasiga shu kungacha javob olmagan.
- Bu davlatda o‘zbeklarning haq-huquqi bormi yoki yo‘qmi? Shuni bilolmay hayronmiz. Farzandlarimiz nohaqdan qamalib ketaveradimi? Axir qamalgan yigitlarmizning hammasi o‘z oilasi, mahallasi, bola-chaqasi, or-nomusini himoya qilgan odamlar-ku. Ular bironta joyga bostirib bormagan, bironta uyga o‘t qo‘ymagan, bironta odamni o‘ldirmagan, - dedi Barnoxon Tolipova.

Bir qator xalqaro tashkilotlar ham uch yildan beri Qirg‘iziston hukumatini O‘sh qirg‘ini yuzasidan adolatli sudlovni ta‘minlay olmaganligi uchun tanqid qilib keladi.

Jumladan, BMT O‘sh qirg‘inining uch yilligi arafasida e‘lon qilgan bayonotida 2010 yil voqealarida ayblanib sudlanganlarning adolatli sudlov huquqi buzilganini alohida ta‘kidlagan.

Amnesty International xalqaro tashkiloti e‘lon qilgan yillik hisobotda ham Qirg‘iziston hukumati O‘sh qirg‘inini adolatli va natijali tergov qila olmagani tanqid qilingan edi.

Tashkilotning bildirishicha, O‘sh qirg‘inida ayblanib, qo‘lga olinganlarni tergov qilish jarayonida qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risidagi arizalar oqimi haligacha to‘xtagani yo‘q.

Qirg‘iziston rasmiylari xalqaro tashkilotlarning bu kabi tanqidlariga javoban O‘sh qirg‘ini adolatli tarzda tergov qilingani, tergov jarayonida qiynoqlar qo‘llanilmaganini aytib, qirg‘in kunlari sodir etilgan jinoyatlarda asosan o‘zbeklar ayblanib, nomutanosib ravishda jinoiy jazoga tortilgani haqidagi tanqidlarni asossiz iddao sifatida baholaydi.

Qirg‘iziston prezidentining rasmiy saytidagi ma‘lumotlarga qaraganda, 2010 yilning 10 iyunida boshlanib bir necha kun davom etgan O‘sh qirg‘ini chog‘ida 442 odam halok bo‘lgan. Ularning 70 foizi etnik o‘zbeklardir.

Ayni paytda O‘sh qirg‘inida ayblanib qamalgan 545 kishining 400 nafari o‘zbek, 133 nafari esa qirg‘iz millatiga mansubdir.
XS
SM
MD
LG