Линклар

logo-print
Yekaterinburgda 2 yashar bolani o‘zbek muhojiri mashinasida bosib ketgani bois mahalliy aholining muhojirlarga qarshi bir necha ommaviy norozilik aktsiyalari uyushtirilishiga sabab bo‘ldi. Hodisa joyida hibsga olingan Azamatbek Yoqubovning ozodlikka chiqarilganidan yekaterinburgliklar norozi bo‘lmoqda. Bu vaziyatdan esa rus millatchi tashkilotlari foydalanishga urinib ko‘rdi.

23 yashar o‘zbekistonlik Azamat Yoqubov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining “Yo‘l harakati qoidalarini buzishi natijasida ehtiyotsizlikdan sog‘liqqa og‘ir ziyon keltirish” moddasi asosida javobgarlikka tortildi.

O‘zbek muhojiri 7 iyul kuni Yekaterinburgdagi uylardan birining hovlisidan Minomyotchiklar ko‘chasiga "Deu-Neksiya”da orqachalab chiqib ketishga urinayotganda ota-onasi bilan aravachada ketayotgan 2 yashar Vova Sochnevni bosib ketgan.

- Avtomobil birdaniga tez orqaga yurib ketdi, men mashina oynagiga to‘xtatishini so‘rab urdim, lekin u atrofga qaramasdan bolamni bosib ketdi, deydi jurnalistlarga bergan intervyusida Tatyana Sochneva.

Bolaning ota onasi bergan guvohligiga ko‘ra, Azamatbek hodisa joyidan mashinani gazlab qochib qolmoqchi bo‘lgan, lekin uni bir necha kishi to‘xtatib qolgan.

Boshi yorilgan va umurtqasidan shikast yegan 2 yashar Vova og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan. Vrachlar komaga tushgan bolaning holati o‘rtacha og‘irligicha qolayotganini gapirmoqda.

Hozircha Buxorodan bo‘lgan Azamat Yoqubov shaharga 3 oy oldin kelgani, allaqachon bir necha marotaba ma‘muriy jarimaga tortilgani ma‘lum.

Tergovchilar savoliga Azamat bolani qorong‘uda ko‘rmay qolgani, ayb bolani qarovsiz qoldirgan ota-onada ham borligini gapirdi.

Lenin tuman sudi o‘zbekistonlik haydovchini 3 ming rubl jarimaga tortib ozod qilgani mahalliy jamoatchilik g‘azabini keltirdi.

Dushanba kuni Yoqubov olib ketilgan Jeleznodorojniy tuman politsiya bo‘limi oldida Vova Sochnevning onasi 70ga yaqin mahalliy kazaklar qurshovida kelib, “adolatli tergov olib borilishini” talab qildi. Kazaklardan tashqari “migrantni sudlash kerakligi” talabiga “Russkiy marsh” millatchilar tashkiloti a‘zolari qo‘shildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari Azamat Yoqubov hodisa joyidan qochib ketmagani sababli hibsda saqlanmasligini tushuntirishiga qaramasdan, millatchilar uni "Linch sudiga" tortish, “ko‘chada uchragan gastarbayterni esa dorga osish”ni taklif qila boshladi.

Politsiya bo‘limi oldiga yig‘ilgan shaharliklar vajohatidan sergak tortgan Yekaterinburg politsiyasi, oxir-oqibat, Yoqubovni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

- Yekaterinburg shahar Yo‘l-patrul xizmati taftishi materiallari talab qilib olindi va Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sverdlovsk viloyati bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi maxsus bo‘limiga qayta tekshirishga topshirildi, - dedi Azamatbekning ikki sutkaga hibs etilganini jurnalistlarga xabar qilgan boshqarmaning rasmiy vakili Valeriy Gorelix.

Vaziyatdan foydalangan mahalliy millatchi tashkilotlar 18 iyulga Yekaterinburgning markaziy maydonida “noqonuniy migrantlarga qarshi” miting uyushtirdi. Shu yerda shaharning ziyolilari va yoshlari Aleksey Navalniyning hibsga olinishiga qarshi norozilik aktsiyasiga chiqdi.

Yekaterinburgdagi “Ural-O‘zbekiston” Do‘stlik jamiyati” raisi muovini Obid-aka Turatov Ozodlik bilan suhbatda o‘zbeklar jamiyati shaharda millatlararo nizoning kelib chiqmasligiga bor kuchini tashlaganini gapiradi.

U kuni kecha jabrlangan bolakayni borib ko‘rib kelgani, shaharda vaziyat ancha tinchlanib qolganini gapirdi.

- Hammasi joyida. Men o‘zim 2 kundan keyin bolachani borib ko‘rdim. Davolovchi vrach “Bola sog‘ayishni boshladi!”, dedi. Jinoiy ish bo‘yicha – yigitimiz tergov izolyatorida. 2 oy maksimum – keyin chiqadi. Gramotni advokat olingan. Ataman bilan kelishdik. U “Nerusskiy, o‘zbeklar ko‘tarilmasin”, dedi. U esa bolaning ota-onasini tinchlantirgan. “Faqat men bilan gaplashasan. U millatchi, LDPR, “Gorod bez narkotikov” tashkilotlarini aralashtirmaysan”, deb aytgan. Hozircha XUdoga shukur, tinch, deya Yekaterinburgdagi vaziyat to‘g‘risida ma‘lumot berdi Obid-aka Turatov.



Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sverdlovsk viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasida Ozodlik so‘roviga Vova Sochnevni bosib ketgan o‘zbekistonlik haydovchi 2 yilgacha qamoq va 3 yilgacha mashina haydashga ta‘qiq jazosi tayinlanishi mumkinligini bildirishdi.

Vova Sochnevning o‘zbek muhojiri mashinasi ostiga tushishidan bir hafta o‘tib – 15 iyul kuni Sverdlovsk viloyatining Beloyarsk tumanida mahalliy fuqaro VAZ-21043 avtomashinasida 10 yashar bolakayni urib ketdi. Bir nechta joyi singan va og‘ir jarohat olgan bola shifoxonaga olib ketildi.

21 iyul kuni viloyatning Pervouralsk shahridagi “Vosxod” Madaniyat uyi yonida orqachalab yo‘lga chiqayotgan Chevrolet Lacetti avtomobili bir ayol va 9 yoshli bolani urib ketdi.

Hozircha mahalliy axborot vositalari va millatchilar tashkilotlari bu hodisalarga biror munosabat bildirganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG