Линклар

“CheKa”. Bu qisqartma ot esingizdami? O‘rischa “Chrezvichaynaya komissiya”, degan iboraning qisqartmasi edi u. 1917 yili sotsialistik inqilob yasab, hokimiyatni egallab olgan bolsheviklar tuzgan jazolash organi edi CheKa. “Chekist” so‘zi shundan.

“Kontrrevolyutsiya va sabotajga qarshi kurashuvchi Favqulodda komissiya” xodimi - chekistning qo‘lida guvohnoma bo‘lar, u “mandat”, deb atalardi. Mandatli kishining tili ham uzun, qo‘li ham uzun bo‘lgich edi.

Yaqinda Ozodlikka O‘zbekistondan yetib kelgan bir guvohnoma, aniqrog‘i, uning surati ana o‘sha chekist mandatiga o‘xshash hujjatdir.

Muxbirimiz uni avvaliga qalbakidir, deb o‘ylab, e‘tibor bermadiyu bo‘sh vaqtida surishtirib ko‘rdi. Qalbaki emas ekan-e!

Saytimiz mehmoni bo‘lsangiz, demak, guvohnomani ko‘rib turibsiz. Lekin radiotinglovchiga uni tasvirlab berish zarurati bor.


Hujjat


Tasavvur qiling: Foniga O‘zbekiston bayrog‘i tasviri tushirilgan hujjatga egasining surati yopishtirilgan. Suratning o‘ng tomonida ism-familiya: “Karimjonov Bahodir Mirziyatovich”. Surat tagida “O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB boshlig‘i”, degan yozuv. Bu yozuv qatorida o‘sha boshliqning familiyasi: “A.A.Inoyatov”.

Hujjatga chekilgan imzo, o‘z-o‘zidan tushuniladiki, janob Inoyatovnikidir. Imzosi ustidan Inoyatov boshqaruvidagi idora muhri bosilgan.

Qiziqishimizni uyg‘otgan gap hujjatni olguvchi bilan hujjatni berguvchilar ismlari o‘rtasida, O‘zbekiston bayrog‘ining oq hoshiyasi uzra qizil siyoh bilan bitilgan mana bu gapdir: “Yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ibot etishda yordam ko‘rsatilsin”.

Hujjat – guvohnomada bundan boshqa gap yo‘q. Har holda, guvohnomaning Ozodlikka yetib kelgan nusxasida.


Supermen?


“Yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ibot etishda yordam ko‘rsatilsin”. Janob Inoyatovning imzosiyu muhri bilan pishiqlanib, guvohnomada qayd etilgan bu farmoyishdan Karimjonov Bahodir Mirziyatovich shu qadar muhim shaxs, yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibotini o‘zining oliy maqsadi, hayoti mazmuni qilib olgan va bu ish uchun butun umrini tikib qo‘ygan supermen ekanmi, deb o‘ylay boshlaysiz.

Bir vaqtlar chekistlar inqilob dushmanlari bo‘lgan yot unsurlarni paqqa-paqqa otib tashlagan, bunga ularning cho‘ntaklaridagi mandat ruxsat berar edi.
Karimjonov Bahodir esa, bu mandati bilan yo‘l qoidasini buzgan kampirsholarni paqqa-paqqa otib tashlamasa keragu lekin ularni to‘xtatib olib, ularga yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilsa kerak, deb o‘yladik.

Bahodir Karimjonov va Gulnora Karimova tadbirda.

Bahodir Karimjonov va Gulnora Karimova tadbirda.

Faraz qiling: mashinasida ketayotgan Karimjonovni olakaltakli xodim to‘xtatdi. Karimjonov cho‘ntagidan mandatini chiqardi. Olakaltakli xodim qo‘lini chakkasiga oborib g‘oz turdi. “Bizdan qanday yordam kerak, janob targ‘ibotchi?”

Hayotini targ‘ibot ishiga tikib qo‘ygan birgina shu yigit bo‘lmasa kerak? Inoyatov bergan mandatlar boshqa yana o‘nlab, yuzlab va balki minglab jonbozlar kissasida yurgandir?!

Nima uchun ular haqida shu paytgacha eshitgan emasmiz? Nima uchun millatning bu qahramonlarini millat tanimaydi?

Yaxshi emas, dedikda, bu kamchilikni bartaraf etmoqchi bo‘ldik.

Ishni viloyatlardan boshladik. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari zobitlari bilan gaplashdik.


Buxoro


Buxorolik zobit ismi aytilmasligini shart qilib qo‘ygach, savollarimizga javob berdi.

Ozodlik: “Yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ibot etishda yordam ko‘rsatilsin” deb yozib qo‘yibdi qip-qizil qilib guvohnomaning ichiga. U nima degani? Kimlarga beriladi bunaqa guvohnoma?

Zobit: Kimning qo‘lida bor u?

Ozodlik: Bir toshkentlik yigitning qo‘lida. Karimjonov deganning.

Zobit: “Yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ibot qilishda yordamlashilsin” degani u targ‘ibot-tashviqot ishlarini, misol gazeta-pazetaga maqola-paqola murojaat qilib yordamlashinglar deganida bu.

Ozodlik: Masalan¸ menda shunaqa guvohnoma bo‘lsa, GAIshnik to‘xtatsa, nima qiladi? Menga nima yordam ko‘rsatadi va umuman nima uchun beriladi u?

Zobit: Nima uchun berilishini bilmayman. Men bilishimcha, targ‘ibot degani siz misol keldingiz, siz jurnalist. Sizga biror material kerak yoki o‘sha materialingizga ma‘lumot kerak. Ana shunga yordam berilsin degani u. Targ‘ibot ishlari shu. Siz mana shunaqa yo‘l bilan targ‘ibot qilishingiz mumkin. Plakat ko‘tarib ko‘chaga chiqishingiz yo mashinangizga reklama qilish mumkin emasku sizga.

Ozodlik: Buxoroda ham shunaqa guvohnoma beriladimi?

Zobit: Men Buxoroda ko‘rmaganman biror kishida bunday guvohnoma.

Ozodlik: Sizlar qanaqa guvohnoma berishinglar mumkin oddiy odamlarga?

Zobit: Bizda berilmaydi hech qanaqasi.

Ozodlik: Siz ko‘rgan emassiz bunaqa guvohnoma.

Zobit: Yo‘q.

Ozodlik: U faqat Toshkentdamikan?

Zobit: Ha.

Demak, Buxoroda bugun o‘rganayotganimiz guvohnomaga o‘xshash hujjatli haydovchilar uchramaydi.

Jizzax


Xuddi shunga o‘xshash gapni yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining jizzaxlik zobitidan ham eshitdik. U ham savollarimizga ismini aytmasligimiz sharti bilan javob berdi.

Zobit: Bilmadim nima bu. Bunaqa guvohnomani hozir sizdan eshitayapman men ham.

Ozodlik: O‘zi qanaqa guvohnomalar qo‘linglarga tushib turadi shunga o‘xshagan tushunarsiz?

Zobit: Biz, tushunarsiz nima hech ko‘rmadim. Bizning o‘zimizning Ichki ishlar vazirligining Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi guvohnomamiz bor. MVDniki bo‘lsa, ustida “Ichki ishlar vazirligini guvohnomasi” deb yoziladi.

Ozodlik: U o‘zinglarni xodiminglarga beriladigan. Ichki ishlar vazirligini tizimida ishlamaydigan, militsiya emas, GAIshnik emas, oddiy fuqaroning qo‘lida Ichki ishlar vazirligini tizimining idoralari, masalan sizning boshqarmangiz, bo‘limingiz beradigan guvohnomalar qanaqa guvohnomalar? Masalan men oddiy jurnalistman. Sizlarga borib “Bir guvohnoma berib qo‘yinglar” desam, qanaqa guvohnoma berasizlar?

Zobit: Qo‘lidan kelmaydiyu hech kimning bu yerda guvohnoma berish sizga. Uni qila olmaydi hech kim. Haqqi yo‘qku unday guvohnoma berishga.

Ozodlik: Sovet davrida obshestvenniy inspektor deb qo‘yardiku.

Zobit: Posbonlarmi?

Ozodlik: Ha.

Zobit: Posbonlarniki oddiy guvohnoma. Militsiyanikiga o‘xshagan daftarchalik ochilib yopiladigan.

Ozodlik: Posbondan boshqa hech kimga guvohnoma berilmaydi-a?

Zobit: Yo‘q, berilmaydi. Bizda unaqa narsasini eshitganim yo‘q. Respublika GAIdan shunaqa narsa chiqarib berib qo‘yishmagan bo‘lsa. Lekin men yo‘lda hech uchratmadim bunaqa narsani. Sizdan eshitayapman hozir.

Ozodlik: Yo‘lda krutoy Malibu minadiganlar bo‘ladi. O‘shalar qanaqa guvohnoma ko‘rsatadi odatda GAIshnikni qo‘rqitish uchun?

Zobit: Endi guvohnoma ko‘rsatganini ko‘rganim yo‘q. Endi bitta-yarimtaga telefon qilib gaplashtiradi u.

Ozodlik: A tak guvohnoma ko‘rsatmaydi-a?

Zobit: Yo‘q, hech ko‘rmaganman.


Shubha


Qarang, Jizzaxda ham ko‘rmabdilar bugun o‘rganayotganimiz guvohnomaga o‘xshash hujjati bor haydovchini.

Yaxshi-ku, a? Demak, tartib bor ekan! Bas, shunday ekan, balki surati Ozodlikka yetib kelgan guvohnoma qalbakidir? Fotomontajdir?

Mavzuni o‘rganar ekanmiz, bu shubha kuchaygandan kuchayaverdi.

Masalan, toshkentlik taniqli advokat Ruhiddin Komilov bilan o‘tkazganimiz suhbatdan keyin.

Ruhiddin Komilov: Odatda guvohnoma o‘sha shaxsning shu yerda ishlashini tasdiqlovchi hujjatda. Targ‘ibot qilish vakolati berilsin degan narsaning yozilishi mantiqsizlikda.

Ozodlik: Shu mantiqsizlik sabab o‘rganayotgan edikda buni.

Ruhiddin Komilov: Qonunga ham to‘g‘ri kelmaydi, mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Nimagaki guvohnoma nomer o‘ninchi misol uchun Eshmatov Toshmatga berilgan. Shu jamiyatning a‘zosi, prokuratura xodimi yoki ichki ishlar xodimi. Guvohnoma ishxonaga tegishli yoki tegishli emasligini belgilovchi mandat, alohida beriladigan narsa. Mandat yoki vakolatnoma berildi falonchi pistonchiga deb alohida beriladi u. Guvohnoma shaklida berilmaydi lekin.

Ozodlik: E‘tibor bergan bo‘lsangiz, SSSR tarqalgandan keyin ayniqsa Rossiyada turli xil guvohnomalarni sotish ko‘payib ketgan. Qalbaki guvohnomalar. Moskvaning Arbatida kartoshka sotganday sotadida. Hozir ham shunaqa bo‘lsa kerak. O‘zbekistonda, xususan Toshkentda shunga o‘xshagan guvohnoma bozori bormi?

Ruhiddin Komilov: Bor-yo‘qligini bilmadimu, lekin hozirgi yoshlarchi Arbatdan ham o‘tkazib yuborayapti gapning ochig‘i. Bugun ham biri keldida “Menga guvohnoma kerak GAIga ko‘rsatish uchun. Nima qilsam ekan?” deydi. Shunga o‘xshash hozir yoshlar, tuprog‘i yengilroq ba‘zi birlarining. Bundan ham battar qilishi mumkin. Arbatdan ham o‘tkazib yuborishi mumkin. Muhr yasash mumkin. Istalgan muhrni yasash mumkin. Hatto prezident devonining ham muhrini yasash mumkin kompyuterda hozir. Ilgari mumkin emas edi. Hozir mumkin. Hatto muhrni o‘sha shaklga tushirish ham mumkinda.

Ozodlik: Biz aytayotgan guvohnoma ham shunaqa qalbaki bo‘lishi mumkin. Lekin idora ham bergan bo‘lishi mumkin. Qaysi birining ehtimoli kuchliroq? Idora berganlik ehtimoli kuchliroqmi yoki qalbakilik ehtimolimi?

Ruhiddin Komilov: Endi men o‘sha guvohnomani ko‘rmadim.

Ozodlik: Amali, vazifasi yozilmagan. Faqat ism-familiyasi yozilgan.

Ruhiddin Komilov: Misol uchun jamoatchi inspektor deyish mumkin, jamoatchi xodim deyish mumkin.

Ozodlik: Unaqa ham demagan.

Ruhiddin Komilov: Unda bilmadim. Men bu guvohnomaga ta‘rif bera olmayman. Tilim lol gapning ochig‘i. Bir narsa deya olmayman gapning ochig‘i.

Toshkentlik advokat Ruhiddin Komilov edi.

O‘rganayotganimiz guvohnoma chin yoki qalbaki hujjat ekanligiga oid ishonsa bo‘ladigan (e‘tibor bering: ishonsa bo‘ladigan, deyapmiz) gapni topganmiz va uni birozdan so‘ng eshitasiz.

Ogohlantiruv


Lekin shu guvohnoma bahona tinglaganingiz advokat bilan suhbatda hamda endi tinglaydiganingiz yana bir suhbatda tilga olingan bir hodisa – texnika rivojlanib ketishi tufayli keyingi paytlarda soxta hujjatlar ko‘payib ketganiga e‘tiboringizni qaratmoqchimiz.

Soxta hujjatdan ehtiyot bo‘ling, demoqchimiz.

Qalbakilik


Navbatdagi suhbatdoshimiz inson huquqlari himoyachisi Sur‘at Ikromovning aytganlarini eshiting.

Sur‘at Ikromov: Qalbaki ham bo‘lishi mumkin u narsalar. Juda qalbaki hujjatlar ko‘payib ketgan hozir O‘zbekistonda. Qalbaki muhr, mana hozir ko‘p narsalar nima qilinayapti. Shu uy-joyni bir-biridan olib qo‘yish, boshqa, hammasi ko‘tarilgandan keyin ma‘lum bo‘layapti masalan notarius “bu bizning muhr emas” deydi. Ekspertizalar tekshirayapti. Bitta ekspertiza bularning pechati deydi, boshqa ekspertiza chiqayapti bularnikimas deb. Mana shunaqa mojarolar juda ko‘p O‘zbekistonda hozir. Tovlamachilik juda rivojlanib ketgan bu masalada. Shuning uchun aniq deyish juda qiyin. Buni ekspertizaga qo‘yish kerak bir. Qo‘lni, muhrni shaxsan o‘sha odam qo‘yganmi, boshqasi qo‘yganmi. Nimagaki ko‘p idoralarda hozir bunday bo‘layapti. Birinchi rahbari hech qayerga qo‘l qo‘ymayapti yoki muhrini qo‘ymaydi. Birinchi muovini qo‘yadi yoki u birinchi muovin ham keyingi muovinga yuboradi. Nimagaki ko‘pi mas‘uliyatdan o‘zini olib qochayapti mana shu narsalar keyin ko‘tarilib qolmasin deb. Shuning uchun shunaqa juda nima narsalarni o‘ylagan. Mana biz berib yuborayotgan hukmlarni ko‘rsangiz, deyarli hech qayerda Bosh prokurorning yoki viloyat prokurorining qo‘li yo‘q. Hamma joyda birinchi muovinning yoki oddiy muovinning qo‘li. Boshqalar qo‘l qo‘ymaydi eng yuqorida o‘tirgan. Nimagaki keyin ochilishi ma‘lum. Shuning uchun mas‘uliyatdan qochish maqsadida imenno mana shunaqa qilishadi.

Ozodlik: Bu guvohnomaning egasi hozir O‘zbekistondan tashqarida. Biznesidan deyarli quruq qolgan yigit. Lekin Toshkentda ishlab yurgan paytda qo‘li uzun yugit edi. Shuning uchun bu guvohnoma qalbaki bo‘lish ehtimoli ko‘proqmi yoki qo‘li uzun badavlat yigit bo‘lgani uchun yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i korruptsiya elementi sifatida chindan ham bergan bo‘lishi mumkinmi? Qaysi ehtimol kuchliroq?

Sur‘at Ikromov: Korruptsiya alomatlari ko‘rinayapti agar shunaqa bo‘lsa.


Manba


O‘rganayotganimiz guvohnomada uni bergan tashkilot “O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB” (Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi) ekanligi qayd etilgan.

Shuning uchun tilga olingan boshqarma bilan bog‘landik.

Telefon go‘shagini ko‘targan va o‘zini tanishtirmagan xodimga maqsadimizni tushuntirdik.

Uzunroq savolimizning oxiri va xodimdan eshitganimiz javob mana bunday bo‘ldi:

Ozodlik: Shunaqa guvohnoma beriladimi sizlarning boshqarma tomonidan? A.A.Inoyatov imzo chekkan.

Xodim: Bu nechanchi yilda berilayapti? 2010 yilmi?

Ozodlik: Sal eskiroq ekanu lekin baribir qiziqda. Yana bir marta aytaman “yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ibot etishda yordam ko‘rsatilsin” degan.

Xodim: Hozir bir sekund.


Ta‘kid


Xodim telefonga qaytib kelgunicha, e‘tiboringizni hozirgina eshitganingiz javobga qaratmoqchiman: xodim savolimizga javoban “Bunday guvohnoma bo‘lishi mumkin emas”, demadi. Aksincha, “Bu nechanchi yili berilayapti, 2010 yilgacha bo‘lsa kerak, srogi o‘tib ketganku uni”, dedi.

Xodim so‘ragan bir sekund qariyb bir minutdan ortiqroqqa cho‘zildi. Biz kutaverdik. Xodim go‘shakni yana ko‘tardi-da, bunday dedi:

Xodim: Aka, bizlarga olib kelib bering. Uni ko‘rmasdan ayta olmayman. Agar nima bo‘lsa, bizlarga jo‘natib yuboring birortasidan. Bizlar akt qilib olib qolamiz.

Ozodlik: Shunaqa guvohnoma beriladimi o‘zi?

Xodim: Bizlar ko‘raylik u narsani. Men qayerdan bilaman u falshivkadir. Hech narsa deya olmayman sizga, dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.


Aniqlik


Masalaga biroz oydinlik kirganday bo‘ldi.

Xulosamiz anchayin aniq bo‘lishi uchun o‘rganayotganimiz guvohnomaga o‘xshash hujjatlarni poytaxt ko‘chalarida ko‘rish ehtimoli katta bo‘lgan yo‘l harakati inspektorlari bilan gaplashishimiz shart edi.

Bu ishni uddalab berishni Toshkentda yashovchi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovdan iltimos qildik.

U kishi bir necha inspektor bilan gaplashgach, mana bu ma‘lumotni bizga aytib berdi:

Abdurahmon Tashanov: 2011 yilgacha bo‘lgan davrda Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan hech qanaqa huquqiy asosga ega bo‘lmagan tarzda ayrim haydovchilarga "Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibotchisi" degan guvohnomalar berilgan. Bu guvohnomalar orqali haydovchilar qoida buzgan hollarda, boshqada “men GAI xodimlariga tegishliman” deb yo‘l harakati xavfsizligi xodimlaridan qutulib ketishgan. Bunday narsa ko‘p bo‘lib tarqalib ketgandan keyin 2011 yilning noyabr oyida respublika Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan mutlaqo bekor qilingan. Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Inoyatov tomonidan so‘nggi marta berilgan. Inoyatovning o‘zi hozir pensiyada ekanligini aytdi. GAI xodimlarining aytishi bo‘yicha¸ Inoyatovga nisbatan o‘z vaqtida qanaqadir jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Lekin bu jinoyat ishi keyinchalik yopilib, uning militsiyada ko‘rsatgan xizmatlari, polkovnik darajasiga erishganligi inobatga olinib, pensiyaga kuzatilgan. Hozirda Irisbekov Sobir aka degan odam Toshkent shahar IIBBning Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga rahbarlik qilayapti.

Ozodlik: Demak siz uni GAI xodimi bilan gaplashib bildingiz.

Abdurahmon Tashanov: Albatta.

Ozodlik: Shunday guvohnomalar majvud bo‘lgan.

Abdurahmon Tashanov: Shunaqa bo‘lgan. Asosan boyvachchalar, taniqli odamlar shunaqa guvohnomani olib, oddiy GAI inspektorlariga bo‘ysunmasdan GAI boshliqlarining imzolarini ko‘rsatib, biz shunga tegishlimiz, targ‘ibotchisimiz deb suiiste‘mol qilish holatlari ko‘p bo‘lgan. GAI xodimi “Shunaqa guvohnomasi bor odamlar bizlarni yuqoriga tegishlimiz, GAIga tegishlimiz deb mensimay qo‘ygan edi. Qoida buzish hollari bo‘lgan edi. Shunaqa narsalar ko‘payib ketganligi uchun 2011 yilning oxirida bekor qilib tashlandi” deb aytdi.


Abdurahmon Tashanov masalani Toshkentda turib o‘rganayotgan paytda biz poytaxt Yo‘l harakati xavfsizlik xizmatining sobiq inspektori Sherzod bilan gaplashdik.

Ozodlik: Shunaqa guvohnoma ko‘rganmisiz?

Inspektor Sherzod: Ko‘rganman. Ancha yil bo‘lib ketdida uni ko‘rganimga. Oldin berilgan shunaqa odamlarga tanish-bilishga. "Amaliy yordam berilsin"¸ degan guvohnoma bo‘lardi oldin.

Ozodlik: Siz to‘xtatsangiz, haydovchi shunaqa guvohnoma ko‘rsatsa, siz nima qilardingiz?

Inspektor Sherzod: Kattalarning qo‘li bo‘ladi amaliy yordam ko‘rsatilsin. Har kimga berilmaydi u.

Ozodlik: Siz GAI xodimi sifatida shunaqa guvohnoma qo‘lingizga tushib qolsa, sizning vazifangiz nima edi?

Inspektor Sherzod: Endi u bekor berilmaydiku. Shu amaliy yordam ko‘rsatardikda.

Ozodlik: Amaliy yordam nimadan iborat bo‘lardi? Shunga qiziqayapmanda.

Inspektor Sherzod: Amaliy yordam avf etiladida narusheniye qilgan bo‘lsa. Qoidabuzarlik qilgan bo‘lsa, kechiriladi.

Mana shunaqa gaplar.

Bugun o‘rganganimiz guvohnomani eshittirishimiz boshida chekistlarning mandatiga o‘xshatgan edik.

Indulьgentsiya

Sobiq inspektorning gaplaridan keyin bu hujjat chekistning mandatidan ko‘ra, Uyg‘onish davrida Katolik cherkovi tomonidan berish urf bo‘lgan indulgentsiyaga o‘xshab ketishi aniq bo‘ldi. Indulgentsiya uni olgan kishining gunohlaridan kechilgani to‘g‘risidagi hujjat edi. Indulgentsiya, tarixchilarning aytishicha, cherkovga yoki uning vakiliga to‘langan pul evaziga berilar edi.

Boyaroq, Abdurahmon Tashanov va undan keyin sobiq inspektor zamonaviy indulьgentsiyaning bundan 2 – 3 yil muqaddam mavjud bo‘lganini aytdi.
Biroq, Toshkentdagi yana bir hamkorimiz Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining mas‘ul lavozimli xodimi bilan xos suhbat chog‘ida Bahodir Karimjonovnikiga o‘xshash guvohnomalar shu kunda ham mavjud ekanligini aniqlaganini xabar qildi. Ularni oluvchilar “drujinniklar”, deb atalarmish.

Xullas, Ko‘cha Egasiz qolgani yo‘q.


Indulgentsiya egasi


Ha, aytgancha, bir paytlar A. A. Inoyatov bergan indulьgentsiyadan foydalanib yurgan Bahodir Karimjonov haqida ikki og‘iz eslatma.

Bahodir Karimjonov O‘zbekistonda eng yirik tadbirkorlardan biri hisoblangan va biznesini shakar savdosidan boshlagani uchun “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan.

U Coca-Cola mahsulotlari distributsiyasini nazorat qilish bilan birgalikda poytaxtdagi yirik supermarketlar tarmog‘i, xususiy tibbiyot, xususiy ta‘lim sohalaridagi biznes faoliyati bilan ham shug‘ullangan.

Joriy yil apreli boshida Bahodir Karimjonovga tegishli Toshkentning “Bo‘ston” mahallasida joylashgan hashamatli uyni “qora niqoblilar” bosgan va tadbirkorning uyidagi mol-mulki xatlanib, ota-onasi boshqa joyga ko‘chirilgan edi.

Bahodir Karimjonovga nisbatan Jinoyat Kodeksining “Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash”, “Mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish” kabi jami 7 ta moddasi bo‘yicha jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Karimjonovni sirtdan qamoqqa olish to‘g‘risida ajrim chiqargan va tadbirkorga nisbatan qidiruv e‘lon qilingan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, asl egasi Gulnora Karimova bo‘lgan shirkatlarga menejerlik qilib kelgan Bahodir Karimjonov joriy yil boshlarida Dubayga qochgan.
XS
SM
MD
LG