Линклар

O‘zbekiston ichida faoliyat olib borgan va o‘zini mustaqil sanovchi UzMetronom tahririyati vaqtincha sukut saqlash qaroriga kelgan. Bu haqda Ozodlikka nashr rahbari Sergey Yejkov ma‘lum qildi.

Sayt bosh sahifasidagi maqolada Sergey Yejkov bu jimlikning qancha davom etishi borasida aniq fikri yo‘qligini yozgan.

"Biz taym-aut olib, axborot resursini yangilab turishni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildik. Hozircha biz bu jimlik qancha davom etishini bilmaymiz - bir kunmi, ikki kunmi, o‘n kunmi, bir oymi"¸ deb yozdi Yejkov.

Ozodlik bilan suhbatda Sergey Yejkov 24 iyul kuni respublika harbiy prokuraturasidan rasmiy ogohlantiruv olganini ma‘lum qildi.

24 iyul kuni Harbiy prokuraturaning 802-raqamli hujjatida UzMetronom nashri rahbari Sergey Yejkov o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi nizoli voqeani yoritib, mavjud qonunlarni buzgani borasida ogohlantiriladi.

Hujjatga ko‘ra, nashr "mutasaddi idoralarning maxsus idoralardan aniq axborotlarni olmasdan” turib, 23 iyul kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi voqealarni yoritgan.

Harbiy prokuratura o‘z ogohlantiruvida UzMetronom yoyinlagan axborot ”O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarib, chegaraoldi aholisi o‘rtasida taranglikni yuzaga keltirib, ikki davlat munosabatlariga zarar berishi” mumkinligini ta‘kidlaydi.

Shu bilan birga, Harbiy prokuratura UzMetronom nashriga ommaviy axborot vositasi sifatida qarab, muharrir Sergey Yejkov “o‘zboshimchalik bilan qonunlarni buzishda davom etsa, ma‘muriy, so‘ngra esa jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida” jiddiy ogohlantiradi.

UzMetronom nashri muharriri Yejkov Ozodlik bilan suhbatda Harbiy prokuratura ogohlantirishiga sabab bo‘ladigan qonunbuzarlik amalini sodir qilmaganini aytadi:

- Men Harbiy prokuratura menga nima sababdan ogohlantiruv yuborganini tushuna olmayapman. O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi mulozimi, podpolkovnik Yunus Masaliyev ham men qaysi qonunni buzganligimni aniq ayta olmadi. Masaliyev: "Siz Harbiy prokuraturadan so‘ramasdan, nizoli vaziyat haqida yozdingiz", degan e‘tirozni bildirdi. Men unga: "Siz menga vaziyat haqida aytib bering" desam, Masaliyev bu borada vakolati yo‘qligini aytdi. Qonunda esa bunday holatda kim axborot berishi belgilanmagan. Shundan kelib chiqib, men Harbiy prokuratura harakatlari asossiz, deb bilaman."Nega?" va "nima uchun?" degan savollarga javob topish uchun menga fursat lozim. Men: "Yoyinlagan ikki kalimalik xolis axborot UzMetronom nashri faoliyatiga nuqta qo‘yish uchun kimlargadir bahona bo‘lmadimikan?" deya o‘ylanayapman¸ - deydi O‘zbekiston ichida faoliyat yuritayotgan sanoqli jurnalistlardan biri, 60 yoshli Sergey Yejkov.


UzMetronom nashri chet eldan turib boshqarilishi mumkin


Ozodlik bilan suhbatda Sergey Yejkov UzMetronom nashrining ehtimoliy kelajagiga ham to‘xtaldi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ sayt boshqaruvi chet elga chiqib ketgan o‘zbekistonlik jurnalistlar qo‘liga topshirilishi mumkin:

- Hali UzMetronom o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Biz taym-aut oldik, xolos. Qachondir O‘zbekistonda o‘qib, chet elga chiqib ketgan yosh jurnalistlar bor. Sayt boshqaruvi ular qo‘liga o‘tish ehtimoli bor. Shu tariqa sayt chet eldan turib boshqariladi. Men esa O‘zbekistonda qolaman. Yugurib borib, siyosiy boshpana olish niyatim yo‘q¸ - deydi Sergey Yejkov.


UzMetronom tarixi


2005 yil Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistonni xalqaro jurnalistlar tark qildi. Xorijiy radio va habar agentliklarining ofislari yopildi.

Mamlakatda axborot bo‘shligi vujudga keldi. 2006 yil tashkil qilingan UzMetronom o‘sha davr ehtiyojining mahsuli sifatida ko‘riladi.

Sayt uzoq vaqt “O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqin” degan tamg‘a bilan yursa-da¸ chet el matbuoti eng ko‘p iqtibos keltiradigan O‘zbekiston ichidagi nashr bo‘ldi.

Saytga asos solgan Sergey Yejkov bundan oldin "Pravda Vostoka" gazetasida faoliyat olib borgan.

Sergey Yejkov 2000 yilda "Ochiq jamiyat instituti"ning erkin matbuot bo‘yicha mukofotiga sazovor bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG