Линклар

Qashqadaryoda o‘zi sodir qilgan jinoyatni boshqa fuqaroning bo‘yniga yuklashga uringan militsiya xodimi 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ayni paytda sud militsiya xodimining aybini bo‘yniga olgan fuqaroni ham yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun jazoladi. Voqea guvohlari esa bu holni jinoyat qilayotgan militsionerlar soniga nisbatan daryodan bir tomchidek oz, demoqdalar.

Qashqadaryoda odam urib o‘ldirgan militsiya xodimi Hamdam Komilov ishini yo‘qotmaslik maqsadida muqaddam sudlangan fuqaro Yo‘ldosh Moyliyevni “Avtohalokat payti mashina rulida men o‘tirganman” deb yolg‘on guvohlik berishga ko‘ndirgan.

O‘zbekistonda chiqadigan “Iste‘molchi” gazetasining yozishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimi Komilov tomonidan sodir etilgan avtohalokat oqibatida mazkur shahardagi "Nuriston" akademik litseyi o‘qituvchisi Abdinazar To‘laganov halok bo‘lgan.

"Mazkur ish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘otilib, sudga chiqqach, militsiya xodimining tergov idorasini chalg‘itgani va aldagani ma‘lum bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi militsiya xodimi Komilovni 7 yilga ozodlikdan mahrum etdi, shuningdek, uning hisobidan marhum To‘laganov rafiqasiga 15,3 million so‘m (O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy kurs bo‘yicha 7,2 ming AQSh dollari) miqdorida moddiy va ma‘naviy zarar undirishni belgiladi", deb yozdi “Iste‘molchi”.

Birovning aybini bo‘yniga olmoqchi bo‘lgan Moyliyev esa yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun 2 yarim yilga axloq tuzatish kaloniyasiga jo‘natildi.

Qashqadaryolik huquq faoli Gulshan Qorayevaning aytishicha, jinoyatni sodir etgan militsiya xodimi qolib, o‘rniga boshqa birovlar jazoga tortilgan holatlar viloyatda ko‘p bo‘lgan.

- Militsiya xodimlari mashinani ichib haydaydi, qizil chiroqdan ham o‘tib ketaveradi, oqibatda juda ko‘p avariyalar o‘shalar tarafidan sodir etiladi, jazoni esa boshqalar oladi, - deydi Qorayeva.

Qorayevaga ko‘ra, shunday voqealardan biri bir necha yil avval Shahrisabz tumanida bo‘lgan.

O‘shanda militsiya xodimi boshqarayotgan "Niva" avtomobili "Neksiya" avtomobiliga urilishi oqibatida ikki kishi o‘lgan, yana ikki kishi og‘ir jarohat olgan.

Shahrisabz shahar sudi esa ehtiyotsizlik oqibatida avariya sodir qilgan, deya “Neksiya” haydovchisi Obidjon Xolovni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

O‘sha paytda militsiya xodimi boshqarib borayotgan “Niva”ning ichida bo‘lgan O‘ktam Abdunazarov voqeani eslarkan, avtohalokatga rulda o‘tirgan militsiya xodimini xatosi sabab bo‘lgan, deb bilishini aytadi.

O‘ktam Abduazarov o‘sha avtohalokatda akasi Amir Abdunazarovning o‘limiga sababchi bo‘lgan DAN xodimi Nodir Xolboyevni jazoga tortilishini talab qilib kelmoqda.

- Bizning mashinani jarima maydonchasiga haydayman deb, yo‘lda avariya bo‘lib, ikki kishi o‘ldi, ikki kishi mayib bo‘ldi. Jinoyatni GAI xodimi qildi, lekin unga chora ko‘rilmadi, - deydi Abdunazarov.

Bundan tashqari, o‘tgan oy Gulistonda ikki odam o‘limiga sabab bo‘lgan avariyani o‘zbek generalining o‘g‘li amalga oshirgani haqda xabar qilingandi. “Kaptiva” mashinasi haydovchisi bo‘lgani aytilgan o‘g‘il voqea joyidan qochib ketgan.

Keyinroq, 27 yoshli Eldor Hojiboyev ichki ishlar bo‘limiga kelib “Kaptiva” rulida bo‘lganini iddao qilib, baxtsiz hodisa uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, 27 yoshli Aleksandr Qosimov O‘zbekistondagi xavfsizlik idoralaridan birida yuqori lavozimni egallaydigan general Qosimovning asrandi o‘g‘lidir.
XS
SM
MD
LG