Линклар

Toshkent markazidagi Internet kafelarda Internet titgan mijozlar Eski shaharda tug‘ilib o‘sgan qo‘shiqchi Rashid Xoliqovni qaysi turdagi tropik ari chaqqanini muhokama qilmoqda.

O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Rashid Xoliqov Germaniyada o‘tkazilgan jarrohlik amayoliyotidan keyin Toshkentga qaytgan. Rashid Xoliqovning salomatligi yaxshilanmoqda.

Bu fikrlarni Rashid Xoliqov ahvolidan xabar olgan toshkentlik jurnalist Sardor Komilov bildirdi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoq va Toshkent ko‘chalarida “Rashid Xoliqovning oyoqlari kesib tashlanganligi” va “sog‘lig‘i o‘ta yomonligi” borasida bir-biridan tahlikali mish-mishlar tarqaldi.

Bu mish-mishlar telefondan telefonga¸ og‘izdan quloqqa o‘tib bolalamoqda.

“Rashid Xoliqovni Hidistondagi orolga borganida tropik hasharot chaqibdi.”
“Rashid Xoliqov mototsikldan ag‘darilibdi” degan mish-mishlar ijtimoiy tarmoq turg‘unlari tarafidan kunlab muhokama qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi eng so‘nggi muhokama mavzusi” tropikal ari Rashid Xoliqov badanining aynan qaysi qismini chaqqani haqida” bo‘ldi. Bu mish-mishlar AQShda o‘zbek muhojirlari tarafidan chop qilinadigan “Vatandosh” gazetasidagi “Rashid Xoliqov hashorat chaqishi oqibatida uch marta operatsiya qilingani” haqidagi maqola chiqqanidan keyin yana urchidi. Bu maqolada 120 kilo tosh bosgan Xoliqovning 88 kiloga tushib qolgani aytiladi. Bu gapdan keyin ijtimoiy tarmoqlar “Rashid Xoliqov nima uchun bunchalik ozib ketdi?” degan mavzuni muhokama qildi.

Toshkentlik jurnalist¸ internetdagi Sayyod.uz nashri rahbari Sardor Komilov o‘z tasarrufidagi ma‘lumotlarga asoslanib Rashid Xoliqov borasidagi vaziyatga aniqlik kiritdi:

- Hozirgi damda Rashid Xoliqov Toshkentda. Davolanmoqdalar va shou biznesni ichidan xabarlarga ko‘ra, tuzalish jarayonidalar. Hech qanaqa unaqa xunuk bir gap-so‘zlar yo‘q. Endi xalqni bilasiz, har doim kichkina narsani bilishsa, darrov katta qilib yuborishadi. Yaxshimas menimcha. Rashid Xoliqov ayni damda tuzalish jarayonida. Kayfiyatlari ham¸ bilishimcha¸ yaxshi. Yaqinda ommaviy axborot vositalariga ham intervyu berdilar. Kasallik Bali oroliga dam olishga borganlarida, xabarim boricha, qanaqadir bir hasharotmi¸ arimi oyoqlarini chaqqan ekan. Undan keyin mototsiklda ag‘darilgan, hobbilari mototsikl haydash edi, o‘shanda zo‘raygan bo‘lsa kerak. Keyin Germaniyada davolanib, operatsiyani o‘tkazib, muvaffaqiyatli ravishda o‘tkazib Toshkentga qaytdilar. Bu yoqda reabilitatsiya jarayoni va tuzalish jarayonini hozir boshlaridan o‘tkazmoqdalar.

Ozodlik: Jarrohlik amaliyoti deyapsiz. Bir oz batafsil ayta olasizmi bu jarrohlik amaliyoti haqida?

- Endi unaqa detallarini biz bilmaymizku. Jarrohlik detallarini bizlarga aytishmaydiyu nima bo‘ldi¸ nima qo‘ydi. Lekin hech qanaqa unaqa oyoq kesildi¸ degan narsalar yo‘q. Bo‘lmasa, bilasizku shou biznesning ichida birdaniga darrov hamma bilgan, hamma nima qilgan bo‘lardi. Shaxsan mening bu narsadan xabarim yo‘q. Eshitdim gap-so‘zlarni. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar ko‘p yozishayapti. Menga ham shu savol bilan murojaat qilishayapti. Mish-mish tarqalgandan keyin doim murojaat qilishadi. Yo‘q, bunaqa narsa yo‘q lekin.

Ozodlik: Sog‘lig‘iga bunaqa favqulodda katta qiziqishning sababi nima?

- Endi mashhur bo‘lgandan keyin¸ bilasiz¸ faqat sog‘lig‘iga emas hamma narsasiga qiziqishadi. Turmush tarziyu kim bilan yurdi, kim bilan ajrashdi, kim bilan sevishdi, har bitta qadami, yaxshisiyu yomoni hammasi tahlil qilinadi. Hammasi endi xalqda, bu bunga aytdi, u bunga aytdi qarabsizki, 10-15 ta odamdan o‘tgandan keyin birinchi ma‘lumot o‘zining holiday qolmaydi. O‘zgarib, bo‘rttirib, katta bo‘lib ketadi. Oyog‘ini operatsiya qildi degani ham, mana hozir oddiy siz bilan biz gaplashayapmizku shu narsani, operatsiya bo‘ldi, Germaniyada bo‘ldi degani ham odamlar shuni tekshirmay, ommaviy axborot vositalarini kuzatmay, “Voy eshitdingmi operatsiya bo‘pti? Nima bo‘pti? Oyog‘ini operatsiya qipti. Nima qipti? Kesibdi” bo‘ldi. Keyingisi kesibdi, kesib tashlabdi. Bo‘ldi bechoraning oyog‘ini ham kesib yuboradi xalq, deydi toshkentlik jurnalist Sardor Komilov.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Rashid Xoliqovni o‘ziga teng qilib, "mana Rashid Xoliqov ham sahnaga chiqish oldidan xuddi men kabi qosh-ko‘zini bo‘yab pardoz qiladi" deganidan keyin qo‘shiqchining piligi ko‘tarilgan edi.

Karimova xonimning bu gapidan keyin Rashid Xoliqov “Soca Cola” shirkatining O‘zbekistondagi rahbari bo‘ldi, degan mish-mishlar paydo bo‘lgandi.

Ushbu ovozani rad etgan xonanda Xoliqov “Men ham boshqalar qatori bu mashhur ichimlikni faqat ichib ko‘rganman. Uni ishlab chiqarishga rahbarlik qilish esa umuman xayolimga kelmagan” deb ta‘kidlagan edi.

O‘zbek qo‘shiqchiliigida Rashid Xoliqovning o‘rni

"O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist", 40 yashar Rashid Xoliqov 1991 yilda asos solingan "Shahzod" guruhi solistidir.
.
Uch o‘g‘il va bir qizning otasi "Shahzod" guruhi xonandasi Rashid Xoliqovning "Ey, aziz yurtim" qo‘shig‘i bilan tanilgani aytiladi.

Kasalxonaga tushmasidan oldin Ozodlikka intervyu bergan Rashid Xoliqov bu qo‘shiqning urf bo‘lib ketganidan o‘zi ham hayronligini aytgan edi:

- Bu qo‘shiq ommabop bo‘lib ketadi, deb o‘ylamagan edim, ochig‘i. Bu qo‘shiq 1998 yilda ijro etilgan. Qo‘shiq yaxshi¸ chiroyli. Bayramlarda aytiladigan qo‘shiq. Men bu qo‘shiqni Isroilda aytganimda o‘zimizning Buxoro juhudlarining ko‘zida yosh ko‘rdim. Sahnani ko‘zlariga surtib yig‘lashgan. Avstriya poytaxti Venada ham bunga guvoh bo‘lganman¸ degan edi qo‘shiqchi.
XS
SM
MD
LG