Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:55

Alisher Usmonov "hotamtoy"likda ham Rossiyada birinchi


Bir necha yildan beri Rossiyaning eng badavlat shaxsi maqomini saqlab kelayotgan asli namanganlik milliarder Alisher Usmonov xayriya ishlariga eng ko‘p pul berayotgan rossiyalik oligarxlar ro‘yxatida ham birinchi deb topildi.


Alisher Usmonov – sport, san‘at va fan homiysi


Forbes jurnali e‘lon qilgan "Rossiyalik metsenatlar" ro‘yxatiga kirgan 50 nafar eng badavlat rossiyalik 2012 yilning o‘zida xayriya ishlariga 390 million dollar sarflagan. Bu mablag‘ning teng yarmi - 180 million dollari aynan o‘zbekistonlik Alisher Usmonovga tegishli.

“Metalloinvest” shirkati egadoshi, “Gazprom investxolding” bosh direktori bo‘lgan Usmonov “Qilichbozlik kelajagi uchun”, “San‘at, fan va sport” jamg‘armalarini ta‘sis etgan. U shuningdek, sport, muzey, teatr, ijtimoiy loyihalar va og‘ir xastalikka uchragan bolalarga yordam berish bilan ham nom chiqargan.

O‘zi yoshligidan Toshkentda qilichbozlik bilan jiddiy shug‘ullangan tadbirkor "Sport ustasi" unvoniga ega bo‘lib, birmuncha vaqt Sovet Ittifoqi terma jamoasi safida musobaqalarda ishtirok etgan. O‘sha yillarda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan rafiqasi Irina Viner bilan tanishgan.

Bugungi kunda Rossiya qilichbozlik va badiiy gimnastika federatsiyalari to‘liq Alisher Usmonov homiyligida faoliyat yuritmoqda. 2008 yildan buyon u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti hamdir.

2007 yilda Usmonov 100 million dollarga Mstislav Rostropovich va Galina Vishnevskayaga tegishli san‘at kollektsiyasini “Sotbis” auktsionida sotib olgan va uni Rossiya hukumatiga sovg‘a qilgan. O‘sha yiliyoq milliarder namoyish etish huquqi amerikaliklarga o‘tib ketib qolgan sovet davri multfilmlari to‘plamini sotib olib, Rossiyadagi “Bibigon” bolalar telekanaliga topshirgan.

Bu saxiyliklari evaziga Rossiya prezidenti Alisher Usmonovni “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” IV darajali ordeni bilan taqdirladi. Vladimir Putin 2013 yil 6 iyul kuni imzolagan farmonga ko‘ra, Alisher Usmonov “davlat oldidagi katta xizmatlari, jamoat va xayriya ishlaridagi faolligi uchun” bu ordenga sazovor bo‘lgan.

59 yashar Alisher Usmonov 2012 yilda, shuningdek, jahonning eng nufuzli shaxslari orasida 67 o‘rinni egallagan. Forbes jurnali e‘lon qilgan rossiyalik milliarderlar ro‘yxatida 2013 yilda yana Alisher Usmonov birinchi o‘rinni egalladi.

Homiylar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallab kelayotgan Millhouse Capital kompaniyasi egasi Roman Abramovich ijtimoiy va boshqa loyihalarga 111 million dollar sarflagan. Rossiyada eng saxiylar qatorida uchinchi o‘rinni egallagan Alisher Usmonovning biznes-sherigi Andrey Skoch bolalar, veteranlar, sog‘lomlashtirish va sportga 40,2 million dollar sarflagan.

Forbes nashri Rossiyadagi boy tadbirkorlarining bir qismi “xayr-ehson ishlarini xufyona olib borayotgani” ni ta‘kidlagan bo‘lsa, ko‘p hollarda bunday xarajatlar “Kreml buyrug‘i yoki gubernator “iltimosi”” asosida amalga oshayotganini ilova qilgan.

Solishtirish uchun, Berkshire Hathaway shirkati xo‘jayini, amerikalik milliarder Uorren Baffet Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts jamg‘armasiga 2 milliard AQSh dollari miqdorida xayriya qilgan. Shu tariqa Baffet 2008 yilda Bill va Melinda Geytslarga ajratgan 1,8 milliard dollar miqdoridagi o‘z avvalgi xayriya rekordidan o‘zi oshdi.

Amerikaliklar orasida eng saxiy sanalgan Uorren Baffet birgina 2012 yilda 3,1 milliard dollarni turli loyihalarga xayr-ehson qilgan.


O‘zbek "Hotamtoy"i o‘z yurtdoshlariga nega qayishmaydi?


Moskvadagi “Vatandosh” Mintaqalararo o‘zbeklar tashkiloti prezidenti Usmon Baratov Rossiyaning eng badavlat odami sifatida Alisher Usmonov o‘z yurtdoshlariga yordam berib turishi kerak, degan fikrda.

Ozodlik bilan suhbatda u bir necha yil oldin hatto Usmonov qabulxonasida bo‘lgani, biroq uning qabuliga kira olmaganini esladi:

- Bu odamning mana shu yerdagi yurtdoshlariga, mehnat muhojirlariga yoki bo‘lmasa jamiyatlarga yordam qilganini eshitganim yo‘q. Biror joyda qilgan bo‘lishi mumkin, lekin men eshitmaganman. O‘zim ham ikki yil oldin ofisiga borib, harakat qilganman bu odam bilan uchrashishga, lekin hech qanaqa natija bo‘lmagan. Biz jamiyatimiz “Vatandosh” orqali o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga yordam qilish uchun qandaydir moddiy tomondan yordam qilish masalasida o‘tgan edik. Bizga pul ham kerak emas – bizga bitta ofis Moskvada, texnika va unda o‘tirishga bitta kotibaga oylik bersa bo‘ldi. Bu u kishiga arzimagan pulga tushadi!

Lekin, mening fikrimcha, bu odam puldan emas, siyosatdan qochayapti. Bilasiz, bir oy oldin O‘zbekiston prezidenti Karimov Moskvada yurganlarni "dangasa, bizni pozor qilayapti", dedi. Bunaqa odamlarga yordam bersa u rasman Toshkentga, Karimovga qarshi bo‘lib qoladi, deya o‘z munosabatini bildirdi Moskvadagi o‘zbeklar jamiyati rahbari Usmon Baratov.

Peterburgda mehnat qilayotgan namanganlik Xayriddin aka hech kim¸ xususan saxovatpeshaligi aytilayotgan namanganlik milliarderning yordamiga muhtoj emasligi, Ollohdan faqat o‘ziga sog‘liq so‘rashini aytadi.

- Alisher Usmonovni eshitganman. Lekin nima ish qilishini bilmayman. Shaxsan menga qolsa, undan hech narsa kerak emas. Oyoq-qo‘lim bor, qo‘limdan ish keladi, nogiron bo‘lsam edi – yordam so‘rasam! Oyoq-qo‘lim, kallam ishlasa, nega men birovdan yordam so‘rashim kerak? Xudoyim “E-e, sen nega oyoq-qo‘ling, kallang ishlasa yordam so‘rayapsan?”, deb meni nogiron qilib qo‘yishi mumkin. Bu xayriyalarni nogironlarga, qarovsiz oilalarga bersa – u savob¸ deydi Rossiyada faqat halol mehnat bilan pul topishini Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik muhojir Xayriddin aka.
XS
SM
MD
LG