Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:38

Qirg‘iziston chegarachilari aybini tan oldimi?


O‘zbekiston axborot saytlari Qirg‘iziston chegara rahbariyati 23 iyul kuni chegarada o‘zbek chegarachilari otib o‘ldirilganiga qirg‘iz tomoni aybdor ekanini tan olgani haqida xabar tarqatdi. Qirg‘iziston tomoni esa bu xabarlarni inkor etmoqda.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillarining voqea sodir bo‘lgan O‘zbekiston hududidagi uchrashuvi natijalari Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati 23 iyul kuni ertalab tarqatgan axborotga mutlaqo zid keladi”, deyiladi O‘zbekiston internet saytlarida tarqatilgan xabarlarda.

O‘zbekiston saytlari Qirg‘iziston rasmiylari o‘ldirilgan chegarachilar uchun kechirim so‘raganini iddao qilmoqda

O‘zbekiston internet nashrlarining xabar berishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmati vakillari Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Musaxon Boltaboyev” nomli fermer xo‘jaligi hududida uchrashgan. O‘zbek saytlari 23 iyul kunigi qonli voqea aynan mana shu hudduda sodir etilganini aytmoqda.

O‘zbekiston internet nashrlari biror bir davlat tuzilmasining rasmiy ma‘lumotiga tayanmagan holda, uchrashuv chog‘ida chegaradagi otishma aynan O‘zbekiston hududida sodir etilgani va bu holatni qirg‘iz tomoni tan olishga majbur bo‘lganini iddao qilgan.

“Uchrashuv davomida jinoyat joyida topilgan rad etib bo‘lmas dalillarga tayangan holda Qirg‘iziston vakillari – RPU boshlig‘i polkovnik A.Alimbayev, Jalolobod garnizoni harbiy prokurori polkovnik Makashov, Jalolobod POGOsi boshlig‘i podpolkovnik Qodirov-o‘zbek tomonining haq ekanini tan olishga majbur bo‘ldi.

Ya‘ni voqea O‘zbekiston hududida bo‘lib o‘tgani, qirg‘iz chegarachilari O‘zbekiston davlat chegarasini buzib o‘tgani tan olindi. Bundan tashqari, voqea joyi ko‘zdan kechirilganda aynan qirg‘iz chegarachilari birinchi bo‘lib o‘q uzgani aniqlandi”, deyiladi O‘zbekiston internet nashrlari tarqatgan bir-biridan farq qilmaydigan xabarlarda.

Shuningdek, O‘zbekiston internet nashrlari Qirg‘iziston tomoni o‘ldirilgan o‘zbek chegarachilari uchun o‘zbek tomonidan kechirim so‘raganini yozgan. O‘zbekiston nashrlari voqea paytida o‘zbek chegarachilariga o‘q otgan qirg‘iz harbiylari mast ahvolda bo‘lganini iddao qilgan edi.

Qirg‘iziston: O‘zbekiston saytlaridagi xabarlar haqiqatga zid


Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘riboyeva Ozodlik radiosi muxbiri bilan suhbat chog‘ida mana shunday bayonot berdi:

-Men rasman bildiramanki, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston tomonining haq ekanini tan olgani yo‘q va O‘zbekiston tomonidan kechirim ham so‘ragan emas. Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistondan voqea yuzasidan tergov yakunlanmagunicha vaziyatni bo‘rtirmaslik va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatmaslikni iltimos qilib bayonot bergan. O‘zbekiston internet nashrlarida tarqatilgan axborotdan xabardormiz va bu xabarlar haqiqatga zid keladi, -dedi Gulmira Bo‘riboyeva.

Chegara xizmati rasmiysi qirg‘iz chegarachilari mast bo‘lgani to‘g‘risidagi o‘zbek matbuotida paydo bo‘lgan xabarlarni "yolg‘on ma‘lumot" deya baholadi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Iskander Mambetaliyev esa qirg‘iz cherachilari qonuniniy tarzda qurol qo‘llaganini bildirdi.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, chegaradagi qonli voqea ikki davlat o‘rtasidagi chegara –o‘tkazish bekatlari faoliyatiga ta‘sir ko‘rsatmagan.

-Bugungi kunda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida ochiq bo‘lgan chegara-o‘tkazish bekatlari odatdagi rejimda ishlamoqda. Hozircha chegara bir tomonlama yopilgani yoki boshqa to‘siqlar haqida ma‘lumot yo‘q, -dedi Gulmira Bo‘rboyeva.


O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmati rahbarlari uchrashadi


O‘zbekiston va Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbarlari 24 iyulь kuni voqea sodir bo‘lgan hududda uchrashadi. Bu haqda Qirg‘iziston Chegara xizmati rasman bildirdi. Hozircha uchrashuv qaysi mamlakat hududida o‘tkazilishi noma‘lum bo‘lib qolmoqda.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, uchrashuvga O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rustam Eminjonovning kelishi kutilmoqda.

Uchrashuv 24 iyul kuni tushdan keyin o‘tkaziladi.

Ozodlik radiosi kun davomida tafsilotlarni kuzatib boradi.
XS
SM
MD
LG