Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:23

O‘zbekiston masjidlari: 15 yil oldin 7000 ta edi, hozir 2037 ta


Bu yil O‘zbekistonda 27 ta yangi masjidda qurilish ishlari olib borilmoqda, 124 ta masjidni kapital ta‘mirdan chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu haqda axborot vositalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muhammadnazar Qayumovdan olingan ma‘lumotlarga tayanib xabar qildi. Idora rasmiysiga ko‘ra, shu kunda O‘zbekiston bo‘ylab 2037 ta masjid mavjud.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muhammadnazar Qayumovning jurnalistlarga bildirishicha, u vakili bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida 2012 yili mamlakat bo‘ylab 12 ta yangi masjid qurilgan, 20ga yaqiniga moddiy ko‘mak berilgan.

Javobi ko‘pchilikni qiziqtiradigan savollarimizni Musulmonlar idorasi vakili yoyinlagan ma‘lumotlar bahona shu idoraning boshqa bir xodimiga berdik.


Yangi masjid qurish uchun iznni kim beradi?


Bu savolimizga Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi xodimi Abdulhamid qori aka bunday javob berdi:

- Masjidni ochishga, yoki qurishga, yoki yangisiga asos solishga yuzga yaqin fuqaro o‘zi yashab turgan hudud hokimligiga ariza bilan murojaat qiladi. Mahalliy hokimiyat ruxsat berib, masjid ochilganidan keyin diniy idora imom-xatibni tayinlaydi.


Masjidni biron bir badavlat kishi o‘z mablag‘iga qurmoqchi bo‘lsa-chi?


- Bunday holatda ham, aholi hokimlikdan ruxsat olishi kerak. Ruxsat berilganidan so‘ng qurib berishi mumkin.

- Hamkasbingiz tarqatgan ma‘lumotlarga qaraganda, Musulmonlar idorasi masjid qurilishiga ko‘mak ko‘rsatar ekan. O‘sha ko‘makni olish uchun nima qilish kerak?

- Qurilishga ruxsat berilganidan, masjid uchun yer ajratilganidan keyin o‘sha masjid qavmi Diniy idoraga yordam so‘rab murojaat qiladi. O‘sha murojaat asosida, mahalliy hokimiyat bilan kelishilgan holda yordam ko‘rsatilishi mumkin, dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili.

Bitta shaharda nechta masjid bo‘luvi kerak? Umuman, masjid qurishga oid qanday me‘yorlar bor?


Bu savolni taniqli olim, Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Sodiqjon qori Kamoliddinga berdik.

- Musulmon ummati uchun masjidning mavqei markaziy o‘rinda hisoblanadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, masjidlarni musulmonlar o‘rtasini bo‘lmaydigan, birligini bo‘lmaydigan holatda qurish buyurilgan. Masalan, kerak ekan, deb har 300 metrga bittadan masjid qurish shariatda buyurilmagan. Ulamolarning gapi borki, ehtiyojdan ortiqcha qurilgan masjidlarning foydasidan zarari ko‘proq bo‘ladi. Qanchalik ko‘proq yurib borsa masjidga, musulmon shuncha ko‘p savob topadi, deyilgan, dedi olim.

Sodiqjon qori Kamoliddin aytayotgan me‘yordan kelib chiqilsa, Andijon viloyatidagi Maslahat qishlog‘ida istiqomat qiluvchi musulmonlar bir necha yildan beri savobning tagida qoldi: bu qishloqda masjid yo‘q, qishloq ahli ikki - uch kilometr naridagi qo‘shni qishloq masjidiga qatnaydi.

Bu haqda ma‘lum qilgan tinglovchimiz Sadiroxun So‘piyev 90 yillardagi gapni eslab bunday dedi:

- Qishlog‘imizda ikkita masjid qurilishi boshlangan edi. Ikkoviniyam to‘xtattirib qo‘yishgan. Bitta masjidni odamlarga bo‘lib berdi yashash uchun.
Tinglovchimiz yashaydigan Maslahat qishlog‘i masjidi qurilishi to‘xtatilgan yoki ishlab turgan masjidi yopilgan yagona qishloq emasligini o‘zbekistonliklar yaxshi biladi.

1998 yilga qadar mamlakatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan masjidlar soni yetti mingdan oshar edi.

Bugunga kelib esa, aholisi 30 million kishidan oshgan O‘zbekistonda 2037 ta masjid mavjud ekanligi aytilmoqda.

Qiyoslash uchun: aholisi 5 yarim million kishilik Qirg‘izistonda 2200 ta, aholisi 7 mln kishilik Tojikistonda qariyb 3500 ta masjid mavjud.
Bu raqamlardan kelib chiqib, islom olimi Sodiqjon qori Kamoliddinga yana bir savol berdik.

- Masjidlar O‘zbekistonda ozroqmi yoki Qirg‘izistonda ko‘proqmi?


- Men endi, xoh qo‘shni, xoh uzoqroq davlatlar bo‘lsin, ularni qiyoslashdan uzoqroq turishga harakat qilaman. Lekin Yer yuzining qaysi davlatida bo‘lmasin, masjidlar ehtiyojga qarab qurilishi kerak, degan fikrni aytib kelaman. Hisob-kitobimizga ko‘ra, ikki kilometrdan oshsa, yana bitta masjid qursa bo‘ladi, shuncha masfofaga ba‘zi bir qariyalar ham bora oladi, degan gapni aytamiz musulmonlar orasida, dedi Sodiqjon qori Kamoliddin.
XS
SM
MD
LG