Линклар

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron bolalar va voyaga yetmaganlarni Internetning eng qorong‘u ko‘lkalari¸ xususan¸ pornografiyadan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturini jamoatchilikka taqdim etdi. Internet pornografiyasini butkul taqiqlash taklifi¸ so‘z erkinligi tarafdorlari tomonidan xavotir bilan qarshi olindi.

Londondagi bolalarga atalgan xayriya tadbirida chiqish qilgan Bosh vazir Devid Kameron jamiyat oldida pishib yetilgan muammolardan biri bolalarni pornografiyadan himoyalash ekanini ta‘kidladi. London rahbari¸ ana shu himoya yo‘lida¸ Internetdagi bolalar pornografiyasi va xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlik aks etgan tasvirlarni taqiqlash taklifini o‘rtaga tashladi.

Kameron ta‘kidicha¸ Internetda keng tarqalib ketgan pornografiya va zo‘ravonlik bolalarning seks¸ qolaversa erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi tasavvurlarini mutlaq buzilishga sabab bo‘lmoqda:

- Bolalar do‘kon va kinoxonalarga borib kattalarga mo‘ljallangan narsalarni sotib olishi yoki kattalar qiladigan ishlarni qilishi mumkin emas. Biz ularni himoya qilish uchun bu jarayonni tartibga solishga haqlimiz. Gap bevosita Internetga kelib taqalar ekan¸ erkinlik va mas‘uliyat masalasida biz bolalarimiz oldidagi mas‘uliyatimizni o‘z holiga tashlab qo‘ydik. Men aytmoqchi bo‘lgan gapning indallosi shuki¸ Internet haqiqiy hayotdan ajrab qolgan yo‘lakcha¸ yoxud real hayotdan qochish usuli emas¸ balki haqiqiy hayotning o‘zidir¸ dedi Britaniya Bosh vaziri dushanba kuni.

Kameron taklif qilayotgan takliflar markazida bolalarning Internetdagi pornografik saytlarga kirish yo‘llarini yopish va pedofiliyaga qarshi xalqaro kurashni yaxshiroq muvofiqlashtirish chaqirig‘i turibdi.

Ayni shu maqsadda Britaniya hukumati mamlakatdagi eng yirik to‘rt Internet provayderi bilan oilalar manfaatiga moslashgan maxsus filtrlar yaratish bo‘yicha ish olib bormoqda. Bunday filtr¸ voyaga yetgan mijoz uni o‘chirishni so‘rab murojaat qilmagunga qadar¸ pornografik materiallarning barchasini avtomatik tarzda blokirovka qiladi.

Bosh vazirga ko‘ra¸ kelasi yil oxiriga qadar Britaniyadagi provayderlar o‘z uyiga Internet xizmati o‘tkazgan 19 millionga yaqin oilaning barchasi bilan bog‘lanib¸ ulardan ushbu filtr o‘rnatilishini istash-istamasliklarini so‘rab chiqadi. Internetga yangi ulanuvchilar uchun esa¸ bunday filtr avtomatik tarzda ishga solinadi.

Kameron ayni paytda¸ Internetdagi qidiruv tizimlari bilan maxsus qora ro‘yxat ishlab chiqarish borasida hamkorlik borayotganini bildirdi. Bunday qora ro‘yxat¸ London rahbariga ko‘ra¸ zo‘ravonlik va pedofiliya tasvirlari joylashtirilgan saytlarning qidiruv jarayonida mijozga taqdim etilishi oldini oladi:

- Mening Google, Bing, Yahoo va boshqa qidiruv tizimlariga aytadigan gapim juda sodda: bu muammoni hal qilish sizning burchingiz va bu birinchi galda¸ axloqiy burchingizdir. Men bu shirkatlardan ayrimlarining so‘z va ifoda erkinligi bois¸ bunday saytlarning qidiruv tizimiga kiritilishiga oid iddaolarini qabul qilmayman. Shu bois men oktyabr oyida mazkur jarayonga oid maxsus hisobot talab qilaman va qidiruv tizimlarining bu boradagi ishlariga oid so‘nggi tadbirlar ham bu hisobotga kiritilishi lozim¸ dedi London rahbari.

“Agar oktyabr oyidagi hisobotdan qoniqish hosil qilmasam¸ bu shirkatlarni tegishli choralar qo‘llashga majburlash uchun “huquqiy imkon”larni ishga solaman”¸ deya tahdid qildi Kameron.

Britaniya Bosh vazirining bolalarni Internetdagi pedofiliya va zo‘ravonlik tasvirlaridan asrash istagi umumiyatla ijobiy qrashi olingan bo‘lsa-da¸ u taklif qilayotgan choralar so‘z erkinligi himoyachilari e‘tiroziga sabab bo‘lmay qolmayotir.

Ular fikricha¸ bu jarayondagi asosiy muammo pornografiya tushunchasining qanday talqin etilishi bilan bog‘liq va provayderlar o‘rnatadigan filtrlar legitim axborot yo‘lini ham bo‘g‘ishi mumkin.

Tsenzura indeksi deb nomlanadigan nohukumat guruhi tahlilchisi Padreyg Reydi¸ bunday filtrlar Britaniyada sassiz tsenzura o‘rnatilishiga olib keladi¸ degan tashvishda.

Bu mutaxassis fikricha¸ Kameronning pornografik va zo‘ravonlik tasvirlarini filtrlash taklifi¸ aslida¸ ota-onalarni asossiz tarzda tinchlantirib¸ ularni o‘z farzandlari kirayotgan saytlarni kuzatish mas‘uliyatidan forig‘ qilishi mumkin:

- Bunday filtrlar nishonga olinayotgan saytlarning barchasini ushlab qola olmaydi. Bunday filtr joriy qilinishi ota-onalarni “Internetdagi hamma narsa bundan buyog‘iga bolalarim uchun bexavotir. Bolamning qaysi saytga kirayotganini bundan keyin kuzatishga ehtiyoj qolmadi” degan asossiz xulosaga olib keladi. Bolangizning qaysi saytga kirayotganiga ishonch hosil qilishning yagona yo‘li ular ko‘rayotganlarni birga ko‘rishdir¸ deydi bu mutaxassis.

Boshqa kuzatuvchilar¸ provayderlarning hukumat bilan fuqarolarning Internetdagi faoliyatini kuzatish borasidagi hamkorligi pornografik saytlarga kirayotgan shaxslar ro‘yxatining jamoatchilikka e‘lon qilinmasligini kafolatlamasligini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG